Oilaviy hayotga tayyor yoshlar – sog‘lom jamiyat poydevori
Termizda Vazirlar Mahkamasining shu yil 19-maydagi “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish hamda oilaviy maslahat xizmatlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyatini mahallalarda targ‘ib qilishga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
Mashg‘ulotlarda viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi tizimi xodimlari, oila va xotin-qizlar maskanlari huquqshunos hamda psixologlari, hamkor tashkilotlari mutasaddilari ishtirok etdi.
Seminarda Surxondaryo viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Z.Xidirova mamlakatimizda jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlab, huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor haqida atroflicha so‘z yuritdi. Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash tizimini takomillashtirish, huquqiy va psixologik xizmatlar ko‘rsatish, ota-onalikka tayyorlash ta’lim dasturlari orqali mas’uliyatli ko‘nikmalarni shakllantirish, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yanada yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida fikr yuritildi. Hukumat qarorida belgilab berilgan vazifalarning oilalarni mustahkamlashdagi ahamiyatiga e’tibor qaratildi.

Qaror ijrosi doirasida tuman, shahar oila va xotin-qizlar bo‘limlari tizimida tashkil etilgan yuridik shaxs bo‘lmagan oila va xotin-qizlar maskanlari yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlab, oilalarni mustahkamlash borasida keng qamrovli ishlarni amalga oshirmoqda.
Mashg‘ulotlarda mazkur hujjatning jamiyat hayotidagi o‘rni, oila va xotin-qizlar maskanlarida keng jamoatchilik bilan ishlash usullari muhokama etildi. Nikohlanuvchi yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish, sud, ichki ishlar, fuqarolik holati dalolatnomasini yozish va sog‘liqni saqlash organlari hamkorligida yangi tizimning maqsad va vazifalarini mahallalarda aholiga targ‘ib qilish yuzasidan o‘zaro tajriba almashdi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri