Ochiq muloqotlarda yangi imkoniyatlar sharhlandi
Jizzax viloyatida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar, sayyor qabullar va amaliy seminarlar izchil davom etmoqda. Bu muloqotlar orqali nafaqat ishbilarmonlarning muammolari eshitilmoqda, balki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi “Kichik biznes sub’ektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan yaratilgan yangi imkoniyatlar ham joylarda keng tushuntirilmoqda. Eng muhimi, har bir murojaat, har bir taklif va har bir tashabbus davlat siyosati markazida turgan tadbirkor manfaatlariga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlari bilan ishlash tizimi tobora takomillashib, davlat idoralari faoliyatining muhim mezoniga aylanmoqda. Bu borada soliq organlari tomonidan murojaatlarni tezkor ko‘rib chiqish, muammolarni joyida hal etish hamda tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarga amaliy yechim topishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugun tadbirkorlar soliq organlariga murojaat qilish uchun ortiqcha ovoragarchilikka duch kelmaydi. Soliq qo‘mitasining 1198 qisqa raqamli ishonch telefoni, soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti hamda hududiy soliq organlarining rasmiy axborot kanallari orqali murojaat yo‘llash imkoniyati yaratilgan.

Shu bilan birga, Jizzax viloyati soliq boshqarmasi hamda tuman soliq inspeksiyalarida rahbarlarning shaxsiy va sayyor qabullari muntazam tashkil etilib, tadbirkorlarning muammolari bevosita o‘rganilmoqda.
— Har bir murojaat ortida inson manfaati, tadbirkorning mehnati va oilasi farovonligi mujassam, — deydi Jizzax viloyati soliq boshqarmasi Tashkiliy ishlarni nazorat qilish va murojaatlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Rashid Dovurov. — Shu bois murojaatlar bilan ishlashda rasmiyatchilikka emas, natijaga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Takliflar qonunchilikda belgilangan tartibda 15 kungacha, ariza va shikoyatlar esa 15 kun ichida ko‘rib chiqiladi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etilgan hollarda muddat bir oygacha uzaytirilishi mumkin. Asosiy maqsad — murojaat egasini qoniqtiradigan adolatli va asoslangan yechimga erishishdir.

Joylarda o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlar ana shu maqsadning amaliy ifodasi bo‘lmoqda.

Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-iyundan boshlab kichik biznes sub’ektlarining umumiy soliq rejimiga o‘tishi uchun belgilangan chegara qariyb 5 milliard so‘mgacha oshirildi. Shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’muriyatchiligini soddalashtirish, raqamli xizmatlardan foydalanish ko‘lamini kengaytirish hamda biznes uchun ortiqcha byurokratik yuklarni qisqartirish bo‘yicha muhim yangiliklar joriy etildi. Bu esa tadbirkorlarga biznesini qonuniy va shaffof tarzda kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Aynan shu maqsadda Do‘stlik, Mirzacho‘l, Arnasoy, Paxtakor va Zafarobod tumanlarida o‘tkazilgan uchrashuvlarda yuzlab tadbirkorlar ishtirok etishdi. Tadbirlarni Jizzax viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Zafar Mamnazarov olib bordi.

Muloqotlarda Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi hamda iqtisodiy nazorat organlari vakillari ishtirok etishib, tadbirkorlarga davlatimiz rahbarining yuqorida nomi zikr etilgan Farmoni asosida yaratilayotgan qulayliklar, soliq ma’muriyatchiligidagi yangiliklar va biznesni rivojlantirishning huquqiy mexanizmlari haqida atroflicha ma’lumotlar berishdi.
Forish tumanida tashkil etilgan navbatdagi ochiq muloqot ham tadbirkorlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tuman markazida o‘tkazilgan amaliy seminarda kichik va o‘rta biznes vakillari hamda soliqchilar o‘zaro muloqot qilishib, mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashishdi.

Uchrashuv davomida tadbirkorlarga soliq qonunchiligidagi so‘nggi o‘zgarishlar, elektron xizmatlar imkoniyatlari va davlat tomonidan taqdim etilayotgan qo‘shimcha yengilliklar haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, Prezident farmonida belgilangan vazifalarning hayotga tatbiq etilishi kichik biznes sub’ektlarining iqtisodiyotdagi o‘rnini mustahkamlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Bugun davlat idoralari bilan tadbirkor o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Murojaatlarni eshitish, muammolarni joyida hal etish va biznes uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan bunday muloqotlar esa mamlakatimizda tadbirkor manfaati ustuvor qadriyatga aylanayotganining yana bir amaliy tasdig‘idir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri