Obodlik va saranjom-sarishtalik namunasi e’tirof etildi
Shirin shahrida xonadonlarni obod va ko‘rkam saqlash, tomorqa yerlaridan unumli foydalanish, aholi o‘rtasida ozodalik va saranjom-sarishtalik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan “Eng namunali xonadon” va “Eng yaxshi tomorqa” tanlovi o‘tkazildi.
Tanlovlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — aholi, jumladan, xodimlar o‘rtasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini keng targ‘ib qilish, mavjud tomorqa imkoniyatlaridan samarali foydalanish, oilaviy mehnat va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rag‘batlantirish, shuningdek, milliy qadriyatlarimizga xos xonadon madaniyatini yanada yuksaltirishdan iborat.

Tanlov jarayonida xonadonlarning umumiy obodligi, tozaligi va ozodaligi, hovli hamda atrof-muhitning saranjom-sarishtaligi, gul va manzarali ko‘chatlarning parvarishi, tomorqa yerlaridan oqilona va samarali foydalanish kabi mezonlarga alohida e’tibor qaratildi.

Ayniqsa, tomorqadan nafaqat kundalik ehtiyoj uchun, balki oila daromadini oshirish manbai sifatida foydalanish, meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish, hovlilarda ko‘kalamzor hududlarni kengaytirish borasidagi tashabbuslar munosib baholandi.
Bunday tanlovlar, avvalo, xonadon egalarini o‘z hovlisi va atrof-muhitiga yanada mas’uliyat bilan yondashishga undaydi. Obod xonadon esa obod ko‘cha, obod mahalla va pirovardida ko‘rkam shahar qiyofasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, “Eng namunali xonadon” nominatsiyasida M. Norbo‘tayevlar xonadoni, “Eng yaxshi tomorqa” nominatsiyasida esa U. Eshiyevlar xonadoni g‘olib deb topildi.

G‘olib xonadonlar nafaqat tozaligi va saranjom-sarishtaligi, balki hovlidagi obodlik, ko‘kalamzorlashtirish ishlari hamda tomorqa imkoniyatlaridan unumli foydalanish borasidagi yondashuvi bilan ham e’tiborga loyiq bo‘ldi.

E’tiborlisi, bunday tashabbuslar aholi o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirib, har bir xonadonni yanada obod, ko‘rkam va fayzli qilishga undaydi. Zero, xonadonning obodligi — oila farovonligining, mahallaning ko‘rki esa yurt obodligining muhim ko‘rinishlaridan biridir.
Shirinda o‘tkazilgan mazkur tanlov ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qilib, ozodalik, obodlik va mehnatsevarlikni qadrlaydigan xonadonlarni rag‘batlantirish, ularning ilg‘or tajribasini keng ommalashtirishga munosib turtki berdi.

Bu borada oiladagi har bir insonning, ayniqsa, xotin-qizlar — xonadon bekalarining o‘rni beqiyos. Zero, xonadonning fayzi, saranjom-sarishtaligi, hovli va tomorqaning obodligida ayollarning mehnati va tashabbusi yaqqol namoyon bo‘ladi.

— Bugun xotin-qizlar nafaqat ro‘zg‘orni yuritishda, balki tomorqadan unumli foydalanish, gulzorlar yaratish, ko‘chat ekish, xonadon atrofini obodonlashtirish va oila farovonligini oshirishda ham faol ishtirok etishmoqda. Shuning uchun bunday tanlovlarda oila erkaklari bilan bir qatorda, xotin-qizlarning mehnati va tashabbusini ham munosib e’tirof etish muhim. Zero, obod va fayzli xonadonning har bir burchagida oila bekalarining mehri, didi va mashaqqatli mehnati aks etadi. Bunday tanlovlar esa ana shu mehnatni qadrlash, yaxshi tajribalarni ommalashtirish va boshqalarni ham ezgu tashabbuslarga undashga xizmat qiladi, — deydi Shirin shahar hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Dildoraxon Umarova.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri