Oddiy, lekin oliy haqiqat!
Hozir hikoya qilib bermoqchi bo‘lgan bir voqea orqali o‘zim benihoya ulug‘laydigan, aziz inson, muhtaram ustozim, bugungi kunda tabarruk sakson yoshdan oshganda ham odil sudlov sohasida darg‘alik qilayotgan Ubaydulla Mingboevning yuksak ma’naviy qiyofasi, uning naqadar adolatpesha shaxs ekanligini cizning tasavvuringizda imkon qadar to‘laroq namoyon bo‘lishini xohlardim.
Hozir hikoya qilib bermoqchi bo‘lgan bir voqea orqali o‘zim benihoya ulug‘laydigan, aziz inson, muhtaram ustozim, bugungi kunda tabarruk sakson yoshdan oshganda ham odil sudlov sohasida darg‘alik qilayotgan Ubaydulla Mingboevning yuksak ma’naviy qiyofasi, uning naqadar adolatpesha shaxs ekanligini cizning tasavvuringizda imkon qadar to‘laroq namoyon bo‘lishini xohlardim.
Voqea quyidagicha bo‘lgan edi. Yanglishmasam, 1999 yilda (oyi va kunini eslay olmayman) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining majlisida quyi sud instansiyalarining qarorlarini nazorat tartibida ko‘rib chiqish jarayoni edi. Men ham o‘sha vaqtda Oliy sud sudyasi, shuningdek, to‘qqiz nafar Rayosat a’zosidan biri bo‘lganim uchun oyida kamida ikki marotaba, ba’zan esa ish hajmi ortgani bois har haftada o‘tkaziladigan mazkur sud instansiyasi majlislarida ishtirok etar edim. O‘z huquqiy maqomiga ko‘ra, Oliy sud Rayosati mamlakatimiz sud hokimiyatining eng yuqori instansiyasi sanalmish Oliy sud Plenumidan keyingi sud bosqichi hisoblanardi.
Rayosat majlislarida asosan murakkab toifadagi jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha chiqarilgan sud hujjatlariga nisbatan Oliy sud va Bosh prokuratura rahbariyati tomonidan kiritilgan protestlar muhokama qilinar va yakuni bilan tegishli sud qarori qabul qilinar edi. Bu protestlarning kiritilishi asoslari esa turlicha bo‘ladi. Xususan, protestlarning ayrimlari muayyan bir jinoyat ishi bo‘yicha mahkum yoxud jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilari shikoyatlarini ko‘rib chiqish natijalariga asosan kiritilsa, boshqalari esa odil sudlov amaliyotini o‘rganish va umumlashtirish maqsadida Oliy sud tomonidan o‘tkaziladigan tahlillar jarayonida aniqlangan sud xatolarini bartaraf etish nuqtai nazaridan kiritiladi. O‘sha davrlarda bunday tahlillar Oliy sud rahbariyatining tashabbusi bilan ko‘plab o‘tkazilar, mamlakatimizda jadal olib borilayotgan yangicha milliy sud-huquq siyosati ham shuni taqozo qilardi. Sobiq Sho‘rolar mafkurasiga asoslangan “paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi”, deb nom olgan o‘sha mash’um qatag‘on qurbonlariga doir necha minglab jinoyat ishlarining Oliy sud tomonidan nazorat tartibida ko‘rilib, ular yuzasidan adolatli ravishda oqlov hukmlari chiqarilgani mustaqil mamlakatimiz sud hokimiyatining shonli tarixi sifatida bugungi kunda iftixor bilan aytiladi. Yoxud Oliy sud rahbariyatining tashabbusi bilan o‘tkazilgan boshqa ko‘plab sud amaliyotini umumlashtirishlar doirasida ham qanchadan-qancha dastlabki tergov va sud xatoliklari bartaraf etilganligi, ayblov hukmlari adolat mezonlariga asosan o‘zgartirilganligi, bekor qilinganligi va oqlov hukmlari chiqarilganligini qayd etish lozim.
