“OKMK” ochko yo‘qotdi, “Nasaf” esa...
Futbol bo‘yicha mamlakatimiz Superliga bahslarining 16-turi ham kutilmagan natijalarga boy o‘tmoqda.
Mazkur turdan o‘rin olgan "Qizilqum" - "Nasaf" klublari o‘rtasidagi o‘yin 0:1 hisobida yakunlandi. Uchrashuvdagi yagona golga 87-daqiqada Oybek Bozorov mualliflik qildi. Ushbu natijadan so‘ng "Nasaf" ochkolar sonini 32 taga yetkazib oldi va musobaqa jadvalida yaqqol peshqadamga aylandi.

Shuningdek, “OKMK” bu turda kutilmaganda safarda "Dinamo" klubiga 3:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Buning oqibatida “OKMK” Superliga karvonboshisi “Nasaf”dan bitta o‘yin ko‘p o‘tkazgan bo‘lishiga qaramasdan 29 ochko bilan ikkinchi o‘rindan joy oldi. “Dinamo” esa ochkolarini 17 taga yetkazib oldi.
Superliganing 16-tur uchrashuvlari ertaga, 18 avgust kuni davom ettiriladi. Unda “Andijon” – “Surxon”, “Paxtakor” – “Lokomotiv” bilan o‘ynaydi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA