Odil Yoqubov ijodi – milliy adabiyotimizning bebaho merosi
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti hamkorligida xalq yozuvchisi Odil Yoqubov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan respublika ilmiy anjumani tashkil etildi.
«XX asr o‘zbek nasrida Odil Yoqubov ijodining o‘rni» deb nomlangan mazkur ilmiy tadbirda adibning boy adabiy merosi, o‘zbek nasri taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi va ijodiy mahorati atroflicha muhokama qilindi.
Anjuman mamlakatimizda milliy adabiyotimiz tarixini chuqur o‘rganish, buyuk so‘z san’atkorlarining hayoti va ijodini keng targ‘ib etish, ularning ma’naviy merosini kelajak avlodga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar doirasida tashkil etilgan.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 1-apreldagi tegishli farmoyishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov tavalludining 100 yilligini munosib nishonlashga qaratilgan.

Ilmiy anjumanda taniqli adabiyotshunos olimlar, oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlar va yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi. Unda adib ijodining o‘zbek adabiyoti taraqqiyotidagi o‘rni, asarlarining badiiy-estetik xususiyatlari, qahramonlar ruhiyatini ochib berish mahorati, tarixiy voqelik va badiiy talqin uyg‘unligi kabi masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Odil Yoqubov o‘zbek adabiyotida inson taqdiri, zamon va shaxs munosabatlari, ma’naviy qadriyatlar, vijdon va adolat kabi muhim mavzularni qalamga olgan ijodkor sifatida alohida o‘rin tutadi. Uning asarlarida insonning ichki kechinmalari, hayot sinovlari qarshisidagi tanlovi, jamiyatdagi o‘zgarishlar va milliy o‘zlikni anglash masalalari o‘ziga xos badiiy talqin topgan. Adib qahramonlari orqali o‘quvchini hayot haqida mushohada yuritishga, voqea-hodisalar mohiyatiga chuqurroq nazar tashlashga undaydi. Ayniqsa, yozuvchining tarixiy mavzudagi asarlari o‘zbek nasrining badiiy imkoniyatlarini namoyon etishi bilan ahamiyatlidir. Ularda tarixiy shaxslar taqdiri, davr ziddiyatlari, hokimiyat va inson munosabatlari, haqiqatni anglash va uni himoya qilish masalalari mahorat bilan yoritilgan. Tarixiy voqelikni badiiy tafakkur orqali qayta jonlantirish, o‘tmish saboqlarini bugungi kun bilan bog‘lash adib ijodining muhim xususiyatlaridan hisoblanadi.

Anjuman davomida tinglangan ilmiy ma’ruzalarda ham Odil Yoqubov asarlarining g‘oyaviy-badiiy mazmuni, nasriy tafakkur taraqqiyotiga ta’siri, yozuvchi uslubining o‘ziga xos jihatlari va adabiy merosining bugungi adabiyotshunoslik uchun ahamiyatiga e’tibor qaratildi. Olimlar tomonidan adib asarlarini yangi ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etish, ularda ilgari surilgan g‘oyalarni zamonaviy adabiy jarayonlar bilan qiyosiy o‘rganish masalalari ham muhokama qilindi.
Bunday ilmiy muloqotlar, avvalo, adabiyotshunoslikdagi mavjud tadqiqotlarni boyitish, adib ijodining hali to‘liq o‘rganilmagan qirralarini kashf etish va ilmiy izlanishlar ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, tajribali olimlar bilan yosh tadqiqotchilar o‘rtasidagi fikr almashinuvi yangi ilmiy g‘oyalarning shakllanishi, adabiy merosga nisbatan qiziqishning ortishi uchun muhim imkoniyat yaratadi.

Ilmiy ma’ruzalar va munozaralar orqali yosh tadqiqotchilar adib ijodiga oid yangi ma’lumotlar bilan tanishish, o‘z qarashlarini boyitish va ilmiy izlanishlarini yanada rivojlantirish imkoniga ega bo‘ldi.
N.Usmonova,
O‘zA