Misol uchun, birgina diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki faoliyati taqiqlangan boshqa tashkilotlarda ishtirok etganligi uchun sudlanganlarga doir jinoyat ishlari bo‘yicha o‘tkazilgan sud amaliyotini umumlashtirish natijasida mingdan ortiq shaxsga nisbatan chiqarilgan ayblov hukmlari o‘zgartirilib yoki bekor qilinib, bu toifa ishlar yuzasidan odil sudlovlilik prinsiplari ta’minlanganligi natijasida ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan yuzlab insonlar o‘z oilalari bag‘riga qaytarildi. Ularning aksariyati bilib-bilmasdan, diniy tushunchalari sayozligi bois adashib va aldanib bu tashkilotlar faoliyatiga aralashib qolgan, bevosita o‘zi biron bir og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etmagan, keyinchalik tushunib yetib o‘z qilmishlaridan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jazoni o‘tash davrida ijobiy tavsiflangan, axloqan tuzalish yo‘liga o‘tgan shaxslar edi. Bundan tashqari, achchiq bo‘lsa-da bir haqiqatni aytgan ma’qul. O‘sha davrlarda mamlakatimizda sodir etilgan ba’zi bir terrorchilik jinoyatlari oqibatida yuzaga kelgan ommaviy vahima, qo‘rqinch va xavotir ta’sirida, shuningdek, muayyan huquq-tartibot va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning huquqiy savodxonligi past bo‘lgan, ta’bir joiz bo‘lsa, “pashshadan fil yasovchi” xodimlari bosimi ostida ayrim fuqarolarga nisbatan adolatsiz hukmlar chiqarilganligini ham inkor etib bo‘lmaydi. Nihoyatda katta mavqega ega bo‘lgan bunday idoralarning, yuqori martabadagilari u yoqda tursin, balki oddiy xodimlarining ham “mushugini pisht deyishga”, hatto respublikaning mana-man, degan mansabdor shaxslarining yuragi dov bermagan bir vaqtda Oliy sud rahbariyati tomonidan o‘tkazilgan shunga o‘xshash o‘nlab odil sudlov ishlarini o‘sha davr nuqtai nazaridan ulkan jasorat bo‘lgan, desak hech ham mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Bu ishlarda Oliy sud raisi U.Mingboev bevosita tashabbuskor va rahbar bo‘lganini bugun biz iftixor bilan e’tirof etishimiz lozim.
Xullas, o‘sha Rayosat majlisida ko‘rib chiqilgan ko‘plab jinoyat ishlaridan bittasi bo‘yicha o‘tkazilgan sud muhokamasi menga juda ta’sir etgan, ustozimning naqadar chuqur insoniy falsafa sohibi ekanligiga yana bir bora ishonch hosil qilgan edim. Kimligi aniq esimda yo‘q, qaysidir hamkasabamiz, ya’ni Oliy sud sudyasi, o‘ziga topshirilgan bir jinoyat ishi xususida ma’ruza qildi. Jinoyat ishi respublikamizning chekka va olis hududida umr bo‘yi cho‘ponlik qilib, o‘ziga ishonib topshirilgan, ya’ni o‘z boquvida bo‘lgan ko‘p sonli chorva mollarining nobud bo‘lganligi oqibatida davlatga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazishda aybdor, deb topilib, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilingan shaxsga doir edi. Gap shundaki, mahkum bir necha yildan buyon ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan