Oilaviy qadriyatlarga oid yangi kitoblar taqdimoti
O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot institutida xalqaro oila kuni munosabati bilan nashrga tayyorlangan bir qator yangi kitoblarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Yangi kitoblar bugungi kunda oila deb atalmish muqaddas tushuncha atrofida yuzaga kelayotgan dolzarb masalalar bilan bog‘liq ekani ahamiyatga molikdir. Jumladan, «Yangi O‘zbekistonning farovon oilasi», «Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar ijtimoiy reabilitatsiyasi hamda suitsidal xulq profilaktikasi», «Mediatsiya – nizolarni hal etish usuli sifatida», «Baxtlilik o‘lchovi», «Inson baxti va oilaviy hayot», «Oilalarda farzandlarning his-tuyg‘ulari, xohish-istaklari va motivatsiyalarini tushunish hamda rivojlantirish» kabi kitoblar ko‘pchilik uchun qiziqarli bo‘lishi tabiiydir.
Ushbu to‘plamlar «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti olim va ekspertlari tomonidan tayyorlangan bo‘lib, endilikda bu kitoblar orqali minglab oilalarga yuridik, psixologik tavsiyalar beriladi. Ular yosh oilalar, katta va mustaqil hayot ostonasidagi, turmush qurish arafasidagi yigit-qizlar uchun g‘oyat muhimdir. Kitoblarda ota-onalarga yangi O‘zbekistonning yangi avlodini tarbiyalashning nazariy, metodik, ma’naviy masalalari ilmiy-ommabop tarzda bayon etilgan. Bu esa yangi avlodni Uchinchi Renessansga qadam qo‘yayotgan bugungi o‘ziga xos davr ruhiga monand tarbiyalash uchun ijtimoiy pedagogik kompetensiyalar bilan qurollantirishga ilmiy-amaliy sharoit yaratish uchun o‘ta muhimdir.
Sir emaski, hozir ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlarga qarata tarqatilayotgan turli xatarli g‘oyalar, fikrlar ota-onalardan ularning salbiy ta’sirini kamaytirishni, to‘g‘rirog‘i, zararsizlantirish yo‘llarini talab etmoqda. O‘smir yoshlar har kuni turli zararli va xatarli g‘oyalar ta’siriga duch kelayotgani bor gap. Biroq ota-onalarning barchasi ham bunday zararli ta’sirlarning kelgusidagi ma’naviy ziyon-zahmatini to‘g‘ri tushunib yetmaydi.
«Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan taqdim etilayotgan yangi to‘plamlar, risolalar bilan tanishgan har bir ota-ona o‘zini, oilasini, farzandlarini ana shunday ko‘rinmas illatlardan himoyalashda zaruriy taklif va tavsiyalar hamda o‘ziga xos «yo‘l xaritasi»ga ega bo‘lishi, shubhasiz. Bu to‘plamlar mamlakatimizning barcha hududlariga, jumladan, mahalla fuqarolik yig‘inlari hamda tegishli tashkilotlarga yetkazilib, ularda keltirilgan asosli fikrlar, fakt va axborotlar orqali turli muammolar o‘z vaqtida bartaraf etilishiga erishish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, institut tomonidan «Baxtiyor oila» veb-portali va «Oila ma’naviyati» deb nomlangan elektron tezaurusi ham ishga tushirildi. Bularning barchasi oila deb atalmish muqaddas qadriyatlarning asrab-avaylanishiga, mazkur mavzu yuzasidan yoshlar fikrlarining to‘g‘ri shakllanishiga muhim hissa qo‘shadi albatta.
N.Usmonova, O‘zA