OKMK yana bir xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritdi
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi muvaffaqiyatli sertifikatlashtirildi va natijada korxona navbatdagi yirik xalqaro yutuqni qo‘lga kiritdi.ISO 37001:2025 (Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi) — tashkilotlarda korrupsiya va poraxo‘rlik xavflarining oldini olish, aniqlash va ularga chek qo‘yish bo‘yicha Xalqaro Standartlashtirish tashkiloti (IAF) tomonidan ishlab chiqilgan eng nufuzli jahon standarti hisoblanadi.
Ushbu xalqaro Muvofiqlik sertifikatining yangi 2025-yildagi tahriri bugun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tantanali ravishda topshirildi. Bu voqea korxona tarixida shaffoflik, qonun ustuvorligi va xalqaro ishonchning yangi davrini boshlab beradi.
Bugungi kunda London metall birjasi Copper Mark va Yevropa Ittifoqi bozorlari tizimida shaffoflik va komplayens nazorati tizimi joriy qilingan kompaniya va tashkilotlar o‘z mahsulotlarini realizatsiya qilishda alohida ustuvorlikka ega bo‘ladi.

Shu boisdan ham, mazkur yangi tahrirdagi xalqaro sertifikat OKMK mahsulotlarining dunyo bozoridagi raqobatbardoshligini karrasiga oshirib, xalqaro bozorlarga to‘siqsiz chiqish imkonini kengaytiradi. Xalqaro investorlar va yirik transmilliy banklar korrupsiya xavflari minimallashtirilgan korxonalarga katta hajmdagi imtiyozli kreditlar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni xavfsiz ajratadi.
Bundan tashqari, ISO 37001:2025 standarti tizimining Kombinatda mavjudligi global ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv ((ESG) ko‘rsatkichlarida OKMKning bahosini keskin yuqoriga ko‘taradi.

Ichki tizimda esa korxonaning barcha bo‘g‘inlarida moliyaviy xavflar qat’iy nazoratga olinganligini anglatadi, ochiqlik indeksi mustahkamlanadi.
Reyting ko‘rsatkichlari va solishtirish mezonlari bo‘yicha olib qaraydigan bo‘lsak, an’anaviy davlat ichki reytingi faqat O‘zbekiston Respublikasi doirasida milliy ahamiyatga ega bo‘lib, davlat organlarining axborot berish ko‘rsatkichlarini baholaydi.
Yangi tahrirdagi ISO 37001:2025 xalqaro sertifikati esa butun dunyo miqyosida tan olingan oliy andoza bo‘lib, 32ta eng qat’iy xalqaro mezon va tizimli xavflarni xolis audit qilish orqali taqdim etiladi.
Ichki reytinglar milliy agentliklar tomonidan masofaviy yoki ichki baholash asosida shakllantirilsa, ISO standarti mustaqil xalqaro auditorlik tashkilotlari tomonidan joyiga chiqqan holda, ikki bosqichli qat’iy audit natijasiga qarab taqdim etiladi.

Eng muhimi esa, xorijiy investorlar uchun milliy reyting shunchaki lokal ma’lumot hisoblansa, yangi tahrirdagi ushbu xalqaro sertifikat investitsiya kiritish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri yirik transmilliy shartnomalar imzolashda asosiy talab sifatida so‘raladi.
OKMK yangi tahrirdagi ushbu nufuzli xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritish orqali nafaqat ishlab chiqarish hajmi va texnologik quvvati bo‘yicha, balki korporativ boshqaruv, shaffoflik va ochiqlik yo‘nalishida ham dunyoning eng ilg‘or kompaniyalari qatoridan joy olganini amalda isbotladi.
OKMK Axborot xizmati