
Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi Tupchoq mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 200 o‘ringa mo‘ljallangan “Gavharshodbegim kichkintoy bojxonachilar” nomli yangi maktabgacha ta’lim muassasasi qurilib, foydalanishga topshirildi.
“Voxa mash’ali” MCHJ tomonidan qurilgan mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotida bolajonlar uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Bog‘cha 7 ta xonadan iborat bo‘lib, shundan 6 tasida 30 nafardan, 1 tasida 20 nafar 3-7 yoshdagi bolalar tarbiyalanadi.
U yerda kichkintoylar xuddi shahardagidek ingliz, rus tillarini, musiqa va rasm chizishni o‘rganishadi. Bolajonlarga zamonaviy usullarda ta’lim berish uchun barcha xonalarga 50 dyumli televizorlar o‘rnatilgan. Muassasa oshxonasida bir vaqtning o‘zida 100 nafar bolalarni ovqatlantirish imkoniyati mavjud. Shuningdek, muassasada o‘g‘il va qiz bolalar uchun aloxida-alohida barcha zarur jihozlar bilan ta’minlangan yuvinish xonalari mavjud.
Mazkur ta’lim maskani ish boshlashi natijasida 25 kishi ishli bo‘ldi.
Ochilish marosimida ishtirok etgan viloyat hokimi Murotjon Azimov muassasaga maxsus avtomashina kalitini ham topshirdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA.