O‘g‘lonlar harbiy xizmatga yo‘l oldi
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 12 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan joriy yilning mart-aprel oylarida yoshlarning muddatli harbiy xizmatga chaqirilishi belgilab qo‘yilgan.
Sirdaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punktida Sirdaryo yoshlari Vatan oldidagi sharafli burchlarini ado etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari saflariga kuzatildi. Tantanali tadbirda Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi, Qurolli Kuchlar vazirlik va idoralari hududiy rahbarlari, nuroniylar, ota-onalar va yoshlar ishtirok etdi.


Yuzlab yoshlar orasidan saralab olingan o‘g‘lonlar bir safda mardona turar ekan, ularning ko‘zlarida yurtga sadoqat bilan xizmat qilish istagi porlardi.
– Harbiy bo‘lishni bolaligimdan orzu qilardim, – deydi Oqoltin tumanidagi “Shodlik” MFYdan o‘z yigitlik burchini o‘tashga ketayotgan Ilhomjon Ummatov. – Harbiy xizmatda barcha oldimga qo‘yilgan jangovar topshiriqlarni o‘zlashtirib, harbiy-siyosiy bilimlarni puxta egallab Vatanimga, Prezidentimga, xalqimga sadoqat bilan xizmat qilishni o‘z oldimga maqsad qilganman.


Keksalar, ota-onalarning duolari, harbiy orkestrning vatanparvarlik kuylari barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.


Muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarni Qurolli Kuchlar safiga kuzatishga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar viloyatda bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri