Obod qishloqlar – mamlakatimiz ko‘rki
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida"gi qarori yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligining yanada oshishiga xizmat qiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida"gi qarori yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligining yanada oshishiga xizmat qiladiVatan ostonadan boshlanadi. O‘z uyim – o‘lan to‘shagim. Xalqimizning bunday naqllarida hikmat ko‘p. Darhaqiqat, oilamiz, o‘z uyimiz, yashash maskanimiz Vatan ichra mo‘jaz vatan hisoblanadi. Uy-joylarimiz, xonadonlarimiz qanchalik shinam, go‘zal bo‘lsa, mahallamiz, shaharu qishloqlarimiz, yurtimiz shunchalik ko‘rkam va fayzli bo‘ladi. Turmushi farovon, zamonaviy uy-joyli oilalarning ishida unum, hayotga ishtiyoqi baland, kelajakka ishonchi mustahkam bo‘ladi.
Haqiqiy xalqparvarlik tamoyillari asosida qabul qilingan mazkur qaror qishloq aholisining keng qatlami uchun zamonaviy va shinam uylardan, yer resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashga, qishloq joylarda uy-joy qurilishini yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgandir.
Qishloq aholisi hayotini yanada yaxshilash maqsadida qishloqlarimizning arxitektura nuqtai nazaridan rejalashtirilishini tashkil etish, ularda uy-joy va ijtimoiy obyektlar qurilishini loyihalashtirish tizimi bo‘yicha mamlakatimizda boy tajriba to‘plangan. Mazkur qaror bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Qarorda besh yillik davrga mo‘ljallangan qishloq joylarda arzon uylar qurishning ko‘lamli dasturini amalga oshirish nazarda tutilgan. Dasturga asos qilib olingan yangilangan namunaviy loyihalarda qishloq aholisining talab va ehtiyojlari to‘liq inobatga olinadi.
2017-yilda 2 trillion 121,5 milliard so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan mazkur loyiha qishloqlarni yanada obodonlashtirish va aholining hayot darajasini tubdan oshirishning asosiy omillaridan biri bo‘ladi. Qarorda aholiga qishloq joylarda narx parametrlari va shinamliligiga ko‘ra yakka tartibdagi uy-joylar namunalarining uchta eng arzon turlari taklif etilmoqda.
Birinchi turi bo‘yicha uch yoki to‘rt yo‘lakli, xo‘jalik imoratlari va obod hovlilari bo‘lgan ikki va uch qavatli ko‘p kvartirali uylar barpo etish nazarda tutilgan bo‘lsa, ikkinchi turiga muvofiq aholi zich joylashgan tumanlarda 2 sotix maydondagi yer uchastkasida barpo etiladigan bir qavatli ikki va uch xonali arzon uylar qurish mo‘ljallanmoqda. Uchinchi turi 4 sotix maydondagi yer uchastkasida barpo etiladigan yagona blokka birlashtirilgan ikki qavatli to‘rt xonali uylar qurishni nazarda tutadi.
Darhaqiqat, odamlarimiz o‘z uyi, o‘z yurtini go‘zal va obod qilib, shundan o‘zi mamnun bo‘lib yashayotgani shahar va qishloqlarimizning bugungi tarovatida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda mamlakatimizning turli hududlarida yangi paydo bo‘lgan ko‘rkam va chiroyli, o‘zaro mehr-oqibat, ahillik, fayz va baraka hukmron aholi manzillari mana shunday olijanob maqsadlarning amaldagi ifodasi bo‘lmoqda.
Bu ulug‘ bunyodkorliklar kuch-g‘ayrat, aql-salohiyat va jasorat bilan bardavom bo‘lmoqda. O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi, Respublika Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning tavsiyasiga binoan yana bir katta loyihaga qo‘l urildi. Bu Toshkentning Sergeli tumanida 2017-2022-yillarda 500 ko‘p qavatli uy bunyod etishni nazarda tutgan loyiha ishlab chiqilganidir. Qariyb 30 ming oilaga mo‘ljallangan yangi uy-joylar aholiga imtiyozli ipoteka krediti orqali beriladi.
Mustaqillikka erishganimizdan keyin Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida qishloqlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish siyosati izchil amalga oshirila boshlandi. Islom Karimovning Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 16-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida 2009-yilni “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” deb e’lon qilishni, shu munosabat bilan qishloq joylardagi infratuzilma tarmoqlarini – bu uy-joy qurilishi bo‘ladimi, tabiiy gaz, toza ichimlik suvi, elektr energiyasi ta’minoti bo‘ladimi, yo‘llarning holati, transport va kommunikatsiya xizmatlari masalasi bo‘ladimi – bularning barchasini yanada rivojlantirish, bir so‘z bilan aytganda, qishloq hayotining saviyasi va madaniyatini yangi pog‘onaga ko‘tarishga ustuvor ahamiyat sifatida e’tibor qaratilgan edi.
Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi avjiga chiqqan va ko‘plab rivojlangan davlatlarda iqtisodiy pasayish kuzatilayotgan bir paytda mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotida oldinga siljish davom etdi. Davlatimiz rahbarining nutqidagi so‘zlar amalda o‘z isbotini topdi. Birinchi Prezidentimizning 2009-yil 3-avgustdagi “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘sha yili hududlarda 42 qishloq massivlari tanlab olindi va 847 yakka tartibdagi uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirildi.
– Bir umr mana shu qishloqda, bobom qurib ketgan uyda yashadik, – deydi farg‘onalik Nishonboy ota Boborahimov. – Uyni qayta qurish uchun mablag‘ yo‘q. Ta’mirlayverib esimiz ketdi. Qishloqlarda har taraflama qulay va zamonaviy uylarni qurilishi, kredit asosida berilishi xayolimizga ham kelmagan. Hech esimdan chiqmaydi. Bir kuni qizim hayajon bilan kirib keldi. Mahallamizda yangi uy qurilayotgani, undan kredit asosida olishimiz mumkinligini aytganida, dastlab ishonmadim, hatto qarshi bo‘ldim. Bizning yoshligimizda bank krediti, uning aholi farovonligi yo‘lida imtiyozlar asosida berilishi, degan gaplar ertak edi. Bolalarim ham namunaviy uy-joydan olgan. Endi bu uylarga talabgor ko‘p.
Aholining shinam uy-joylarga bo‘lgan talab-ehtiyojlari o‘rganib chiqilar ekan, bu loyihalarni qishloq joylarda jadal rivojlantirish, uy-joy qurilishi uchun imtiyozli uzoq muddatli kredit berish tizimi keng joriy etilishi o‘z samarasini bermoqda. Nishonboy ota aytganidek, yil o‘tgan sari odamlarda bu uylarga talab ortib borayotir. Aholi ehtiyojini inobatga olib ularni uy-joy bilan ta’minlash hamda ijtimoiy himoya qilish maqsadida barcha viloyatlarda uy-joy qurish ishlari jadal davom ettirildi.
Bundan tashqari yangi massivlarda suv, gaz, elektr tarmoqlari ta’minoti, yangi yo‘llar, maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, kollejlar barpo etilmoqda.
– O‘tgan kunlarni eslash og‘ir, – deydi surxondaryolik Abdumurod Pardayev. – O‘ylab ko‘rsam, daladan beri kelmagan ekanman. Bir uyda ota-onam va to‘rt aka-uka yashardik, kenjasiman. Akalarimning birida uchta, ikkitasida ikkitadan farzandi bor. Bo‘yim yetib, uylanadigan bo‘ldim. Hamma narsa tayyor, bir haftada kelin kelishi kerak, uy yo‘q, aniqrog‘i xona yo‘q. Ota-onam hovli etagiga o‘tov qurib ko‘chib chiqdi. Bir qish o‘sha yerda yashadi. Eslasam yig‘lagim keladi. Mustaqillik yillari akalarimga yer berildi. Uy qurdi, to‘ylar qildi.
Birinchi Prezidentimizning aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha bir qancha farmon va qarorlari e’lon qilinib, ijrosi izchil ta’minlanmoqda. Aholi ehtiyoj va talablari inobatga olinib yangilanib borayotgan mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning "2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida"gi qarorida yanada takomillashtirildi.
Boshqacha aytganda, yangi dastur bo‘yicha dastlabki badal birinchi va ikkinchi turdagi uylar uchun 15 foiz qilib belgilangan.
O‘zining narx parametrlari, sifat tavsiflari va shinamliligi bo‘yicha Markaziy Osiyoda o‘xshashi yo‘qligi e’tirof etilayotgan uylar ipoteka krediti asosida uch yillik imtiyozli davr va birinchi 5-yil mobaynida yillik 7 foiz miqdoridagi foiz stavkasi bilan 15-yil muddatga beriladi.
Hayot bir joyda turmaydi. Bundan yetti asr ilgari “Agar bizning quch-qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurgan imoratlarga boqing”, deya ezgu ishlarga da’vat etgan Amir Temur bobomizning bunyodkorlik g‘oyalari bugun izchil davom ettirilmoqda.