Olis konchilar maskanida bayram shodiyonasi
Navoiy viloyati Uchquduq shahri markazidagi “Lochin” o‘yingohida mustaqilligimizning o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Bayramona bezatilgan maydonda yig‘ilganlarni Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori, O‘zbekiston Qahramoni Q.Sanaqulov eng ulug‘, eng aziz bayram bilan tabrikladi.

Darhaqiqat, bugun mustaqillik tufayli barcha sohalarda muvaffaqiyatlarga erishilmoqda, aholi manzillari kundan-kunga obod bo‘lib bormoqda. Bunday o‘zgarishlarni konchilar maskani bo‘lgan Uchquduq shahri va Shimoliy kon boshqarmasi jamoasi hayotida ham yaqqol ko‘rish mumkin. So‘nggi besh yilda chekka va olis hudud qiyofasi tubdan o‘zgardi.

Kombinat tomonidan 3-gidrometallurgiya zavodida zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi ishlab chiqarish majmuasi, Uchquduq shahrida “Oltinko‘l” dam olish maskani, musiqali favvora, “Kelajak” yoshlar markazi, ishchi-xizmatchilar uchun yotoqxonalar barpo etilgani, “Konchi” sihatgohi rekonstruksiya qilinib, eng zamonaviy tibbiyot uchun kerak bo‘ladigan sharoitlarning yaratilganligi nafaqat konchilar, balki uchquduqliklarga munosib tuhfa bo‘ldi.

Qizilqumning og‘ir iqlim sharoitida kunni kun, tunni tun demay, butun mas’uliyatni zimmasiga olib, fidoyilik namunasini ko‘rsatayotgan, mamlakat iqtisodiyotga o‘zinig hissasini qo‘shayotgan minglab uchquduqliklarning mehnatini haqiqiy qahramonlik, desa bo‘ladi. Shunga yarasha sharafli kasb egalari mehnati ham qadr topmoqda. Yutuqlari munosib e’tirof etilmoqda.
Bayram tantanasida bir guruh soha ilg‘orlari tantanali taqdirlandi.
San’atkorlar va badiiy jamoalarning chiqishlari, o‘yin-kulgular jozibasi, ayniqsa, kabutarlarning osmonga uchirilishi va mushakbozlik tadbir ishtirokchilariga o‘zgacha zavq ulashdi.
NKMK matbuot markazi