Oʻzini asraganni Alloh ham asraydi
Butun xalqimiz uchun sinov davri boʻlgan bugungi kunda axil va hamjixat boʻlib, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, virus balosi talofatlarini kamaytirish, sinovli kunlardan eson-omon oʻtib olishga harakat qilishimiz muhimdir.
Butun xalqimiz uchun sinov davri boʻlgan bugungi kunda axil va hamjixat boʻlib, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, virus balosi talofatlarini kamaytirish, sinovli kunlardan eson-omon oʻtib olishga harakat qilishimiz muhimdir.
Har qanday yaxshi-yomon ish, insoniyat boshiga yogʻiladigan balolar yaratganning amri bilan yuz beradi. Bundan qochib-qutilib boʻlmaydi. Shunday boʻlsa-da, qator oyatu hadislarda Alloh taoloning oʻzini asragan bandalarini asrashga vaʼdasi bor.
Oisha roziyallohu anho onamizdan shunday rivoyat keltiriladi: “Men Rosululloh sollollohu alayhi vasallamdan toʼun (vaboni eng yuqori choʻqqiga chiqqan vaqti) xaqida soʻradim. Shunda Rosululloh sollollohu alayhi vasallam u Alloh taoloni bandalariga oldin yuborgan azobi boʻlib, hohlagan bandasiga yuborar edi, lekin moʻmin musulmon bandalariga Allohning rahmatidur kimki vabo tarqalgan vaqtda oʻz shahrida yoki oʻz uyida sabr qilib, savob umid qilgan xolda va unga Alloh taolo yozgan narsadan boshqa narsa yetmasligiga ishongan xolda oʻtirsa unga shahidning ajri barobarida savob beriladi dedilar”(Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisi sharifdan maʼlum boʻladiki, vabo xastaligiga oʻxshash turli kasalliklar tarqalgan vaqtda oʻsha yurt fuqarolariga kasallikdan oʻzlarini ehtiyot qilishlik, asrashlik uchun zarur choralar koʻrishlari, eng asosiysi, oʻz shahri va oʻz uylarida qolishliklari hamda u bandaga taqdirda Alloh taolo yozgan narsadan boshqa narsa yetmasligiga eʼtiqod ila ishonish kerakligi aytiladi. Agar mana shu amalni ado etib, yaʼni har bir banda oʻz shahrida, oʻz uyida sabr bilan oʻtirib, savob umidida boʻlsa, oʻsha kishi shahidlarga beriladigan ajrga ega boʻlishligi zikr etiladi.
Shunday ekan, har birimiz hozirgi sinov kunlarida xukumatimiz tomonidan joriy etilgan qoidalarga, karantin tartiblariga rioya etishimiz, uydan chiqmaslikka harakat qilishimiz zarur. Agar zarurat yuzasidan uydan chiqsak ham albatta, himoya niqoblarini taqib yurishimiz lozim.
Koronavirus insoniyatning kasallikni cheklash boʻyicha imkoniyatlari cheklanganligini, umuman, Yaratganning turli ofatu balolari oldida ojiz ekanligini eslatib qoʻydi. Shunday ekan, bu kunlar biz uchun jiddiy imtihon ekanligini anglab, hamjihat boʻlib ish tutaylik, sabrli boʻlaylik. Tavba qilib, Alloh taolodan virus balosini tezroq daf etishini soʻrab duo qilaylik.
Abduxalil HAMRAQULOV,
Andijon shahridagi
“At-Termiziy” jome masjidi imom-xatibi