Og‘ir atletika: Diyorbek muvaffaqiyatga erishgan qit’a chempionatida Osiyo rekordi yangilandi
O‘smirlar va yoshlar o‘rtasida o‘tayotgan Osiyo chempionati hamda “Markaziy Osiyo ochiq chempionati”ning ortda qolgan ikkinchi kungi musobaqalari yangi rekordlar o‘rnatilganligi hamda o‘zbekistonlik mahoratli sportchilar uchun katta imtihon va tajriba maydoni vazifasini o‘tadi.
Shiddatli kechgan musobaqalar natijasida -60 kg vazn toifasida bahs olib borgan Filippin vakili Jeric Icon Kastro raqiblarini katta ustunlik bilan ortda qoldirib, siltab ko‘tarish mashqida 144 kg natija qayd etdi va o‘smirlar o‘rtasida Osiyo rekordini yangiladi.
Filippinlik sportchining ikki mashq bo‘yicha umumiy natijasi 260 kilogrammni tashkil etdi. U eng yaqin ta’qibchisidan 15 kilogrammga o‘zib ketdi.
[gallery-30799]
O‘zbekistonlik sport ishqibozlari uchun e’tiborli jihati, Markaziy Osiyo ochiq chempionatining -65 kg vazn toifasida bahs olib borgan hamyurtimiz Diyorbek Odilov dast ko‘tarishda 127 kg, siltab ko‘tarishda esa 153 kg natija qayd etib, ikki kurash yakuniga ko‘ra, 280 kg natija bilan g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
Umumiy ko‘rsatkichlarga ko‘ra, Diyorbek Odilov ochiq chempionatda 2 ta oltin va 1 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Musobaqalar davom etmoqda.
T.Ro‘ziyev, A.Mamadaminov (foto). O‘zA