Olimpiadada kuchsiz sportchi bo‘lmaydi
Ertaga Tokio shahrida (Yaponiya) XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Bir yil kechikib, ming bir mashaqqatu muhokamalardan so‘ng o‘tkazilishiga start berilayotgan nufuzli musobaqada qatnashadigan O‘zbekiston sport delegatsiyasi shu kunlarda asosiy bahslarga kirishishga shay bo‘lib turibdi.
Kecha O‘zbekiston og‘ir atletika terma jamoasi Ukrainadagi olimpiya o‘yinlari uchun o‘tkazilgan so‘nggi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini yakunlab, bugun Tokioga yetib bordi.
O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisi o‘rinbosari Shaxrulla Mahmudov bilan safar oldidan Tokio-2020 musobaqalari, sportchilarning olimpiya o‘yinlaridagi imkoniyatlari va og‘ir atletika sportiga doir qator masalalar xususida suhbatlashdik.
- Og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarining so‘nggi mashg‘uloti Ukrainada o‘tkazilishiga nima sabab bo‘ldi?
- Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikning hozirgi mashg‘uloti aynan Ukrainada o‘tkazilishiga bir qator ob’ektiv va sub’ektiv sabablar bor, albatta. Ukraina ob-havosi, birinchi navbatda, sportchilarning ruhiy va jismoniy quvvat olishi uchun juda qulay, ikkinchidan, bu yurt O‘zbekiston ham, Yaponiya ham emas. Bu, umuman boshqa iqlim va boshqa shart-sharoitlarga ega maskan.
Terma jamoa murabbiylari va mutaxassislar maslahati bilan amalga oshirilayotgan ishlar, o‘ylamanki, Tokio sport maydonlarida atletlarimizga har tomonlama ko‘mak beradi.
- Ukraina iqlimida mashg‘ulot o‘tkazgan sportchilarni Yaponiya ob-havosiga moslashtirish qanday bo‘ladi?
- Boya aytganimdek, bu reja asosida amalga oshirilgan mashg‘ulot. Keyin biz Yaponiya tabiatiga moslashish uchun kunchiqar yurtga yaqin biror mamlakatda mashg‘ulot o‘tkazishimiz ham mumkin edi. Ammo sportchilarni Tokio ob-havosiga moslashtirishdan ko‘ra, ularni doimiy tarzda turli iqlim sharoitlariga moslashtirish orqali ko‘zlangan maqsadga erishishni niyat qilganmiz.
- Og‘ir atletika bahslari olimpiya o‘yinlari dasturiga binoan 24 iyuldan boshlanadi. O‘zbekiston sportchilari qaysi kunlari Tokio og‘ir atletika supasiga chiqishni boshlaydi?
- Haqiqatan, Tokio-2020da og‘ir atletikaning ilk bahslari 24 iyuldan boshlanadi. Birinchi kungi dasturga ko‘ra, olimpiya musobaqasini 49 kilogrammdagi ayollar bahsi boshlab beradi. Ushbu vaznda terma jamoamizdan hech kim qatnashmaydi. Vakillarimiz asosiy kurashga 25 iyuldan kirishadi. O‘sha kuni olimpiada supasiga 67 kilogramm vazn toifasida Adhamjon Ergashev ko‘tariladi. Undan keyin 26 iyul kuni ayollar o‘rtasidagi 55 kilogramm vazn toifasida Muattar Nabiyeva, 1 avgustdan Kumushxon Fayzullayeva 76 kilogramm vaznda va nihoyat 3 avgust kuni 109 kilogramm og‘irlikdagi sportchilar musobaqasida jahon chempioni Akbar Jo‘rayev Vatanimiz sharafini himoya qilish uchun olimpiya maydonida bahslarga kirishadi.
- Musobaqa oldidan sportchilarimizning kayfiyati qanday?