bo‘lsa-da biron marotaba ham shikoyat bilan murojaat qilmagan, hatto jinoyat ishini ko‘rgan tuman sudi tomonidan chiqarilgan hukmga nisbatan ham na kassatsiya va na nazorat tartibida shikoyat yozgan, go‘yoki qismatim shu ekan-da, degandek ish tutganga o‘xshardi (izoh: o‘sha vaqtdagi qonunchilikda hali apellyatsiya tartibidagi sudlov ishlarini olib borish mavjud emas edi). Hukm ustidan protest Oliy sud raisi tomonidan respublika sudlarida ko‘rib chiqilgan o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishga doir jinoyat ishlari yuzasidan sud amaliyotini umumlashtirish natijasida aniqlangan holatlarga ko‘ra kiritilgan bo‘lib, unda hukmni o‘zgartirish va tayinlangan jazoni yengillatish, aniqroq qilib aytganda, mahkumni ozodlikka chiqarish masalasi qo‘yilgan edi. Jinoyat ishining holatlari xususida qilingan ma’ruzadan ravshan ko‘rinib turardiki, garchand cho‘pon tomonidan chorva mollarining bevosita o‘zlashtirilganligini tasdiqlovchi biron bir dalil mavjud bo‘lmasa-da, biroq faqat ularning talafotga uchrashi tufayli katta miqdordagi kamomadga yo‘l qo‘yilganligi faktining mavjudligidan kelib chiqib unga nisbatan ayblov hukmi chiqarilgan edi. Shuningdek, cho‘ponning xatti-harakatlarini Jinoyat kodeksining 167-moddasi bilan, ya’ni rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish sifatida malakalashning o‘zi yetarli bo‘lsa-da, lekin u bir necha modda bilan aybdor, deb topilib, jinoyatlar majmui tariqasida unga o‘n besh yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi. O‘zining dastlabki tergov va suddagi barcha ko‘rsatmalarida cho‘pon bir xilda bayonotlar qilib, cho‘ponlik unga ota meros kasb ekanligini, bolaligidan boshlab kolxoz va davlat xo‘jaliklarining chorvalarini boqib ro‘zg‘or tebratib kelganligini, ikki o‘g‘li ham o‘zi bilan birga cho‘ponlik qilishlarini, ular qishin-yozin o‘z qishloqlaridan ancha olis cho‘ldagi otarda yashab kelishlarini, nevaralari kampirining parvarishida ulg‘ayayotganini, qish juda qattiq kelib, yem-hashak tanqisligi tufayli qarovidagi chorva mollari kasallanib, juda ko‘pchiligi nobud bo‘lganini, o‘zining qo‘lidan keladigan barcha ishlarni qilganligini, jumladan, kutilayotgan xatarli holat yuzasidan xo‘jalik rahbarlarini bir necha bor ogohlantirganligini, ular esa muammoni tuman rahbarlariga yetkazib ulardan tegishli ko‘rsatma olishlari haqida aytib uni ishontirishgani uchun dastlab xotirjamlikka berilgani, so‘ngra esa loqaydlikka yo‘l qo‘yganligini, shunday bo‘lsa-da o‘zidan boshqa hech kimni aybdor, deb hisoblamasligini, ustiga-ustak katta o‘g‘li ham kasallanib vafot etganidan kulfatga botib qo‘y va qo‘zilarga lozim darajada e’tibor berolmaganidan pushaymonligini bildirgan. Shuningdek, u davlat xo‘jaligiga yetkazilgan zarar juda ko‘p miqdordaligi uchun bu kamomadni hecham bartaraf etolmasligini, shuning uchun sud tomonidan tayinlanadigan jazoga roziligini ma’lum qilgan.
Ish bo‘yicha ma’ruza tugagach, Rayosat majlisida raislik etuvchi U.Mingboev sud majlisi ishtirokchilaridan munosabat bildirishlarini so‘radi. Majlisda qatnashayotgan Bosh prokuror o‘rinbosari (ismi-sharifini aytishni joiz topmadim, biroq tan olib aytish kerakki, u yuksak saviyali huquqshunos va adolatli shaxs edi) prokuror xulosasini berar ekan, protestni qisman quvvatlashini, ya’ni mahkumning xatti-harakatlarini yuridik malakalashda dastlabki tergov organlari va sud tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, shuning evaziga jazoni yengillatish mumkinligini, biroq yetkazilgan zarar juda ko‘p miqdordaligi va u qoplanmaganligi uchun jazoni o‘tashdan ozod qilishga qarshi ekanligini bildirdi. Keyin yana o‘z so‘ziga qo‘shimcha sifatida aytdiki: “Mahkumning o‘zi biron marta ham shikoyat yozmagan bo‘lsa, demakki u o‘z aybdorligini tan olsa, sudda jazoga roziman, deb aytgan bo‘lsa, uni ozodlikka chiqarish maqsadga muvofiqmikan?!”. Ana shunda ustozning yuksak insoniy fazilatlarga limmo-lim qalb bulog‘i otilib ketdi bamisli. U qanday asoslarga ko‘ra mazkur protestning Rayosat majlisi muhokamasiga kiritilganligini tushuntirib berdi. Nutqi sudyalarga xos o‘ta vazminlik bilan qilingan bo‘lsa-da, uning har bir so‘zi yurakka borib teguvchi nayza yanglig‘ nihoyatda ta’sirli va purma’no edi. Baxtga qarshi men bugun uning o‘shanda aytgan gaplarini aynan takrorlay olmayman. Shunday bo‘lsa-da, qalbimdan bir umrga joy egallagan uning bu betakror nutqini mazmun-mohiyatini buzmagan holda sizlarga yetkazishga harakat qilaman. Chunonchi, u shunday degan edi:
“Albatta, biz yuristlar har bir jinoiy-huquqiy hodisaga baho berganda uning oqibatlarini inobatga olishimiz shart. Biroq bizning faqat shungagina tayanib ish tutishimiz xato bo‘ladi. Zeroki, jinoyat sodir etgan bo‘lsa-da, biz har bir shaxsga, eng avvalo, inson sifatida qarashimiz lozim. Ayni holda ham bizning boshqacha ish tutishga haqqimiz yo‘q.
Tan olaylik, qaysi birimiz cho‘pon zotining zahmatli hayot tarzidan boxabarmiz, uning rutubatlariga sherikmiz, deya olamiz. Axir, cho‘ponning ko‘rgan-kechirgani nimadan iborat, uning o‘z bola-chaqasidan yiroqda, zabonsiz hayvonlar tashvishida, suvsiz sahroda, jazirama quyoshda yoki suyakka botuvchi sovuqda kun bo‘yi poda ketidan tayoq ko‘tarib yurishining surgunda yurganlikdan nima farqi bor..?!
Bizning go‘yoki cho‘ponning pichog‘i doimo yog‘ ustida, barra go‘shtidan jizzali kabob yeb yuradi, deb o‘ylaymiz. Biroq qaysi birimiz cho‘pon o‘zidan ko‘ra ko‘proq qo‘yu-echkisini asrashi lozim bo‘lgan izg‘irinli do‘lu-yomg‘ir ostida bir lahza bo‘lsa-da turib bera olamiz?!
Ha, to‘g‘ri, zarar mavjud, zarar bo‘lganda ham juda ko‘p miqdorda va u qoplanmagan. Lekin buning uchun biz yoshi qartaygan cho‘ponni shunchalik uzoq muddatga qamab qo‘ysak nimaga erishamiz, axir, baribir zararni undirolmaymiz-ku, tergovda o‘tkazilgan xatlovda uning hech vaqosi yo‘qligi aniqlangan bo‘lsa. Qolaversa, bu zararning kelib chiqishida kim asosiy aybdor, bu masala ham ish bo‘yicha isbotlanmagan. Cho‘ponning xo‘jalik rahbarlariga kutilayotgan tabiiy ofat va yem-hashak tanqisligi haqida bir necha bor aytganligi to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarini inkor etuvchi dalillar to‘planmagan. Qo‘y-qo‘zilarni so‘yib yeb yuborgani yoki sotganini tergov isbotlab berolmagan bo‘lsa, axir. Aslida, agar tergov va sudda chuqurroq tekshirilib, zarar haqiqatan ham cho‘pon aytganidek bartaraf etib bo‘lmas xavf, ya’ni tabiiy ofat oqibatida kelib chiqqanligi isbotlanganda edi, unday holda jinoyat tarkibining o‘zi bo‘lmasdi. “Yeb yuborgan”, degan taxmin bilan ayblashga bizning mutlaqo haqqimiz yo‘q, bunga qonun yo‘l qo‘ymaydi. Ana shularni sudya sifatida huquqiy jihatdan mushohada qilib ko‘rishimiz shart. Chunki aybsizlik prezumpsiyasiga binoan aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim.
O‘zi bilan birga cho‘ponlik qilgan to‘ng‘ich farzandidan judo bo‘libdi. Jinoyat ishining unga nisbatan qismi javobgarlikka tortilishi mumkin bo‘lgan shaxsning o‘lganligi munosabati bilan tugatilgan. Ikkinchi o‘g‘li ham cho‘pon ekan. Ota-da u! Bolasining qamalib ketmasligi uchun “Bu o‘g‘lim o‘sha davrlarda qishloqda davolanayotgan edi, uning chorvaga aloqasi bo‘lmagan, cho‘pon sifatida ishga rasmiylashtirilmagan ham, bariga o‘zim javobgarman”, deganining sababini ham bir yurakdan o‘tkazib ko‘raylik.
Sudya faqat qonunga asosan ish ko‘rishi shart, albatta. Lekin bu u shafqatsiz bo‘lishi kerak degani emas-ku..! Shunday ham deyarli surgunda yurganlik sharoitida bir umr ishlagan cho‘ponni o‘n besh yilga qamash haqida hukm chiqargan sudyaning, suddan sudlanuvchiga shunday jazo tayinlashni so‘ragan prokurorning yuragi loaqal jiz etganmikan, o‘ylab qolasan kishi..?! Davlat ayblovchisi so‘ragan jazoni beraversa, odil sudlov bo‘ladimi..?! Sud amaliyotini shakllantirishda biz sudyalarga, hatto kazzob “ubiysa”ga ham shunday jazo tayinlashda adolat tarozisiga ming bora o‘lchab ko‘ringlar, deya uqtirayotganimizdan xabardormikan ular..?!
O‘zi shikoyat yozmagan, demak aybdor va jazoga rozi, deb qarashimiz inson taqdiriga beparvolik emasmi? Savodi bormi shikoyat yozgani, nega tergovda ham sudda ham advokat yordamidan foydalanmagan, himoyachidan voz kechganiga sabab mablag‘i bo‘lmaganidandir, bo‘lar ish bo‘ldi, endi kampirim va nevaralarim qiynalmasin, degandir balki..?! Bu va boshqa ko‘p savollar ochiq qolgan, ularga biz javob axtarmasak kim bosh qotiradi?! Xullas, gapirsa gap, o‘ylasak gumon va shubhalarimiz ko‘p. Men Oliy sud raisi sifatida shunday xulosaga keldim, lekin hecham Rayosat a’zolariga ruhiy ta’sir etmoqchi emasman, bunday ish tutish odil sudlov prinsiplariga to‘g‘ri kelmaydi. Faqat protestni quvvatlash yoki quvvatlamaslik bo‘yicha ovoz berayotganlarida ulardan ushbu ishning barcha holatlarini to‘la va har tomonlama mushohada qilib ko‘rishlarini so‘rayman...”
Ustozning bu so‘zlaridan keyin oraga sukunat cho‘kdi, sud majlisi zalida hozir bo‘lgan barchaning qalbi larzaga kelgandi, chamamda.
Men bu ulug‘ zotning siymosida odillik ma’budini ko‘raman. Bu faqat men emas, balki ustozning barcha shogirdlari, u kishini taniydigan sudyalar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va boshqalar tan olgan, bugungi kunda esa Prezidentimizning sharofati bilan xalqimizga andaza sifatida ta’rif qilinayotgan, isbot talab etmaydigan oddiy, lekin oliy haqiqatdir..!
Hoji Murod ISOQOV,
yuridik fanlar nomzodi