OKMK akademiyasi chempionlikni qo‘lga kiritdi
Sirdaryo futbol akademiyasi maydonida U-14 yosh toifasidagi Akademiyalar chempionati bo‘lib o‘tdi. Chempionat davomida mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan futbol akademiyalari vakillari o‘rtasida qizg‘in raqobat kechdi. Bu esa yosh iste’dodlarni saralash, ularning mahorat salohiyatini oshirish hamda professional futbol uchun munosib zaxira tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Yakundagi final bahsida Sirdaryo futbol akademiyasi hamda OKMK futbol akademiyasi jamoalari chempionlik uchun maydonga tushishdi.

O‘yin yuqori sur’at va keskin kurashlar ostida kechdi. Har ikki jamoa o‘yinchilari bahs davomida texnik mahorati, taktik tayyorgarligi va g‘alabaga bo‘lgan intilishlarini namoyon etishib, muxlislarga qiziqarli futbol tomoshasini taqdim etishdi. Ayniqsa, futbolchilarning tezkor hujumlari, aniq uzatmalari va jamoaviy harakatlari bahsga yanada shiddat bag‘ishladi.





O‘yinda g‘alabaga erishgan OKMK futbol akademiyasi chempionlik shohsupasining eng yuqori pog‘onasini egalladi. Mezbon jamoa — Sirdaryo futbol akademiyasi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Andijon futbol akademiyasi musobaqaning bronza medali sohibiga aylandi.



Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar tantanali ravishda taqdirlandi. Ularga medallar, diplomlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA