OITS: hamkorlikda kurashishning samarasi yuqori
Andijon viloyati axborot-kutubxona markazida viloyat OITSga qarshi kurash markazi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda hamkor tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari, matbuot xizmatlari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda Andijon viloyati OITSga qarshi kurash markazi bosh shifokori o‘rinbosari Shohruh Usmonov viloyatdagi OIV infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik vaziyat, o‘tgan yili va joriy yilning birinchi choragida kasallik tarqalishining oldini olish bo‘yicha hamkor tashkilotlar bilan olib borilgan ishlar haqida ma’lumotlar berdi.

Ta’kidlanganidek, viloyat OITSga qarshi kurash markazi shifokor va mutaxassislari hamda hamkor tashkilotlar vakillari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha yoshlar faolligida olib boriladigan tizimli targ‘ibot tadbirlari konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi doirasida e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi.

Ana shu ishlar natijasida viloyat hududida OIV infeksiyasi va qo‘shimcha kasalliklar tarqalishining oldini olish, epidemiyaga qarshi, diagnostik tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, aholi, xususan, chet davlatlarda ishlab qaytgan fuqarolarni OIV infeksiyasi tekshiruvlariga jalb etish, OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish, ularni dispanser ko‘rigidan o‘tkazish, dori vositalari bilan ta’minlash, hayoti sifatini yaxshilash, hamkor tashkilotlarga uslubiy yordamlar ko‘rsatish borasida zarur ishlar olib borilganligi qayd etildi.

Jumladan, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati yaxshilanganligi, markaz va uning quyi bo‘linmalari davlat byudjeti va xalqaro jamg‘armalar tomonidan test sistemalari va retrovirusga qarshi dori vositalari bilan muntazam ta’minlanganligi natijasida OIV infeksiyasi bilan kasallangan fuqarolar soni, shuningdek, kasallikning onadan bolaga yuqishi holatlari keskin kamaygan.
Aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida mahallalar mas’ullari, ichki ishlar, diniy idoralari vakillari bilan hamkorlikda OIV infeksiyasi bilan kasallangan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida ham zarur ishlar olib borilganligi alohida qayd etildi.
Anjumanda, xorijda ishlab qaytgan fuqarolarni OITS virusi tekshiruviga jalb etish borasida muammolar mavjud ekanligi, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirish, fuqarolarning ixtiyoriy ravishda ko‘rikdan o‘tishiga erishish yuzasidan targ‘ibot-tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng Andijon viloyati OITSga qarshi kurash markazi bosh shifokori o‘rinbosari Shohruh Usmonov hamkor tashkilotlar bilan birgalikda OITS xastaligi yuqishining oldini olish bo‘yicha olib borilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda kelgusi rejalar haqida gapirdi.
– Nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rik, xususan, OIV virusi tekshiruvidan o‘tishiga alohida e’tibor qaratish zarur, – deydi Andijon shahridagi “Shahidtepa” jome masjidi imomi Qobiljon Isaqov. – Bundan tashqari, tekshiruvdan o‘tmagan kelin-kuyovni nikohlamaslik, bu borada norasmiy imomlarning faoliyatini nazoratga olish muhimdir.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi vakili I.Abdug‘aniyev amaldagi qonunchiligimizda OIV infeksiyasini bilgan holda boshqa shaxslarga yuqtirganlik yoki yuqtirish holatlarini yuzaga keltirganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjudligini ta’kidladi. Bu borada ichki ishlar boshqarmasi, uning bo‘linmalari tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda olib borilayotgan ishlar haqida gapirdi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan savollarga mutasaddi va mutaxassislar batafsil javob qaytardi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.