Oilalarga yelkadosh boʻlib
Oila – azaldan yurtimizda muqaddas dargoh sifatida qadrlanadi. Uni asrash bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan.
Oila – azaldan yurtimizda muqaddas dargoh sifatida qadrlanadi. Uni asrash bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan onlayn anjumanda mamlakatimizda oilalarga eʼtiborni yana-da kuchaytirish masalalari atroflicha muhokama etildi.
“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining “Oʻzbekistonda oilani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini tadqiq etish” nomli amaliy loyihasi doirasida oʻtkazilgan onlayn anjuman “Oʻzbekistonda oilani ijtimoiy-demografik rivojlantirishning asosiy omillari” mavzusiga bagʻishlandi.
Zoom platformasida oʻtkazilgan ushbu anjumanda tegishli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari qatnashdi.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari E.Bositxonova, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi eksperti D.Toshmuhamedova, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari M.Quronov va boshqalar yurtimizda barcha jabhalarda olib borilayotgan islohotlar oilalar farovonligini taʼminlash, odamlar ogʻirini yengil qilishga qaratilganini taʼkidladi.
Ayni paytda Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ezgu tashabbuslar ham oilalarda kambagʻallik, ishsizlik va boshqa dolzarb muammolarga barham berish, yosh avlodga milliy anʼana va qadriyatlarimiz mohiyatini toʻgʻri yetkazish, ularning oila, jamiyat, Vatan, oʻz taqdiri oldidagi masʼuliyatini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Xalqaro miqyosda dunyoga xavf solgan pandemiya sharoitida ham oilalarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash davlatimiz rahbarining doimiy eʼtiborida ekani diqqatga sazovor.
Anjumanda taʼkidlanganidek, keyingi yillarda oilaviy ajrimlar ortayotgani afsuslanarlidir. Mutaxassislarning fikricha, turli kelishmovchiliklar, befarzandlik, migratsiya, xiyonat, oilaviy qadriyatlarga bepisand munosabat va boshqalar ajrimlarga asosiy sabab boʻlmoqda.
Sir emaski, oilaviy kelishmovchiliklarda maʼnaviy jihatlar bilan birga iqtisodiy muammolarning ham yetakchi ekani ayni haqiqat. Bu borada yurtimizda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish, oilalarni kuchli, aniq va manzilli qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan har bir xonadon, har bir oiladagi haqiqiy vaziyatni oʻrganish va zarur koʻmak koʻrsatishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Yordamga muhtoj oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida shu yilning oʻtgan davri mobaynida 368 mingdan ortiq oilaga 51,6 milliard soʻmlik moddiy yordam koʻrsatildi. Bunda ayniqsa, joylardagi ogʻir turmush sharoitiga tushib qolgan xotin-qizlarga uy-joy sotib olish uchun 8 milliard 666 million soʻmlik boshlangʻich badal mablagʻlari toʻlab berildi. Shu bilan birga murakkab sharoitdagi ayol va qizlarning bandligini taʼminlash, kasanachilik, uy mehnatini keng yoʻlga qoʻyish, hunarmandchilik, tadbirkorlikka koʻmaklashish boʻyicha muttasil ishlar olib borilmoqda.
Bu jarayonda alohida ehtiyojli oilalarning tomorqa va issiqxonalarida qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishga muttasil amaliy yordam koʻrsatilmoqda. Konferensiyada qayd etilganidek, oiladagi maʼnaviy muhit barqaror va sogʻlomligi yoshlar kamolotida muhim oʻrin egallaydi.
Vazirlik tomonidan oilalardagi muhitni chuqur oʻrganish, tahlil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, “Oilalarda sogʻlom muhitni mustahkamlash” targʻibot oyligi davomida mavjud muammolarga yechim topilib, ularni bartaraf etilishiga katta ahamiyat qaratildi.
Ayni paytda nikohdan oʻtuvchi yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish, ezgu ishlari bilan oʻrnak oilalarni targʻib etish va ularni ragʻbatlantirish, oilani mustahkamlash, nikohni saqlab qolish, ajrimlarning oldini olishda katta hayot tajribasiga ega onaxonlar, nuroniylarning oʻgitlari, amaliy koʻmagidan keng foydalanish muhimdir.
Onlayn konferensiyada yurtimizdagi har bir mahallada notinch va muammoli oilalarni aniqlash, ularning manzilli roʻyxatini tuzish, mahallaning hurmatga sazovor insonlari yordamida mazkur oilalardagi nizoli holatlarning oldini olish va milliy mentalitetga zid boʻlgan turli yot xavf-xatarlarga qarshi turish maqsadida ular bilan manzilli ish olib borish muhimligi alohida qayd etildi.
Anjumanda oilani ijtimoiy-demografik rivojlantirish istiqbollari, uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasi – oila, mahalla va taʼlim muassasasi hamkorligini yuksaltirish, Oʻzbekistondagi demografik vaziyat, oiladagi shaxslararo munosabatlarda kuzatilayotgan psixologik muammolar kabi mavzulardagi maʼruzalar atroflicha muhokama etildi.