OCHL-2: «Nasaf» Qarshida guruh peshqadamiga qarshi maydonga tushadi
Bugun, 14-oktabr kuni futbol bo‘yicha Osiyo chempionlar ligasi–2 musobaqasi ikkinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.
Musobaqaning “A” guruhida «Nasaf» Birlashgan Arab Amirliklarining «Al-Vahda» klubini qabul qilib, o‘z maydonida muhim ochkolar uchun kurash olib boradi. «Markaziy» stadionda o‘tadigan uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 18:45 da boshlanadi. Belgilangan tartibga ko‘ra, «Nasaf» qizil, «Al-Vahda» esa qora libosda maydonga tushadi.
Turning ikkinchi bahsida Bahraynning «Al-Holdiya» jamoasi safarda Quvaytning «Al-Kuvayt» klubiga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuv soat 21:00 da boshlanadi.
Birinchi turdan keyin «A» guruhida «Al-Vahda» 3 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. «Nasaf» va «Al-Holdiya» hisobida bir ochkodan mavjud, «Al-Kuvayt» esa hozircha ochko jamg‘armagan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA