Ogohlik va profilaktika — eng muhim himoya
Bugungi globallashuv va aholi migratsiyasi jadallashgan davrda inson salomatligini muhofaza qilish, ayniqsa, yuqumli kasalliklarning oldini olish masalasi dunyo hamjamiyati oldidagi dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Shunday kasalliklardan biri — OIV/OITS bo‘lib, uning tarqalishini cheklash nafaqat tibbiyot sohasi, balki butun jamiyatning hamkorligi va mas’uliyatini talab etadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni oshirish, erta tashxis qo‘yish, profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish hamda bemorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, hududlarda aholini ommaviy skriningdan o‘tkazish, xavf guruhlari bilan manzilli ishlash va yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Toshkent viloyatida ham OIV infeksiyasiga qarshi kurashish, uning oldini olish va aholi xabardorligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 2026-yil 1-mart holatiga ko‘ra, viloyatda 7 ming 790 nafar shaxs OIV infeksiyasi bilan yashamoqda. Ularning 52,1 foizi erkaklar, 47,8 foizi ayollardir. Shuningdek, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 165 nafarni tashkil etmoqda.

OIV infeksiyasi bilan yashovchi shaxslarning 90,1 foizi dispanser nazoratiga olingan bo‘lsa, 84,7 foizi virusga qarshi maxsus dori vositalari bilan davolanmoqda. Bu esa kasallikni nazorat qilish va bemorlarning hayot sifatini yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlar samarasini ko‘rsatadi.
— Tahlillarimizga ko‘ra, 2025-yil davomida viloyatning chekka hududlarida OIV infeksiyasi yuqishi ehtimoli yuqori bo‘lgan aholi qatlamlari orasida profilaktik tadbirlar kuchaytirildi, — deydi Toshkent viloyati OITSga qarshi kurashish markazi mutaxassisi Ahmadjon Aitboyev. — Jumladan, 8 ming 144 nafar fuqaro ekspress test orqali OIV infeksiyasiga tekshirildi. Shu bilan birga, tashqi mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq xavf omillarini kamaytirish maqsadida 15 ming 920 nafar migrant ro‘yxatga olinib, ularning 11 ming 411 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tekshiruvlar natijasida 33 nafar migrantda OIV infeksiyasi aniqlandi.

Hisobot davrida viloyat bo‘yicha jami 298 ming 212 nafar fuqaro OIV infeksiyasi bo‘yicha tekshiruvlarga jalb etildi. Ulardan 106 ming 31 nafari erkaklar, 192 ming 181 nafari ayollardir. Natijada 598 nafar fuqaroda OIV infeksiyasi aniqlangan.
OIV infeksiyali onalardan tug‘ilgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ham doimiy e’tiborda. Xususan, dispanser nazoratida turgan OIV infeksiyali homilador ayollardan tug‘ilgan chaqaloqlarni quruq sut aralashmalari bilan uzluksiz ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Bu mahsulotlar Respublika OITSga qarshi kurashish markazi tomonidan markazlashgan tartibda yetkazib berilmoqda.

Aholi o‘rtasida profilaktika ishlarini kengaytirish maqsadida shahar va tumanlardagi dehqon bozorlarida, vaqtinchalik ish bilan ta’minlash nuqtalarida ham turli aksiyalar tashkil etildi. Ushbu tadbirlar doirasida ming nafarga yaqin ko‘ngilli fuqarolardan ekspress test namunalari olindi va profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.
Shuningdek, shahar va tumanlardagi davolash-profilaktika muassasalari patronaj hamshiralari, maktab hamshiralari uchun maxsus seminarlar tashkil etilib, ular tomonidan mahallalarda mehnat migrantlari, vaqtincha ishsizlar, nikohlanuvchilar, homilador ayollar va yosh oilalar bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Maktablarda esa yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida OIV/OITS profilaktikasiga bag‘ishlangan suhbatlar tashkil etildi.
Bundan tashqari, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarida hamda jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar uchun ham profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Jahon OITSga qarshi kurashish kuni munosabati bilan oliy ta’lim muassasalari, texnikumlar, umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari, davolash muassasalari, masjidlar va boshqa jamoat joylarida turli tadbirlar tashkil etildi. Ularda 3 ming 500 nafardan ziyod ishtirokchi qamrab olindi hamda aholiga targ‘ibot va ko‘rgazmali materiallar tarqatildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, OIV infeksiyasiga qarshi kurashishda eng muhim omil aholining tibbiy savodxonligini oshirish, muntazam tekshiruvdan o‘tish va kasallik haqidagi noto‘g‘ri tushunchalarni bartaraf etishdir. Zero, sog‘lom jamiyat har bir fuqaroning mas’uliyati va befarq bo‘lmagan munosabatidan boshlanadi.
A.Musayev, O‘zA