Oilaviy baxtni his etish, asrash kerak
Jizzax viloyati musiqali drama teatrida oilalarda ma’naviy, ahloqiy muhitni mustahakamlashga bag‘ishlab "Oilam baxti o‘z qo‘limda"shiori ostida ma’naviy-madaniy kecha tashkil etildi.
Viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi, viloyat ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibot markazi shaharda musiqa va san’at maktablari bilan hamkorlikda tashkil etgan tadbirda barcha tumanlardan vakillar ishtirok etdi.
Kecha avvalida san’at maktabi o‘quvchilarining oila mavzusidagi ijodiy ishlari ko‘rgazmasi namoyish etildi. Oila haqida o‘zlarining qarashlari tasvirlangan eng yaxshi ijodiy ishlarning mualiflari tadbir tashkilotchilarining estalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shundan so‘ng viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi tomonidan oktyabr oyida e’lon qilingan "Oilam mustahkam qo‘rg‘onim" mavzusidagi insholar tanlovining g‘oliblarini ham taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda "Eng baxtli oila", "Eng sabrli oila”, "Eng kuchli oila" kabi uch nominatsiya bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda eng yaxshi deb topilgan insho mualifi bo‘lgan oila vakillariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
– Men “Eng baxtli oila” mavzusidagi inshoni go‘zal satrlar yoki shoirona so‘zlar bilan yozmagandim, – deydi tanlovning “Eng baxtli oila"nominatsiyasi g‘olibi Paxtakor tumanilik Zuhra Pirmatova. – Inshoda hayotda o‘zim boshdan kechirgan qiyinchiliklar, sinovlar, ularni yengib o‘tishdagi muvaffaqqiyatlarim haqida yozdim.
bugungi hayotimizda ko‘p qo‘llanilayotgan Gendir tengligiga munosabat bildirdim. Teng huquqlilik, erkak va ayolning oiladagi o‘rnini almashtirmaydi. Baribir har qanday oilada erkak va ayolning o‘z o‘rni borligini insho mazmuniga singdirishga harakat qildim. Har bir oilaning o‘z baxti bor. Bu baxtni his etish, asrash kerak.
Tadbirning badiiy qismi yanada maroqli kechdi. Ishtirokchilar viloyat musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan namoyish etilgan "Tanho yulduz" spektaklini miriqib tamosha qilishdi.





T.BEKNAZAROV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA