OCHL: “Nasaf” bugun “Al-Hilol”ni qabul qiladi
Futbol bo‘yicha Elit Osiyo chempionlar ligasining g‘arbiy mintaqasida umumiy bosqichning ikkinchi tur uchrashuvlari start olmoqda.
Mazkur tur doirasida bugun “Nasaf” – “Al-Hilol”, “Traktor” – “Al-Vahda”, “Al-Garafa” – “Al-Shorta”, “Al-Duxail” – "Al-Ahli" jamoalari o‘rtasidagi o‘yinlar o‘tkazilsa, 30 sentyabr kuni “Al-Sadd” – “Sharja” va “Al-Ittihod” – “Shabab Al-Ahli” bahslariga guvoh bo‘lamiz.

Ushbu uchrashuvlar orasida biz uchun ahamiyatlisi, “Nasaf” va “Al-Hilol” uchrashuvi ekani barchaga ma’lum. Qarshi shahridagi “Markaziy” stadionida soat 18:45 da o‘tadigan mazkur bahsda mezbonlar to‘liq qizil libosda maydonga tushadi, saudiyaliklar esa to‘liq ko‘k rangli libosda harakat qiladi.

Uchrashuvni Ahmad Alali (Kuvayt) bosh hakam sifatida boshqaradi. Unga hamyurtlari Abdulxadi Alanezi va Ahmad Abbos yordam beradi. To‘rtinchi rasmiy hakam sifatida Saud Alsamxan (Kuvayt) tayinlangan.

Ma’lumot o‘rnida: Elit Osiyo chempionlar ligasining umumiy bosqich birinchi tur bahslari yakuniga ko‘ra, "Al-Ahli", “Sharja”, “Al-Hilol” va “Al-Vahda” klublari 3 ochko jamg‘arib, gollar nisbati bo‘yicha 1-4 o‘rinlarga joylashdi. “Al-Sadd”, “Shabab Al-Ahli”, “Al-Shorta” hamda “Traktor” jamoalari durang qayd etgan holda bir ochko bilan keyingi pog‘onalardan o‘rin egalladi. Ilk turda mag‘lub bo‘lgan “Al-Garafa” , “Al-Duxail”, “Al-Ittihod”, “Nasaf” 9-12 o‘rinlarga tushib ketdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA