O‘zbekiston superligasi: “Bunyodkor” nihoyat to‘xtatildi, AGMK esa “uyg‘ondi”
May oyining ilk sanasida start olgan O‘zbekiston superligasining 7-tur o‘yinlari kecha o‘z poyoniga yetdi.
May oyining ilk sanasida start olgan O‘zbekiston superligasining 7-tur o‘yinlari kecha o‘z poyoniga yetdi.
Yakshanba kungi o‘yinlarda ayrim e’tiborli voqealar sodir bo‘ldi. Chunonchi, mavsum avvalida o‘z tarkibiga ko‘plab futbolchilarni qo‘shib olgan va hatto Osiyo Chempionlar ligasi saralash bahslarida omadini sinab ko‘rgan Olmaliqning AGMK jamoasi so‘nggi uch o‘yindan beri faqat yutqazayotgan edi. Oqibatda AGMK jadvalda so‘nggi pog‘onaga tushib ketgandi.
Qosimov shogirdlari 7-turda bu noxush an’anaga chek qo‘yishdi. Termizning “Surxon” klubini qabul qilgan olmaliqlik futbolchilar 2-0 hisobida g‘alaba qozonib, biryo‘la to‘rt pog‘onaga ko‘tarildi va ayni paytda 10-o‘rinni egallab turibdi. “Surxon”ning esa g‘alabasiz seriyasi to‘rtta o‘yinga yetdi. Kechagi mag‘lubiyatdan keyin janubliklar 8-o‘ringa pastladi.

3-turdan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan “Bunyodkor” futbolchilari esa Navoiyda mag‘lubiyat alamini tortishdi. Uchrashuvda yosh “qaldirg‘ochlar” katta tashabbusga erishgan bo‘lsa-da, yakunda birgina xato qimmatga tushdi. Raqib hujumini bartaraf etishda himoyachi to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi va hakam hech ikkilanmay 11 metrlik jarima zarbasini belgiladi. Uni “Qizilqum” yetakchisi va to‘purari Elguja Grigilashvili aniq bajarib, jamoasiga o‘ta muhim g‘alabani keltirdi.
Andijonda maydon egalari Samarqandning “Dinamo” jamoasini qabul qildi. O‘tgan mavsum har ikki jamoa Pro-ligada to‘p tepgandi, endi ular superliga g‘olibligi uchun bahs olib borishmoqda. To‘g‘ri, ayni paytda har ikki jamoaning holati chempionlikdan anchayin yiroq, ammo futbolimiz elitasida to‘p tepayotgan har qanday jamoa borki oltin medalni orzu qilishga haqli.
Bevosita o‘yinga kelsak, maydon egalari yangilangan stadiondagi ikkinchi o‘yinda ham g‘alaba qozonish orzusida maydonga tushgandi. Biroq “dinamo”chilar bu fikrga qo‘shilmadi va 6-daqiqadayoq hisobni ochishdi. Mezbonlar tezda vaziyatni o‘ngladi va 1-taymdayoq hisobda oldinga chiqib oldi. Ammo “Andijon” jamoasiga bu oqshom g‘alaba qozonish nasib etmadi. O‘yin oxirlarida “Dinamo” a’zosi Mirkomil Lokaev muvozanatni tikladi: “Anjijon” – “Dinamo” – 2:2.

O‘zbekiston superligasida 7-turdan keyin “Paxtakor” 19 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Ularning eng yaqin va asosiy ta’qibchisi “Lokomotiv” hisobida 16 ochko mavjud. Kuchli uchlikka 11 ochko bilan Namanganning “Navbahor” jamoasi yakun yasaydi. Jadvalning quyi pog‘onalarini “Buxoro”, “So‘g‘diyona” va “Qo‘qon-1912” klublari egallab turibdi. Ular bir xil 6tadan ochko jamg‘arishgan.
To‘purarlar bahsida esa birvarakayiga to‘rt futbolchi peshqadamlik qilmoqda. Zafar Polvonov (AGMK), Dragan Cheran (“Paxtakor”), Temurxo‘ja Abduxoliqov (“Lokomotiv”) va Aleksandr Kasyan (“Navbahor”) hisobida 6tadan gol mavjud.
O‘zbekiston superligasida navbatdagi 8-tur o‘yinlari 10-12 may kunlari o‘tkaziladi. Turning markaziy bahsi esa 11 may kuni Toshkentda “Paxtakor” va “Navbahor” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.