Oilaviy sportchilar bellashuvi
Andijonda “Sog‘lom oila” oilaviy sport musobaqalarining mintaqaviy final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Andijonda “Sog‘lom oila” oilaviy sport musobaqalarining mintaqaviy final bosqichi bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tashabbusi bilan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, oilalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, sport bilan muntazam shug‘ullanuvchi oilalarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilgan musobaqalarning mintaqaviy bosqichida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari vakillari o‘zaro bahslashdi.
– “Sog‘lom oila” shiori ostidagi sport musobaqalari ko‘tarinki ruhda o‘tdi, – deydi Andijon viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisining o‘rinbosari Qodirjon Rizayev. – Korxona va tashkilotlarda bo‘lib o‘tgan dastlabki bosqich musobaqalarida 19 ming 648 oila, tuman va shahar bosqichlarida 550, viloyat bosqichida 44 oila tarkibida 62 mingga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
Musobaqada Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridan 6 oilaviy jamoa chaqqonlik va merganlik estafetasi, mohir hujumchi, arqon tortish va bir jamoa estafetasi singari sportning 8 turi bo‘yicha o‘z mahorat va jismoniy tayyorgarligini namoyish etdi.
Sport va salomatlik bayramiga aylanib ketgan musobaqada Andijon viloyati vakillari – Muzaffar Ahmedov va Doniyorbek Ismoilov oilalari g‘olib, deb topildi.