Og‘ir atletika: Afsonalarning tarixiy “dueli” yaqin
Toshkentdagi “Yunusobod” sport majmuasida og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan jahon chempionati qizg‘in pallaga kirib bormoqda.
Chempionatning o‘tgan to‘qqiz kuni mobaynida o‘ziga xos shov-shuvlar sodir bo‘ldi. Yangi rekordlar o‘rnatildi. Dunyo og‘ir atletikasining 2021 yildagi yangi chempionlari aniqlandi. Bugungacha jahon chempionatining erkaklar va ayollar o‘rtasida 7 tadan vaznida g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ldi.
Bugun, 15 dekabr kuni 102 kilogramm vazn toifasida supaga hamyurtimiz Qurbonmurod Namozov ko‘tarildi. Shu yilning oktyabr oyida Saudiya Arabistoni mezbonligida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tgan jahon chempionatida 3ta oltin medalni qo‘lga kiritgan Qurbonmurod Namozov avvaliga chempionatning "B" guruhida qatnashib, dast ko‘tarishda dastlab 148 kg, keyin 153 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirdi va o‘z guruhida beshinchi o‘rinni band etdi.

Siltab ko‘tarishda hamyurtimiz avvaliga 180 kilogramni ko‘tardi, ikkinchi urinishda esa 187 kilogramm toshni o‘ziga bo‘ysundirdi. Ammo, Samarqandda ulg‘ayib, Qashqadaryo sport maktabida kamolga yetayotgan iste’dodli yosh sportchimiz uchinchi imkoniyatdan foydalanmaslikka qaror qildi.
Shu tariqa, o‘z guruhidagi tajribali sportchilardan 3-11 yoshga kichik bo‘lgan hamyurtimiz 17 yoshli Qurbonmurod Namozov kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatining siltab ko‘tarish mashqini oltinchi o‘rinda yakunladi.
Ahamiyatlisi, ushbu ko‘rsatkich iste’dodli sportchimizni jahon og‘ir atletikasidagi olimpiya va jahon chempionlari orasida munosib o‘rni borligini, mamlakatimizda yana bir yorqin og‘ir atletika vakili kamolga yetayotganligini ko‘rsatdi.
– Kutilganidek, 2021 yilning eng nufuzli musobaqasi bo‘lgan jahon chempionati yuqori darajada, yangi va shov-shuvli natijalar qayd etilgan holda davom etmoqda. Biz uchun ahamiyatli jihati, kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati tufayli o‘nlab istiqbolli yoshlarimizni sinovdan o‘tkazdik. Ularning tajribasini oshirib oldik. Mazkur chempionat orqali O‘zbekiston sport salohiyatini, uning katta imkoniyat va yuksalish dinamikasiga ega ekanligini dunyoga ko‘rsata oldik. Yana bir ahamiyatli tomoni, Yangi O‘zbekiston tamoyili, uning xalqaro sportdagi obro‘-e’tiborini jahon chempionati timsolida namoyish etish, dunyo sport jamoatchiligi diqqatini Toshkent maydonlariga qaratishga erishdik. Muhimi, keng qamrovli chempionat sababli O‘zbekiston sportidagi menejerlik, tashkiliy va tashviqot ishlari, sport volontyorligi, sport psixologiyasi kabi yo‘nalishlarda tajribamiz oshdi. Qolaversa, uzoq muddatli xalqaro musobaqalarni Toshkentda o‘tkazish tajribasini takomillashtirdik, bunga ko‘nikma hosil qilishga erishdik, – deydi O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shaxrulla Mahmudov.
Eslatib o‘tamiz, ertaga 16 dekabr kungi musobaqalarda 109 kilogramm og‘irlikdagi sportchilar jahon chempionligi uchun bahslarga kirishadi. Aynan ushbu vaznda O‘zbekiston sport faxri, jahon og‘ir atletikasining bugungi kundagi harakatdagi afsonalari bo‘lgan ikki og‘ir atletikachimiz – Ruslan Nuriddinov va Akbar Jo‘rayev maydonga chiqadi.
Ular ishtirokidagi bahsga nafaqat yurtimiz, balki xalqaro sport olamidagi millionlab sport ixlosmandlari, mutaxassislari katta qiziqish bildirganki, bu, so‘zsiz og‘ir atletika dunyosidagi o‘lkan kurashlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Shuningdek, ertaga, 16 dekabr kuni jahon chempionatining 87 kg vaznida hamyurtimiz, yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Tursunoy Jabborova chempionatning medallari uchun “Yunusobod” supasiga ko‘tariladi.

Yakunlanishiga ikki kun qolgan jahon chempionatining 15 dekabr holatida medallar jamg‘arish borasida hozircha 3 ta oltin va bitta bronza medali bilan Janubiy Koreya vakillari yakka peshqadam bo‘lib turgan bo‘lsa, 2 ta oltin va 1 tadan kumush va bronzaga egalik qilib turgan Tailand sportchilari ikkinchi pog‘onada bormoqda. Hisobida bitta oltin hamda 3 ta kumushli kolumbiyaliklar keyingi o‘rindan joy olgan. Ulardan keyingi o‘rinlarni bittadan oltin va kumushga ega O‘zbekiston, AQSH va Xitoy Taypeyi terma jamoalari band etgan.
Toshkentdagi shiddatli bahslarda 80 ga yaqin mamlakatlarning kuchli sportchilari qatnashayotgan bo‘lsa, shundan 24 tasi jahon chempionatining ikki kurash bo‘yicha, 32 tasi alohida dasturlar doirasidagi medallarni qo‘lga kiritishdi. Qolgan 55 ga yaqin davlatlar hali chempionatning biror-bir sovrinli o‘rnini egallamadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA