“Obodonlashtirilgan universitet” loyihasi – amalda
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayrami “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan bosh g‘oya asosida yurtimizning barcha hududlarida keng nishonlanadi.
Bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish maqsadida Buxoro davlat universiteti jamoasi ham bir qator tashkiliy-amaliy tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Oliygohlar yoshlarga ilm berishi bilan birga ibrat maktabi bo‘lmog‘i ham lozim. Ayni maqsad universitet ko‘ngilli jamoasini “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida birdamlikka chorladi. Ta’lim maskani hududida keng miqyosida obodonchilik ishlari olib borildi. Bayram arafasi, avgust oyi davomida azaliy qadriyatimizga nazar solingan holda “Obodonlashtirilgan universitet” loyihasi yo‘lga qo‘yildi.
[gallery-8332]
Universitet jamoasi tomonidan hududdagi yer maydonlari, daraxtu ko‘chatlar, yo‘laklar, ariq va zovurlarni shuningdek, bino va inshootlarni tozaligi, ozodaligiga e’tibor qaratilib, obodonlashtirildi. Manzarali daraxtu bo‘talarga shakl berildi. Bino va inshootlar oldida turgan ortiqcha narsa va buyumlar tartibga keltirilib, maishiy va qurilish chiqindilari belgilangan hududlarga chiqarildi. Joylarda universitet professor-o‘qituvchilari va ko‘ngilli yoshlar targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqda.
– Universitet rahbariyati tomonidan “Bunyodkor yoshlar otryadi” tashkil etilgan, – deydi universitet talabasi Bexruz Shukurov. – Otryadda o‘rtoqlarim bilan mehnat qilayapman. Juda ham qulay sharoitlar yaratilgan. Mehnat shartnomasi asosida ishlayapmiz. Ishimiz ta’lim dargohimizni toza va ozoda tutishdan iborat. Mehnatimizga o‘z vaqtida haq to‘lab borilmoqda.
Ushbu loyiha hashar va obodonlashtirish ishlari avgust oyida universitet va universitetga biriktirilgan mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarida davom ettiriladi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA