OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishiga barham beriladi
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar natijasida OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishiga barham berishga va OIV bo‘yicha epidemik vaziyatni barqarorlashtirishga erishilmoqda. Homilador ayollarda OIV infeksiyasini barvaqt aniqlash va kasallikning onadan bolaga o‘tishining oldini olish maqsadida, OIV infeksiyali onalardan tug‘ilgan olti oylikkacha bo‘lgan bolalar quruq sut aralashmasi bilan ta’minlanmoqda.
Poytaxtimizda OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishini eliminatsiya qilish va JSSTning bu boradagi sertifikatini olish masalalarini tashkillashtirish yuzasidan o‘tkazilgan davra suhbatida ana shular haqida so‘z yuritildi.

2023 yil 20 yanvarda “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorining qabul qilinishi, davlat tomonidan OITS profilaktikasiga qaratilgan e’tiborning yorqin dalilidir.
Ushbu qaror bilan 2027 yilda OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishiga barham berish vazifasi belgilangan.

Qayd etilganidek, jamiyatning OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olish tadbirlariga jalb qilinishi natijasida kasallanish darajasining kamayishiga erishish mumkin bo‘ladi.
Davra suhbatida bu borada mas’uliyatni yanada kuchaytirish zarur ekanligi ta’kidlanib, aholi reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy rivojlangan avlodni shakllantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni kuchaytirish va ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha joylarda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Mohigul Qosimova, O‘zA