OKMKda mehnat va zafarlar shodiyonasi
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni munosabati bilan keng ko‘lamli bayram tadbirlari tashkil etildi. Unda ko‘p yillik mehnati bilan soha taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan fidoyi ishchi-xodimlar e’tirof etildi.
Bayram munosabati bilan kombinatning barcha tarkibiy bo‘linmalarida tantanali tadbirlar o‘tkazilib, ilg‘or ishchi-xodimlar rag‘batlantirildi. Sohada uzoq yillar samarali mehnat qilgan faxriylarga “Mehnat faxriysi” unvonlari topshirildi. Shuningdek, “Marhamat” tantanalar majmuasida Respublika konchilik va metallurgiya sanoati faxriylari kengashi hamkorligida mehnat faxriylari uchun bayram dasturxoni yozildi.

15-may kuni OKMK sport majmuasida tashkil etilgan gala-konsert bayram tadbirlarining eng yorqin qismiga aylandi. Tadbir avvalida kombinat sportchilari va tarkibiy bo‘linmalarning tantanali yurishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator Abdulla Xursanov keyingi yillarda kombinatda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar va erishilayotgan natijalarga to‘xtaldi.

Qayd etilganidek, joriy yil mart oyida ishga tushirilgan 3-mis boyitish fabrikasida qisqa vaqt ichida 2 million tonna ma’dan qayta ishlanib, 30 ming tonnadan ortiq mis konsentrati ishlab chiqarildi. Shuningdek, ichki imkoniyatlar asosida Kovuldi oltin saralash fabrikasi qurib bitkazildi.
Tadbirda OKMK uchun yana bir muhim voqea — kombinatga “The Copper Mark” va “The Molybdenum Mark” xalqaro sertifikatlari topshirilgani alohida e’tirof etildi. Ta’kidlanganidek, mazkur xalqaro e’tirof OKMK mahsulotlarining jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirish bilan birga, korxonaning mas’uliyatli va barqaror ishlab chiqaruvchi sifatidagi nufuzini mustahkamlaydi. E’tiborlisi, kombinat MDH davlatlari orasida ushbu sertifikatlarni qo‘lga kiritgan birinchi korxonaga aylandi.

Tantanali marosimda bir guruh ishchi-xodimlarga turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishonlari topshirildi. Shuningdek, energiya samaradorligi bo‘yicha tanlov g‘oliblari hamda 3-mis boyitish fabrikasi qurilishida faol qatnashgan quruvchilar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tadbir doirasida Milliy gvardiya Toshkent viloyati boshqarmasi va “Metallurg” madaniyat saroyi ijodiy jamoasi tomonidan namoyish etilgan “Tarixdan taraqqiyot sari” sahna ko‘rinishi yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Amir Temur va uning jasur sarkardalari timsolidagi chiqishlar milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada yuksaltirdi.
Konsert dasturida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Jenisbek Piyazov, xonandalar Bunyodbek Saidov, Shohruhxon va Ziyoda ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar bayramga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Bayram mushakbozlik bilan yakunlandi.

“Metallurg” madaniyat saroyi atrofida tashkil etilgan ommaviy xalq sayli ham ko‘pchilikka xush kayfiyat ulashdi. Sayl doirasida marafon, sport musobaqalari, ishlab chiqarish yutuqlari va zamonaviy texnologiyalar ko‘rgazmalari tashkil etildi.
Ko‘rik-tanlovlarda kombinatning qator korxona va boshqarmalari munosib ishtirok etib, turli yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib deb topildi. Xususan, innovatsion yondashuvlari, mahalliylashtirish dasturlari va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etgani uchun Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi mehnat jamoasi Gran-prini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish va harbiy-vatanparvarlik chiqishlari bilan faol ishtirok etgan Milliy gvardiya Toshkent viloyati boshqarmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy qismi ham munosib taqdirlandi.
O‘tkazilgan bayram tadbirlari soha fidoyilarining mehnatini munosib qadrlash, jamoani yangi marralar sari ruhlantirish va kombinatdagi ahillik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
A. Musayev, O‘zA