Oʻzbekiston – Rossiya. Mahsulot hajmi ortmoqda
Andijon viloyati Xonobod shahridagi “Andijonkabel” aksiyadorlik jamiyati Oʻzbekiston – Rossiya qoʻshma korxonasida 4 ming 500 dan ortiq turda sifatli mis va alyumin simlar, kabel mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Andijon viloyati Xonobod shahridagi “Andijonkabel” aksiyadorlik jamiyati Oʻzbekiston – Rossiya qoʻshma korxonasida 4 ming 500 dan ortiq turda sifatli mis va alyumin simlar, kabel mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Oʻzbekiston davlat ulushi va rossiyalik tadbirkorlar investitsiyasi hisobiga 2002 yilda tashkil etilgan koʻshma korxonada ayni kunda maxsus texnikalar, avtomobil sanoati, xalq xoʻjaligi tarmoqlari uchun rangli simlar, kabellar, maxsus izolyatsiyalangan va turli kuchlanishli elektr tokiga moʻljallangan, shuningdek, telefonlar uchun sim va kabellar ishlab chiqariladi.

– Mahsulotlarimiz sifati jahon standartlariga toʻla javob beradi, – deydi korxona bosh direktorining ishlab chiqarish boʻyicha oʻrinbosari Dilshodbek Hasanov. – Ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida mahsulot sifatli boʻlishiga alohida eʼtibor qaratiladi. Foydalanilayotgan asosiy xomashyo, yaʼni mis, alyuminning sifati juda yuqori, izolyatsiya va kabellar tayyorlashda ishlatiladigan polietilen esa, Shvetsiyadan keltiriladi. Shu bois, mahsulotlarimiz koʻplab xalqaro sifat sertifikatlariga sazovor boʻlgan. Ishlab chiqarishga Germaniya, Finlyandiya, Shveysariya singari davlatlarning ham ilgʻor texnologiyalari joriy etilgan.
Qoʻshma korxonada joriy yilning oʻtgan 9 oyida 272 milliard soʻmlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqarildi. Qariyb 11 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulot Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va boshqa davlatlarga eksport qilindi.
Korxonada asosan import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlanadi. Shu bois mahsulotlarning asosiy qismi ichki bozorda sotiladi. Ayni paytda yurtimizda, shuningdek, Qozogʻistonning Olmaota, Ostona, Qirgʻizistonning Bishkek hamda Rossiya Federatsiyasining bir qator shaharlarida korxonaning savdo va dillerlik vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda.
Bugungi kunda korxonada mehnat qilayotgan 1 ming 500 ga yaqin ishchi-xizmatchining samarali ishlashi uchun barcha sharoit yaratilgan. Ayniqsa, ularni ijtimoiy muhofaza qilish, salomatligini tiklash masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi. Turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar, sport bellashuvlari muntazam oʻtkazib turiladi.
– Ishchi-xizmatchilar oʻrtasida madaniy-maʼrifiy tadbirlar, turli tanlovlar, sport musobaqalari oʻtkazish muntazam yoʻlga qoʻyilgan, – deydi korxona kasaba uyushma qoʻmitasi raisi Azizullo Nurillayev. – Bu ularning bilimi, malakasi va mahoratini oshirish, salomatligini nazorat qilish, binobarin, ish samaradorligiga erishish imkonini beradi. Kasaba uyushma qoʻmitasi tomonidan ishchi-xizmatchilar yurtimizning turli hududlaridagi tibbiy muassasalar va sihatgohlarga muntazam yuboriladi. Korxona tasarrufida boʻlgan Asaka tumanidagi “Mashʼal” bolalar dam olish oromgohida esa ishchi-xizmatchilarning yuzlab farzandlari dam oladi.