O‘zbekiston xalqi – bag‘rikeng va samimiy
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida “Millatlararo munosabatlar va bag‘rikenglikni sotsiologik o‘rganish” (O‘zbekiston va Germaniya tajribasi) mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida “Millatlararo munosabatlar va bag‘rikenglikni sotsiologik o‘rganish” (O‘zbekiston va Germaniya tajribasi) mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.Tadbir “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Respublika Baynalmilal madaniyat markazi, YuNESKOning MOST dasturi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy qo‘mitasi, F.Ebert nomidagi jamg‘armaning (Germaniya) Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti B.Abduhalimov, “Ijtimoiy fikr” markazi direktori, YuNESKOning MOST dasturi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy qo‘mitasi raisi, akademik R.Ubaydullayeva va boshqalar barcha muvaffaqiyatlarimiz hamda mamlakatimizdagi demokratik tub o‘zgarishlar kafolati bo‘lgan tinchlik va xotirjamlik, jamiyatimizda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlik ta’minlanayotgani istiqlol yillarida Prezidentimiz rahnamoligida erishilgan eng muhim yutug‘imiz ekanini ta’kidladi. Erkinlik, tinchlik, do‘stlik, millatlararo totuvlik xalqimiz uchun alohida ahamiyatga ega. Buning samarasida mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv va ahil yashamoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov o‘zining “O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” kitobida ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyoning tub xalqlari tabiatida boshqa millatlarning vakillariga nisbatan keng fe’llik, masalan, o‘zbeklarda shu qadar rivojlanganki, milliy-ma’naviy keng fe’llik ularning umumiy madaniyati va ruhiyatining ajralmas qismiga aylanib ketgan.
Davra suhbatida bag‘rikenglik prinsiplari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ham o‘z aksini topgani qayd etildi. Konstitutsiyamizning 18-moddasida O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi mustahkamlab qo‘yilgan.
YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Krista Pikkat ishtirokchilarni YuNESKO Bosh direktori Irina Bokovaning Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigi bilan tanishtirdi. Unda barqaror tinchlik insonlar ongu shuurida ta’lim, madaniy muloqot, intellektual hamkorlik, o‘zaro hurmat orqali shakllanishi lozimligi qayd etilgan.
Tadbirda “O‘zbekistonda millatlararo munosabatlarni ijtimoiy tadqiq etish” mavzusida ma’ruza tinglandi. Ma’ruzada mamlakatimizda milliy o‘zlikni anglashni qayta tiklashdan kelib chiqqan holda, milliy o‘ziga xoslik va madaniyatni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlangan. Zero, milliy o‘zlikni anglashni umuminsoniy sivilizatsiyaning tarkibiy qismi bo‘lgan jahon madaniyati va qadriyatlari, o‘zbek xalqining tarixi va madaniyatidan ajratib bo‘lmaydi.
F.Ebert nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari Peyer Teshendorf ushbu tadbirning Xalqaro bag‘rikenglik kuni arafasida o‘tkazilgani O‘zbekistonning demokratik prinsiplar tarafdori ekanidan dalolat berishini qayd etdi.
Tadbirda yetakchi sotsiolog olimlar, aholishunos, huquqshunos va siyosatshunoslar, iqtisodchilar hamda ta’lim muassasalari vakillari o‘zaro fikr almashdi.