- Har qanday natijaga eng avvalo, kayfiyat orqali erishiladi. Shu o‘rinda bir haqiqatni aytmasam bo‘lmas. O‘zbekiston sportchilariga, xususan og‘ir atletikachilarga olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish, Tokio-2020 yo‘llanmalarini qo‘lga kiritish uchun davlatimiz tomonidan barcha qulayliklar yaratib berildi. O‘quv-mashg‘ulotidan tortib xalqaro musobaqalarda ishtirok etishgacha, sportchining mashg‘ulot o‘tkazishidan uning oilaviy sharoitini yaxshilashgacha, qo‘yingki, ipidan ignasigacha bo‘lgan masalalar o‘z yechimini topdi. Shuning uchun ham bu galgi olimpiya o‘yinlarida yurtimiz sportchilarining qo‘lga kiritgan yo‘llanmalar soni ham, sport turlari qamrovi ham kengaydi. Bunday sharoitda sportchilarning kayfiyati qanday bo‘lishi mumkin?! Albatta, a’lo bo‘ladi-da. To‘g‘ri, har bir insonning, qolaversa sportchining ham o‘ziga xos ruhiy kechinmalari, ichki hayajoni yoki ko‘nikma hosil qilish madaniyati bo‘ladi. Bu borada shifokorlarimiz, murabbiylar, mutaxassislar keng miqyosli ish olib bordi va olib bormoqda.
- bugungi kunda Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasidagi qator muammolar sabab Xalqaro olimpiya qo‘mitasi og‘ir atletika sport turi kuchli bo‘lgan bir qator davlatlarning jamoalariga qat’iy choralar ko‘rdi. Ular cheklangan tarkibda Tokio-2020da qatnashadi. Yana bir qator davlatlarning og‘ir atletikachilari olimpiya o‘yinlaridan umuman chetlatildi. Bu O‘zbekiston sportchilarining medallar uchun kurashiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
- Biror davlat sportchilarining musobaqalardan chetlatilishi yoki tarkibning qisqarishi medallar uchun imkoniyatlarning oshishiga olib keladi, deb o‘ylaydigan sportchi, murabbiy yoki mutaxassis qattiq adashadi. Katta sportda, ayniqsa olimpiya o‘yinlarida kuchsiz jamoa yoki sportchi bo‘lmaydi. Bu yerga hamma yutaman, deb kelgan. Shu boisdan, qaysidir jamoalarning chetlatilishi yoki tarkibi qisqarishi medallar uchun imkoniyatni oshirmaydi, aksincha raqobatni yanada kuchaytiradi. Har bir sportchimizning kuchli va kuchsiz tomonlarini, raqiblarimizning harakat texnikasi va taktikasidan kelib chiqib, har bir bahsga alohida yondashishni rejalashtirganmiz.
- Og‘ir atletikachilarimizning asosiy raqiblari kimlar bo‘ladi, deb o‘ylaysiz?
- Olimpiadada, umuman musobaqada har bir sportchini asosiy raqib sifatida ko‘rish lozim. Lekin kimlar kuchli ekanligi xususida shuni aytishim mumkinki, masalan, 55 kilogramm vaznda Amerika qit’asining bir qator davlatlari, shuningdek, qozog‘istonlik, fillipinlik, xitoylik qizlarning imkoniyati ancha yaxshi bo‘lsa, Kumushxon Fayzullayeva vaznida Rossiya, Ukraina, Germaniya, Ekvador, AQSH, Meksika kabi qator davlatlarning kuchli og‘ir atletikachilari bor.
Yigitlarimiz vaznida esa Xitoy, Rossiya, Kolumbiya, Bolgariya kabi qator davlatlarning sportchilari yuqori texnikaga ega bo‘lgan atletlar hisoblanadi. Lekin bu sport. Unda kutilgan va kutilmagan natijalar bo‘lishi shubhasiz. Birgina Ruslan Nuriddinovning jahon og‘ir atletikasida erishgan natijalariga razm solsangiz, shuning o‘zi kifoya. Nima demoqchiman? Bundan 10 yillar muqaddam O‘zbekiston og‘ir atletikasida shunday sportchilar yetishib chiqadi, deb qaysi mutaxassis o‘ylagandi yoki bashorat qilgandi? Shu ma’noda, Tokio olimpiadasi katta shov-shuvlar, yuksak g‘alabalar maydoni, yetuk chempionlar kashf etiladigan nufuzli sport anjumani bo‘lib tarixdan joy olishi shubhasiz.
To‘lqin RO‘ZIEV suhbatlashdi.