Oʻzbekistonlik talabalarning shartnoma pullari toʻlab beriladi
Imtihon Butunrossiya davlat kinematografiya institutining professor-oʻqituvchilari tomonidan masofaviy tarzda oʻtkazildi.
“Oʻzbekkino” milliy agentligida Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (VGIK)da tahsil olishni istagan oʻzbekistonlik abiturentlar uchun onlayn tarzda imtihon tashkil etildi. VGIKga qabul qilinadigan talabalarning oʻqishi uchun shartnoma pullari “Oʻzbekkino” milliy agentligi tomonidan toʻlab beriladi.
Imtihon Butunrossiya davlat kinematografiya institutining professor-oʻqituvchilari tomonidan masofaviy tarzda oʻtkazildi. Unda 10 nafarga yaqin abituriyent ishtirok etdi. Kinematografiya institutining talab va qoidalariga amal qilgan holda tashkil etilgan imtihonda abituriyentlar rejissyorlik, kinooperatorlik va dramaturgiya yoʻnalishlari boʻyicha onlayn imtihon topshirdi.
Avvalroq, “Oʻzbekkino” milliy agentligi tomonidan Butunrossiya davlat kinematografiya instituti bilan hamkorlikda kinomutaxassislar tayyorlash, shuningdek, master-klasslar oʻtkazish uchun institut professor-oʻqituvchilarini jalb qilish boʻyicha kelishuvga erishilgandi.
