"OIV/OITSga qarshi birgalikda kurashamiz"
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 20 yanvardagi “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida Sirdaryo viloyati Guliston shahri, Oqoltin va Boyovut tumanlarida "OIV/OITSga qarshi birgalikda kurashamiz" shiori ostida tibbiy-profilaktik tadbir o‘tkazildi.
–Dunyo miqyosida OIV bilan yashayotgan 39,9 million kishi mavjud bo‘lib, ularning 9,3 millioni hayot uchun zarur bo‘lgan davolanishni olmayapti,–deydi Sirdaryo viloyat OITSga qarshi kurashish markazi direktori Gulufar Normuratova. – Bu holatlar har daqiqada bir kishi OIV/OITS bilan bog‘liq sabablardan vafot etishiga olib kelmoqda. Jahon yetakchilari 2025 yilga kelib yangi OIV infeksiyalarining yillik aniqlanish sonini 370 mingdan pastga tushirishga va’da berishgan, lekin 2023 yilda yangi OIV infeksiyalari soni 1,3 millionga yetgani bu maqsadga erishishning qiyinligini ko‘rsatmoqda. Shu sababli bu turdagi kasalliklarning oldini olish, erta bosqichlarda tashxislashda aholining xabardorligini oshirishga qaratilgan tibbiy-profilaktik tadbirlarning ahamiyati katta.

Sirdaryo viloyatida 2023 yilda o‘tkazilgan tibbiy-profilaktik tadbirlar davomida 9 ta holatda, 2024 yilda esa 7 ta holatda OITS kasalligining oxirgi bosqichidagi bemorlar aniqlangan. Ular orqali yana necha kishi bu turdagi kasallikka duchor bo‘lganini aytib bo‘lmaydi,. Buning birdan-bir yo‘li aholini joylarda o‘tkazilayotgan tibbiy-profilaktik tadbirlar bilan qamrab olish hisoblanadi. Kasallikning kech aniqlanishi jiddiy xavotirga solsa, erta bosqichlarda aniqlash esa kasallikni davolashda ijobiy samara beradi.

Oqoltin va Boyovut tumanlarida o‘tkazilgan tadbirlar davomida o‘z salomatligiga befarq bo‘lmagan 200 nafarga yaqin aholi vakillari va yoshlar tibbiy-profilaktik ko‘rikdan o‘tkazildi. Juftliklardan qon tahlillari olinib tekshirildi va 4 nafar bemorga kasalliklarning profilaktikasi doirasida dori-darmon vositalari taqdim etildi.

Oq oltin tumanida 26 nafar yangi ishga qabul qilingan tibbiyot xodimi OIV infeksiyasining profilaktikasi, tashxisi va davolashi bo‘yicha o‘qitildi. Tuman tibbiyot birlashmasida OIV infeksiyasining oldini olish va yuqish holatlarini kamaytirish bo‘yicha monitoring o‘tkazildi.

Xullas, Sirdaryoda "Biz OIV/OITSga qarshi birgalikda kurashamiz" tadbiri davomida OIV/OITS kasalligi, uning kelib chiqish sababi, profilaktikasi va oldini olish to‘g‘risida keng ma’lumotlar berildi. Bu esa OIV/OITSning tarqalishi oldini olishda, ularni erta aniqlash va davolashda muhim rol o‘ynaydi. Bu kabi tadbirlar viloyatning boshqa tuman va shaharlarida ham o‘tkazilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri