Ochiqlik va ishchanlik ruhida o‘tdi
Guliston davlat pedagogika institutida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilgan yutuqlar va istiqboldagi rejalarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda mahalliy va respublika ommaviy axborot vositalari vakillari, soha mutaxassislari va jamoatchilik faollari ishtirok etdi.
Anjuman davomida institut rektori va mas’ul rahbarlar tomonidan ta’lim sifatini oshirish, infratuzilmani yaxshilash va talabalar uchun qulay ta’lim muhitini yaratish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
– 2024-2025 o‘quv yilida 14 ta bakalavriat va 3 ta magistratura dasturi takomillashtirildi, 144 nafar talabalar haq to‘lanadigan amaliyotga jalb etildi. Registrator ofisi faoliyati yo‘lga qo‘yildi, bu esa o‘quv jarayonining samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda, – deya ta’kidladi institut prorektori Nurbek Ayaqulov.
Shuningdek, 108 marta ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazilib, unga 3944 nafar talaba qamrab olindi, bu orqali yoshlar ma’naviyati va ijtimoiy faolligi kuchaytirildi.
Institutda “Yashil iqtisodiyot” tamoyillari asosida ham qator ishlar ham amalga oshirilmoqda. Masalan, “Yashil makon” loyihasi doirasida 7340 ta ko‘chat ekildi, 95 kVt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatildi. Bu esa ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Shuningdek, 400 o‘rinli talabalar turar joyi va 1000 o‘rinli yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi, bu talabalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilmoqda.
Tadbir yakunida OAV vakillari bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Jurnalistlar o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi. Tadbir ishtirokchilari institutda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarga ijobiy baho berib, ta’lim sohasidagi ochiq va shaffof yondashuvni qo‘llab-quvvatlashdi.
Matbuot anjumani Guliston davlat pedagogika institutining taraqqiyot sari ishonchli qadamlar bilan ilgarilab borayotganini yana bir bor namoyon etdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri