Oilaviy ajrimlarning sababi nimada?
Yosh avlodda umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish, ularni yuksak vatanparvarlik, sofdillik va halollik ruhida tarbiyalash, ijtimoiy foydali mehnatga o‘rgatish ota-onalarning asosiy burchlaridan sanaladi. Buning uchun esa ota-ona farzandiga o‘zi ibrat ko‘rsatishi lozim.
Ammo bugungi kunda ota-onalar o‘rtasidagi ajrimlar, voyaga yetmaganlar, xotin-qizlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlar borki, bu borada hamkorlikda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar hali ko‘p. Shuningdek, bu kabi salbiy illatlar davom etar ekan, oilaviy ajrimlarni kamaytirish, voyaga yetmaganlarni nazoratsiz qoldirmaslik borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yana bir bor o‘ylab ko‘rish kerak.
– Fuqarolik ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudiga 2021 yilning 10 oyi davomida jami 338 ta nikohdan ajratish haqida da’vo arizalar kelib tushgan, – deydi fuqarolik ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudi raisi Bahodir Boboqulov. – Shundan 236 ta nikohdan ajratish to‘g‘risidagi fuqarolik ishlari ko‘rib tamomlangan bo‘lib, 128 ta da’vo arizasi qanoatlantirilgan, 63 tasi rad qilingan, 34 ta ish bo‘yicha da’vogar da’vodan voz kechganligi sababli ish yuritish tugatilgan va 11 ta ish bo‘yicha arizalar ko‘rmasdan qoldirilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, sudga nikohdan ajratish haqida da’vo arizasini berishda 160 ta ish bo‘yicha erkaklar, 76 ta ish bo‘yicha esa ayollar da’vogar bo‘lgan.
Yoshlar orasida ajrimlar ko‘pligi kishini tashvishga soladi. Jumladan, 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar orasida 187 ta, 30 yoshdan 40 yoshgacha 36 ta, 40 yoshdan 50 yoshgacha 11 ta va 50 yoshdan yuqori 2 tani tashkil etsa, takroriy nikohdagi shaxslar tomonidan berilgan arizalar soni 4 ta va sudga da’vo bergan vaqtida sha’riy nikoh qurgan taraflar soni 5 tani tashkil etgan.
Nikohdan ajralish bo‘yicha sudga da’vo qo‘zg‘atishda asosan er-xotin bir-birlarini tushunib yetmasliklari, oilaviy munosabatlarga qaynota-qaynonalarning aralashishi, er yoki xotining uzoq yillar xorijiy mamlakatlarga ketib qolganligi, ba’zi hollarda esa xiyonat sabab bo‘lmoqda.
Ma’lumki, barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarida “Yarashtirish komissiya”lari mavjud edi. Uning asosiy maqsadi fuqarolarning oilada va mahallalarda tinch-osoyishta, hamjihatlikda yashashiga ko‘maklashish, oilaviy nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini milliy va ma’naviy qadriyatlarimizga tayangan holda keng targ‘ib etish orqali ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga ko‘maklashishdan iborat bo‘lgan. Ammo yuqoridagi faktlardan ko‘rinadiki, tumandagi ayrim mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi oldingi “Yarashtirish komissiya”lari, hozirda esa oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyalarining faoliyati talab darajasida emas.
Ma’lum qilinishicha, sud tomonidan nikohdan ajratish haqidagi ishlarni ko‘rishda har bitta oilani saqlab qolish choralarini ko‘rish maqsadida taraflarga yarashishlari uchun muddat berish haqida ajrim chiqarilib, ushbu ajrim ijro qilish uchun tuman mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limi hamda tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari raislariga yuboriladi. Mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasining xulosasi sud uchun ishni mazmunan hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday bo‘lsa-da, hanuzgacha tumandagi ayrim mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan taraflarni yarashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish va bu ishlarning natijalari bo‘yicha komissiyaning yakuniy xulosasini sudga taqdim etishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Sud tomonidan mahallalarda bir necha bor tushuntirish ishlari olib borilganiga qaramasdan, sudning ajrimlari nomigagina muhokama qilinayotganligi, ushbu ajrimlar ortida oila va bolalarning keyingi taqdiri tursa-da, ular bo‘yicha asossiz xulosa qilish va ayrim hollarda umumiy so‘zlar bilan sudga javob qaytarish holatlari davom etmoqda. Qolaversa, sudning yarashish uchun muddat berish haqidagi ajrimlari sud majlisiga yaqin qolgandagina muhokama qilinmoqda.15:54
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida sud tomonidan Xatirchi tuman hokimligi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limiga 23 ta xususiy ajrim chiqarilgan bo‘lib, shundan 19 tasiga javob berilgan, 2 tasiga javob berilmagan hamda 2 tasiga javob berish muddati bor.
Nikohdan ajrashish haqida ariza bilan sudga murojaat etgan har bir oilani yarashtirish va uni saqlab qolish uchun eng avvalo ularning ota-onalari, mahalla fuqarolar yig‘ini oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi, tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi hamda mahalla faollari bilan hamkorlikda ish olib borish oilalarni saqlab qolishda katta samara berishi hech kimga sir emas. Zero, “Maslahatli to‘y tarqamas”.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA