Ogohlikdan ogoh etgan Ogahiy
Tarix taqdirlardan iborat.
Tarix taqdirlardan iborat. Ulug‘ mutafakkirlar qismatida muayyan makon, zamon va kasb muhim o‘rin tutadi. Bu fikrni zabardast shoir, mohir tarjimon, mirob, tarixchi, olim va ulkan davlat arbobi Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiyga ham nisbatan aytish mumkin.
U 1809 yilning 17 dekabrida Xiva yaqinidagi Qiyot qishlog‘ida ma’rifatli va badavlat mirob oilasida dunyoga keladi. Otadan erta yetim qolib, amakisi, zamonaning yetuk shoiri, xonning bosh mirobi Munis Avazbiy o‘g‘li Xorazmiy qo‘lida tarbiya topadi.
Undagi iste’dod badiiyatga va ota kasbi miroblikka yo‘g‘rilgani qismatini belgilagani rost. Uning ilk noyob nazmiy durdonalari ko‘pchilikni hayratga soldi. 1829 yilda tog‘asi Munisning 51 yoshida vafot etishi, yosh shoir uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Ogahiy 20 yoshida Xiva xoni Olloqulixon tomonidan miroblik vazifasiga tayinlanadi.
Sabru qanoati tufayli elda aziz, ishga fidoiylik, vatan ravnaqi uchun jonini fido etishga bel bog‘lagan Ogahiyning miroblik davri (1829-1857) Xorazmda ko‘pgina yangi kanallar qazilib, suv inshootlari qurilgani, vohaning sug‘orish istiqbollari borasidagi muammolarning oqilona hal bo‘lishi uning nomi bilan bog‘liqdir.
Ulug‘ shoir otdan yiqilib oyog‘i jiddiy lat yegach, miroblikdan iste’foga chiqadi va nazm, tarix bitish, tarjimonlik bilan mashg‘ul bo‘ladi. U 1874 yilning dekabr oyida oltmish besh yoshida vafot etadi va o‘zi tug‘ilgan Qiyot qishlog‘idagi “Mavlon bobo” qabristoniga, amakisi Munis qabriga yonma-yon dafn qilinadi.
U dunyoning yaralishidagi muhim bir unsur suvga e’tibor bilan qaraydi. Yerning qoni, ekinning joni bo‘lgan suv shoirning imkoni va darmoni bo‘lgan so‘z bilan yonma yon keladi. Suv tanaga qanchalik oziq bo‘lsa, so‘z qalbga ham shu darajada malham bo‘lishini his etgan shoir ko‘nglida har ikkalasi uchun joy ajrata oldi. Suvning yo‘nalishini belgilash uchun miroblik salohiyati, so‘zning o‘rni va mohiyatini his etish uchun donishmandlik qobiliyati zarur. Har ikkalasi ham Ogahiy siymosida uyg‘un. U o‘z g‘azallaridan birida shunday yozadi:
Ey ko‘ngul, odam xayol aylab dema nodong‘a so‘z
Chunki ul inson emas, topsang degil insong‘a so‘z.
So‘zdur inson ko‘nglida bir gavhari qiymatbaho
Oni xor etma debon har hushi yo‘q hayvong‘a so‘z.
Vah, na yanglig‘ bilgusi hayvon guharning qadrini
Kim topar haz yetsa ul kunjorau somong‘a so‘z.
Har bir insonning o‘ziga xosu mos so‘zni topib ayta bilish dilni qulf, tilni kalit deb bilgan Ogahiyga o‘zi yashagan zamon va makonda oson kechmagan. Uning umr yo‘li sakkiz nafar xon hukmronlik qilgan davrlarda kechadi. U 8 xil boshqaruv muhitida ham o‘zi tanlagan saodatli yo‘ldan og‘ishmay yashagan, ishlagan va ijod qilgan. U davr Xiva xonligini Muhammadrahimxon I, Olloqulixon, Rahimqulixon, Muhammad Aminxon II, Sayidabdulloxon, Qutlug‘murodxon, Sayidmuhammadxon va Muhammadrahimxon II Feruz idora qilgan davrda yashadi. Uning taqdirida tarixchilik va tarjimonlik ham muhim o‘rin tutgan.
Ogahiy tog‘asi Munis boshlagan “Firdavs ul-iqbol” nomli katta tarixiy asarni davom ettirib, o‘ttiz yoshida uni 1825 yil Olloqulixonning Xiva taxtiga o‘tirish yili voqealari bayoni bilan yakunlaydi. Muarrixning Olloqulixon hukmronlik qilgan davr (1825-1843) to‘g‘risidagi “Riyoz ud-davla”(1844 yilda yozilgan), Rahimqulixon saltanati davri (1843-1846) ga bag‘ishlangan “Zubdatut-tavorix” (1846-yilda yakunlangan), Muhammadaminxon hukmronligi davri (1846-1855)ga bag‘ishlangan.
“Jome’ul-voqeoti sultoniy”(1856 yil yozilgan), Sayid Muhammadxon hukmronlik davri (1856-1865) to‘g‘risidagi “Gulshani davlat” (1865 yil yozilgan), Muhammad Rahimxon soniy - Feruz saltanati voqealari xususida ma’lumot beruvchi “Shohid ul-iqbol” (1873 yil voqealari bayonida uzilib qolgan) deb nomlangan asarlarida, Xorazmning 1813 yildan to 1873 yilgacha oltmish yillik tarixi, diniy vaziyat, vohada yuz bergan ijtimoiy-siyosiy voqealar, iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligi, shahar qurilishi va sug‘orish ishlari, kasb-u hunar va boshqa ko‘plab voqealar yilma–yil, oyma–oy izchillik bilan bayon etiladi.
Shermuhammad Munis Xorazmiyning otasi Avazbiy 1800 yilda vafot etgach, xon 22 yashar Shermuhammadni saroyga taklif qiladi, uni qazuv, qachuv, (suv xo‘jaligi) ishlari bo‘yicha kotib, 1812 yilda amakisi Erniyozbek mirob o‘lib, xon Munisni mamlakatni bosh mirobi qilib tayinlaydi.
Munis o‘z davridagi sug‘orish inshootlari va yer-suv munosabatlariga doir “Arnalar” (arna-anhor, kanal) nomli risola ham yozgan. Bu risola 18-asr oxiri va 19-asr boshlaridagi dehqonchilik bilan bog‘liq, ijtimoiy munosabatlarni o‘rganishda ahamiyatli. O‘ttiz yildan ortiq ijod qilgan adibning ota-bobolaridan meros bo‘lib kelayotgan sulolaviy kasb miroblik haqida “Arnalar” nomli risolasi biz uchun nihoyatda qimmatlidir. Ushbu kitob tufayli biz vohada suvchilik kasbi, dehqonchilik tarixi, suv uchun bo‘lgan urushlar tarixi bilan bog‘liq ijtimoiy siyosiy voqealardan xabardor bo‘lamiz. Asar Xiva xonligi hududida yashovchi o‘zbeklar, turkmanlar, qozoq va qoraqalpoq xalqlari tarixini aks ettirishi bilan ham ahamiyatlidir.
Suv va so‘z saxovatini his etgan Munis va Ogahiy Xorazm tarixida faqat san’at va ma’naviyat bobidagina emas, balki hududni obodonlashtirish, yer-suv islohoti borasida ham xonga maslahatchi, yetakchi bo‘lgani sir emas. Bu kasb taqozosi ayni paytda yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashdir.
O‘lkamiz tarixini o‘rganish barobarida juda katta adabiy merosimizni ham o‘zi bilan olib ketgan Herman Vamberi 1863 yili Xorazmga kelganida Ogahiy bilan tanishgani haqida “O‘rta Osiyoga sayohat” asarida shunday yozadi: “Men Xivada ikki og‘a-ini bilan tanishdim. Biri Munis — a’lo poemalar yozgan. Ikkinchisi — mirob Ogahiydir”, - deya ta’kidlaydi. Buning o‘ziyoq, o‘sha davr tuzumi va tizimida har ikkala siymoning rutbasi, roli katta bo‘lganini bildiradi. Chunki Xiva xonligida miroblik lavozimi eng nufuzli mansab hisoblangan.
Iqtidorli jurnalist va tadqiqotchi olim Umid Bekmuhammad shu xususda ma’lumot bera turib, sun’iy sug‘orishga asoslangan voha sharoitida davlatning nafaqat dehqonchiligi va iqtisodi, balki hayot-mamoti ham suvga, mirobga bog‘liq bo‘lganini ta’kidlaydi. Uning keltirishicha, Munisning bobosi Jiyanbiy 1694 yilda xonlikning bosh mirobi qilib tayinlangan. Uning miroblik paytida vohadagi sug‘orish tizimlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilib, yangi ariq, yoplar qazilgan.
Jiyanbiyning Erniyozbiy va Avazbiy ismli ikki o‘g‘li bo‘lib, vafotidan so‘ng Avazbiy mirob, Erniyozbek bosh mirob bo‘ldi. Avazbiy olti yil faoliyat ko‘rsatib, 1800 yili vafot qilgach, Shermuhammad Xiva xonligining qazuv-qachuv(suv xo‘jaligi) bo‘yicha saroy farmonnavis kotibi etib tayinlandi. Erniyozbek 1812 yili hayotdan ko‘z yumgach, Shermuhammad Munis Xorazmning bosh mirobi etib tasdiqlandi. U ajdodlari ishini davom ettirib, har yili ariq-arnalar, yoplarni tozalash, yangi suv yo‘llari qazish ishlariga bosh-qosh bo‘lardi.
Munisning sug‘orish, suv ilmiga bag‘ishlangan “Arnalar” asari suv xo‘jaligiga bog‘liq muammolarni anglash va his etishda muhim badiiy qo‘llanma sifatida ahamiyatlidir. Ogahiy ham Munis vafotidan so‘ng miroblik va badiiy ijodni bab-baravar olib bordi. Suv xo‘jaligiga daxldor biron muammo bo‘lsa, uni so‘z va aql-idrok ila hal etish zavqi uni bir zum bo‘lsa-da tark etmadi.
Tasavvur qiling, har kuni ariq-arna, yoplarni aylanib, ko‘zdan kechirish suvning qiymati va qudratini anglash unga ilhom baxsh etmaslik aslo, mumkin emas edi. Miroblikning Xorazmda yuqori mansablardan ekani o‘sha davr sharoiti va geografik muhiti bilan bog‘liq edi. Quyi Amudaryo bo‘ylaridagi Qizilqum va Qoraqum oralig‘ida joylashgan vohada suv hayot manbai edi. Bu kasb yurt obodonligi, davlat iqtisodiyoti, dehqonchilik bilan bog‘liq bo‘lgan. Tadqiqotchi Umid Bekmuhammadning keltirishicha, Xiva xonligida maxsus “begor” solig‘i ham qo‘llanilgan. Ushbu soliq suvdan foydalanadigan har bir xonadon uchun majburiy edi. Ariq va kanallarni tozalashga yilning kuz faslida barcha jalb etilgan. Qazuvni bevosita xon, keyin mirob boshlab, so‘ngra omma davom ettirgan. O‘sha davrlarda suv sathi yer yuzasidan past bo‘lgani uchun miroblar suvni yuqoriga ko‘taradigan qurilma — chiqirdan foydalanishgan. Natijada ariq, kanal(yop) suvlari ancha balandga ko‘tarilib, kerakli joylarga chiqarilardi.
Mana bu ma’lumotlarning o‘ziyoq, Xorazm hududida suv bilan murosa qila olish katta tajriba va idrokni talab etgan. Bu xizmat unga taqdir taqozosi bo‘lgani borasida “Ta’viz ul-oshiqin” devonida Ogahiy shunday yozgandi: “faqir aban anjad Xorazm mamlakati sultonlarining davlatxoh umarosi zubdalaridin va o‘zbekiya tavoifidin yuz dudamoni u
mdalaridin miroblig‘ mansabi oliysig‘a mansub va sadrnishinlik martabai mubtalosig‘a mansubdurman”. Bu mazmunan shunday “shoirning ajdodlari amirlar (xonlar) sulolasidan va o‘zbeklar toifasining yuzlar urug‘idan, miroblig‘ mansabi oliysig‘a mansub va ulug‘ mansabdorlik martabasig‘a daxldor“ bo‘lgan.
Ogahiy dastlab mirob yordamchisi keyinchalik esa, bosh mirob sifatida ishlagan paytlarida Xorazmdagi butun ariq, yoplarni tozalatish, yangi suv yo‘llarini qazdirish bilan sidqidil shug‘ullangan.
Xorazmning yerlari sho‘rangiz, uch-to‘rt martalab kech kuzdan erta bahorgacha sho‘ri yuvilmaguncha hosil olish qiyin bo‘lgan. Yerlarga daryodan arna (anhor)ga, undan yoplar orqali dalaga suv chiqarishning o‘zi bo‘lmagan. Bunday g‘oyatda mas’ul ishlarga esa miroblar boshchilik qilgan. Xonlikdagi miroblik ishlari, umuman suv muammosini bartaraf etish esa bosh mirob Ogahiyning zimmasidagi yuksak vazifa edi. Tabiiyki, bosh miroblik vazifasiga ishbilarmon, yer holatini, suv yo‘llarini yaxshi biladigan, mudomo dala-suv yo‘llarida yurishga layoqatli, sog‘lom inson tayinlangan deya ma’lumot keltiradi Umid Bekmuhammad. Sun’iy sug‘orishga mo‘ljallangan arna, yoplarni qazdirish, har yili kuz va erta bahorda Amudaryoning loyqa suvidan kanallarni tubiga o‘rnashib qolgan cho‘kindilarni tozalatish undan-da katta mashaqqat, nainki ekin maydonlarini, balki xonlik hududini daryo toshqinidan saqlashga harakat qilish bosh mirobning zimmasida edi.
Xorazmda dagish deya daryoning toshqinidan sodir bo‘ladigan o‘pirilish, katta ofat nazarda tutilgan. Ba’zida jo‘shqin Jayhun daryo qirg‘og‘ini tagidan o‘pirib, 30-40 metrlab joyini yutib ketadi. Natijada atigi bir lahzagina oldin ekilib turgan yer bo‘tanaga aylanadi, hududni suv bosadi. Aynan ana shunday o‘pirilish-toshqinlarning oldini olish uchun daryo qirg‘og‘ini dambalar ko‘tarib (bu Xorazmchasiga “qochi” deyiladi) mustahkamlash qadimdan o‘ta mas’uliyatli vazifa bo‘lib, bu ishga bosh mirob boshchilik qilgan. Dambalarni ko‘targanda nazorat qattiq bo‘lib, tuproqqa birorta cho‘p-o‘tin aralashmasligiga e’tibor qaratilgan. Chunki, sichqon iniday tirqishdan ne bir qochilarning o‘pirilib ketishi fojiani-suv toshqinini keltirib chiqargan. Dambalar daryo qirg‘og‘i bo‘ylab, bir necha qatorlab, miroblarning aniq hisob-kitoblari asosida olib borilgan. Dambaning pastdan yuqorigacha kengligi 15-18 metr, usti bo‘lsa 8 metrgacha, daryo sathidan 3-4 metr baland qurilgan. Damba ko‘tarish, arna, yoplarni qazishga xonlikdagi barcha erkaklar jalb etilgan.
Ogahiy hazratlari 36 yoshida -1845 yili xonlikdagi qazuv harakati avj olgan paytda otdan yiqilib, oyog‘i singani bois biroz oqsoqlanib yurgan. Qolaversa, miroblik ishi g‘oyat qiyin vazifa bo‘lib, suv muammosi, nizo-janjallarni bartaraf etish ham unga bog‘liq edi.
Yaxshi taxallus, nom tangridan in’om. Tog‘a va jiyanning adabiy taxallus tanlashida ham bir sir-sinoat bordek go‘yo. Munis - do‘st, ulfat, o‘rtoq demakdir. Bu yaqinlik, qardoshlik ma’nosini beradi. O‘z hayotiy faoliyatida, ijodiyotida bu xususiyat yaqqol sezilib turadi. Xalqqa yaqin bo‘lish, ularning tashvish va muammolarini bartaraf etishga intilishdek xayr va savob bor unda. Munis ijodiyotida ishorat bo‘lsa, Ogahiy ijodida bashorat bor. Ogohlik xavf-xatar va quvonchlarni oldindan sezish, idrok etish asnosida e’tirof etishdir. Sergaklik, ziyraklik va hushyorlikkina ogohlikni taqozo etadi. Ogohlik davr talabi deyilishida ham chuqur mantiq bor.
Alisher Navoiy hazratlarining “Erursan shoh, agar ogoh sen, sen, Agar ogoh sen, sen, shoh san sen”, deb aytgan tarbiyaviy fikri bejiz aytilmagan. Ehtimolki, o‘zining piri rahnamosi deb bilgan Navoiyning ushbu da’vati Muhammad Rizoning Ogahiy deb adabiy taxallus tanlashlariga bois bo‘lgandir. Balki, Bahouddin Naqshbandiyning ushbu hikmati unga ta’sir qilgandirki, shu taxallusni maqbul ko‘rgan bo‘lsa ne ajab.
Ko‘r ketar ekan bilmay istiqbolda choh,
Uni ogoh etmasang sendadir ulug‘ gunoh.
Ogahiy so‘zda suvdayin oqib zilol ma’nolar ila qalblarni ziynatladi. U mirob sifatida suvning kamayib ketishi-yu suv toshqinidan xavfda yashadi. Bunga befarqlik xalqqa falokat bo‘lishini uqtirdi. Bugungi kundagi loqaydligimiz, Oroldek haybatli dengizni quritdi. Biz ogoh bo‘lganmizda edi, har kuni dunyoda 6 mingga yaqin bola ichishga yaroqsiz suv iste’mol qilgani bois kasallikka chalinib, vafot etmagan, suvning ifloslanishi tufayli odamlar oshqozon-ichak, buyrak, jigar, allergik xastaliklarga duchor bo‘lmagan bo‘lardi.
Ekspertlarning xulosalariga ko‘ra, 2025 yilga borib, 5 milliard kishi suv tanqisligiga duchor bo‘ladi. 2050 yilga kelib yer yuzi aholisi 9 milliardga yetishi bashorat qilinmoqda. Ichimlik suvi zaxiralarining kamayishi va ifloslanishi, ekin maydonlarining sho‘rlanishi, suv isrofgarchiligi davom etmoqda. Tugab borayotgan suv zaxiralari ham borligidan ko‘z yuma olmaymiz. Bularning barchasi “Suvdek serob bo‘l” degan duoning mohiyatini, “Suvga tupurma, axlat tashlama, quduqqa tosh to‘kma, yuvindini ariqqa oqizma”, “Daryo bo‘yida o‘tirsang ham suvni isrof qilma“ degan o‘gitlarning xosiyatini bilmaganimizdan emasmikan. Suvga mas’ullik Ogahiy kabi ogohlikka chorlovchi mirob va shoirlarninggina emas, balki hammamizning fuqarolik burchimizdir.
To‘g‘ri, davlatimiz rahbarining 2017 yil 4 maydagi “2017–2021 yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu muammolarni bartaraf etishga qaratildi. Bu borada qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Lekin to hanuz yetarli emas. Shuningdek, mamlakatimizda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va kanalizatsiya ob’ektlarini qurish hamda mavjudlarini rekonstruksiya qilish ishlari uchun Moliya vazirligi huzurida “Toza ichimlik suvi” jamg‘armasi tashkil etilgani ham e’tiborli bo‘ldi. Lekin bu suv taqsimoti borasidagi qusurlarimizni butunlay bartaraf etdi deyishdan yiroqmiz.
Kezi kelganda aytish kerakki, buyuk adibimizning o‘sha zamondan turib bugunni o‘ylab tashvish tortishi, ogohlikka chaqirishi uning ma’naviyati yuksak, bashorati buyuk ekanini bildiradi. Shunday ekan, uning nomini ulug‘lash, qilgan ezgu ishlarini abadiylashtirish, miroblik bobidagi hamda shoir, tarixchi, tarjimon sifatidagi faoliyatini teran tadqiq etish ma’naviy farzimiz, ma’rifiy qarzimizdir. Bu boradagi harakatni yanada jonlantirish uchun dadil qadamni Prezidentimiz boshlab berganiga shubha yo‘q.
Bunga asos O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining joriy yilning 20 martidagi “Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash hamda Xiva shahrida Ogahiy ijod maktabini tashkil etish to‘g‘risida“gi 238 - son qaroridir. Qarorda qayd qilinishicha, o‘zbek mumtoz adabiyoti, milliy madaniyati, ma’naviyati va ma’rifati taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ shoir, tarixnavis, tarjimon, davlat arbobi Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiyning 210 yilligini keng nishonlash hamda ijodini targ‘ib qilish, izdoshlarini kashf etish va ular o‘z iste’dodlarini namoyon qilishlariga shart-sharoit yaratib berish asosiy maqsaddir. Shunga muvofiq Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarni yuksak saviyada tashkil etish, belgilangan chora-tadbirlar sifatli amalga oshirilishini muvofiqlashtirib borish, yuzaga keladigan masalalarni o‘z vaqtida hal etish vazifalari tashkiliy qo‘mitaga yuklandi.
Xiva shahridagi Ogahiy nomidagi majmua tarkibiga kirgan inshootlarni, jumladan, shoir maqbarasini ta’mirlash hamda unga tutash hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “Sharq“ nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda 2019-2021 yillarda Ogahiyning asarlar to‘plamini nashr etish, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda “Ogahiy - shoir, tarixnavis, tarjimon va davlat arbobi“ mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etish, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda Ogahiy ijodiga bag‘ishlangan “Nazm va navo“ kechasini o‘tkazish ana shu boradagi xayrli ishlar sifatida qayd etildi.
Ayniqsa, Xiva shahrida Ogahiy nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib o‘qitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifning ma’qullanishi nur ustiga a’lo nur bo‘ldi. 2019-2020 o‘quv yilida Ijod maktabining 5, 6, 7 va 8-sinflariga hamda 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab 5-sinfiga 30 nafardan o‘quvchi tanlov asosida qabul qilinishi dastlabki ma’rifiy harakatning boshlanishigina bo‘lib qolmay, balki mamlakatimizning yanada taraqqiy etishiga zamin hozirlay oladigan intellektual salohiyatli yoshlarning kamol topishi sari tashlangan dadil va qutlug‘ qadamdir.
Ogahiydan meros qolgan adabiy meros, u qazdirgan ariq va kanallar, o‘z qo‘li bilan o‘tqazgan tut daraxti bugun uning boqiyligi va barhayotligiga nishondir. Ogohlikning sirli sadosi sifatida sizu bizni hushyorlikka chorlaydi.
Rahimboy Jumaniyozov
TIQXMMI Matbuot xizmati rahbari.
Bahriddin Muqimov
TIQXMMI “Gumanitar fanlar” kafedrasining o‘qituvchisi,