Olis tumanda Vazirlik qabuli o‘tkazildi
Jizzax viloyatining Forish tumanida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining navbatdagi sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi. Ochiq muloqot ruhida kechgan uchrashuvda soha xodimlari hamda fuqarolarning murojaatlari tinglanib, ularda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Sayyor qabulning ahamiyati shundaki, unda murojaatlar shunchaki qayd etilib qolmasdan, har bir masalaga uning mohiyatidan kelib chiqqan holda yondashildi. Ayrim murojaatlar joyida va qisqa muddatlarda ijobiy hal etilgan bo‘lsa, muayyan masalalar bo‘yicha soha mutaxassislari tomonidan tegishli huquqiy va me’yoriy tushuntirishlar berildi. Qo‘shimcha o‘rganish va muayyan vaqt talab etadigan murojaatlar esa mas’ullarga biriktirilib, alohida nazoratga olindi.


Bunday muloqotlar aholi bilan ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash, mavjud muammolarni joyida o‘rganish hamda ularning amaliy yechimini topishda muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, murojaat ortida insonning manfaati, uning farzandi ta’limi, mehnati yoki kelajakka doir umidi turganini his etish mas’uliyatni yanada oshiradi.
Sayyor qabul doirasida yana bir ezgu tashabbusga ham e’tibor qaratildi. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan voqeada mardligi va jasorati bilan ko‘pchilikning e’tirofiga sazovor bo‘lgan Forish tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchisi Shahzod O‘tkirov alohida taqdirlandi. U o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsada, kichik sinf o‘quvchisi hayotini saqlab qolgan edi. Shahzodning ibratli harakati yosh avlod o‘rtasida jasorat, hushyorlik va bir-biriga befarq bo‘lmaslik kabi fazilatlarning nechog‘lik muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.


Shahzod O‘tkirovga Vazirlik tomonidan tashakkurnoma hamda zamonaviy noutbuk topshirildi. Bu e’tirof nafaqat bir o‘quvchining munosib harakatiga berilgan baho, balki yoshlarni ezgu ishlarga ruhlantirishga qaratilgan e’tiborning ham amaliy ifodasi bo‘ldi.
Shu bilan birga, yosh avlodning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Forish tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabi kutubxonasi fondi uchun boy kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi. Zero, ma’naviyat va bilimga oshno etilgan avlodgina jamiyat taraqqiyotining ishonchli tayanchi bo‘la oladi.


Forishdagi sayyor qabul misolida murojaatni eshitish bilan birga, uning yechimiga mas’uliyat bilan yondashish, ibratli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ta’lim muassasalarining ma’naviy-ma’rifiy imkoniyatlarini kengaytirish kabi vazifalar o‘zaro uyg‘un ekanini ko‘rish mumkin. Bu yo‘nalishdagi tizimli ishlar esa izchil davom etmoqda.

Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri