Obodlik ko‘kdalaliklar hayotini o‘zgartirmoqda
Qashqadaryo viloyatida yangi tashkil etilgan Ko‘kdala tumani Shamolquduq qishlog‘ida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida festival o‘tkazildi.
Festival doirasida turli madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari, shuningdek, milliy hunarmandchilik ko‘rgazmalari va “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi. Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ishtirok etdi va Ko‘kdala ahlini hududda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan qutladi.
– Mamnuniyat bilan aytish kerakki, Ko‘kdala tumanining tashkil etilishi bu albatta, qashqadaryoliklar uchun yil voqeasi bo‘ldi, – dedi viloyat rahbari. – Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasining amaldagi ifodasi, xalqimiz ko‘nglidagi gap bo‘ldi. Tumanni rivojlantirish uchun davlat byudjetidan 3 yil ichida 2 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Yettitom shaharchasida tuman hokimligi va mahalliy idoralar uchun binolar, “Yangi O‘zbekiston” massivi, bog‘cha va maktablar, poliklinika, istirohat bog‘i, xalqaro ahamiyatdagi yo‘l bo‘yida xizmat ko‘rsatish va savdo majmualari barpo etilmoqda. 159 kilometr yo‘l ta’mirlanib, 50 kilometr ichimlik suv, 80 kilometr elektr tarmoqlari qurilmoqda. Joriy yilning o‘zida 20 dan ortiq maktabgacha ta’lim maskani, 2 ta maktab, 18 ta mahalla binosi, kutubxona, sport inshootlari foydalanishga topshirilishi tuman ahlining hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun g‘amxo‘rlik va hech kimdan kam bo‘lmasligi yo‘lidagi ulug‘vor ishlardir. Muhtaram yurtboshimiz joriy yil aprel oyida viloyatga tashriflari chog‘ida tuman faollari bilan uchrashib ta’kidlaganlari kabi: “Ko‘kdala tumani tashkil etishdan asosiy maqsad bu yerda yashaydigan 182 ming nafar aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish, hududni iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini taminlash bo‘yicha ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishdir”.
[gallery-9717]
Ta’kidlanganidek, birgina tumanning Chorvador mahallasida 4 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Davlatimiz rahbarining ko‘rsatma va tavsiyalari asosida mahalla ulkan qurilish maydoniga aylangan. 22 kilometr ichki yo‘lga shag‘al to‘kilmoqda. 72 nafar ehtiyojmand oila uylarining tomi zamonaviy ko‘rinishda yopib berilmoqda, elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida ko‘chalarga 50 dan ortiq simyog‘ochlar o‘rnatilmoqda. Qisqa fursatda aholi qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 30 ga yaqin bemorlarga imtiyozli orderlar berildi. Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularning sog‘liklarini muhofaza qilish, siyosiy faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahallada bugun tinimsiz mehnat jarayoni kechmoqda.
Albatta bu kabi sa’y-harakatlar hudud aholisining turmushi farovonlashuviga, yashash tarzi o‘zgarishiga xizmat qilmoqda.
– Mahallamizda bo‘lgan ishlardan juda xursand bo‘ldik. Ko‘chalarimiz qishda loy, yozda chang bo‘lib yotardi, – deydi Saida momo To‘rayeva. – Mana, qarangki, qisqa muddatda mahallamizda shuncha ishlar bo‘lib ketdi. Yo‘llarimiz tekislanib, shag‘al yotqizildi, elektr ta’minoti yaxshilandi. Kam ta’minlangan oilalar uylarining tomlari zamonaviy qilib yopib berildi. Umuman olganda odamlarimizning kayfiyati ham ko‘tarildi. Bularning barchasi Yurtboshimizning e’tibori va g‘amxo‘rligidan deb bilaman.
Festival doirasida hududdagi 21 ta oila farzandlarining sunnat to‘ylari ham o‘tkazildi. Ularga qimmatbaho sovg‘alar ulashildi. Bir so‘z bilan aytganda bugun respublika miqyosidagi barcha vazirlik, qo‘mita rahbarlarining e’tibori Ko‘kdala tumaniga qaratilgan. Ularning yordamida Ko‘kdala tumanida zamonaviy inshootlar barpo etilmoqda, ta’lim muassasalari ishga tushmoqda.
Festivalda hududlarning ko‘rgazmali chiqishlari, yoshlarning tashabbuslari, sportsevar bolajonlarning musobaqalari va kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbirda tuman ahlidan tashqari keng jamoatchilik, nuroniylar, viloyat sektor rahbarlari, shuningdek, Qarshi shahar, Chiroqchi, Koson, G‘uzor, Qarshi, Qamashi va Kasbi tumanlari hokimlari ham ishtirok etdi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA.