O‘zbekiston paxta tolasiga dunyo xaridor
Toshkentda 15-oktabr kuni XI Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasi ochildi. Unda dunyoning qirqdan ziyod mamlakatidan paxta biznesi va yirik to‘qimachilik kompaniyalari vakillari, soha mutaxassislari, ekspertlar va olimlar ishtirok etmoqda. O‘zA muxbirlari ular bilan suhbatda bo‘ldi.
Toshkentda 15-oktabr kuni XI Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasi ochildi. Unda dunyoning qirqdan ziyod mamlakatidan paxta biznesi va yirik to‘qimachilik kompaniyalari vakillari, soha mutaxassislari, ekspertlar va olimlar ishtirok etmoqda. O‘zA muxbirlari ular bilan suhbatda bo‘ldi.Peter Shafflutzel, “Swiss Capital International Group” kompaniyasi bosh direktori (Shveytsariya):
– Biz Xalqaro O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik yarmarkasida bir necha yildan buyon ishtirok etib kelyapmiz. Bu yerda sanoatchilar va ishbilarmonlarning muzokara olib borishi va shartnomalar tuzishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Kompaniyamiz O‘zbekistonda ko‘plab jabhalarda, jumladan, to‘qimachilik sohasida ham qator sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, “Uztex”, “Uztex Toshkent”, “Uztex Shovot”, “Shovot Tekstil”, “Uztex Chirchiq”, “Eurotex” kabi korxonalar hamkorligimizning yorqin namunasidir.
Prezident Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekistonda biznes yuritish, qulay sarmoyaviy muhit yaratish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bois O‘zbekiston bilan hamkorligimizni yanada kengaytirish, mamlakatingiz ishbilarmonlari bilan birgalikda yana ko‘plab istiqbolli loyihalarni amalga oshirish niyatidamiz.
Gopalakrishnan RAGU, “Texcoms Worldwide” kompaniyasi vakili (Singapur):
– Singapurda O‘zbekistonni iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgan, investitsiya kiritish uchun istiqbolli mamlakat sifatida bilishadi. Mamlakatingiz nafaqat paxta yetishtiruvchi, balki uni qayta ishlovchi, sanoati rivojlangan davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallamoqda. Yarmarkada O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ekspozitsiyasi ham ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otgani buning yorqin dalilidir.
Kompaniyamiz to‘qimachilik sohasida texnikaviy konsalting xizmati ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Yarmarka doirasida O‘zbekiston kompaniyalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilayotganimizdan mamnunmiz.
Kristofe Briolin, “Exuinoxe” kompaniyasi prezidenti (Fransiya):
– O‘zbekistonning paxta va to‘qimachilik sanoati ulkan salohiyatga ega. Yarmarkada namoyish etilayotgan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ko‘plab turdagi to‘qimachilik mahsulotlari mamlakatingizda yengil sanoat rivojlanganidan dalolat beradi.
Bu jarayonda moda va dizayn sohasi ham izchil ravnaq topmoqda, tadbirkorlar, modelyerlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Biz ham mamlakatingizdagi “Ideal” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan yangi modellar dizaynini yaratish borasida hamkorlik qilib kelyapmiz. Yurtingiz ishbilarmonlari bilan o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, yangi loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirishni maqsad qilganmiz.
Abul Kalam Azad, “Damodar Menon International” kompaniyasining MDH mamlakatlari bo‘yicha marketing menejeri (Hindiston):
– Paxta va to‘qimachilik sanoatida katta nufuzga ega O‘zbekiston bilan hamkorligimizni tobora mustahkamlashdan manfaatdormiz. Mamlakatingizda o‘tkazilayotgan mazkur yarmarka paxta yetkazib beruvchilar va xaridorlarning hamkorligini mustahkamlashga, jahon to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishga xizmat qilayotir.
Bundan avval O‘zbekistonda 1997-yilda bo‘lgan edim. O‘tgan davrda mamlakatingiz judayam o‘zgarib, har tomonlama rivojlanganini ko‘rib turibmiz. Toshkent shahrining ko‘rkiga ko‘rk qo‘shilib, yanada go‘zallashibdi. Muhtasham inshootlar, ko‘chalarni to‘ldirgan zamonaviy o‘zbek avtomobillari mamlakatingiz taraqqiyoti, xalqingiz farovonligi oshib borayotganining o‘ziga xos ifodasidir.
Masud Rana, “Asia Composite Mills”, “Asia Fibre Industries”, “RMT Textile Mills” kompaniyalari boshqaruvchi direktori (Bangladesh):
– Kompaniyalarimiz ip kalava ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi o‘rinlarda turadi. O‘zbekistonda tolasi pishiq, yuksak sifatli, sanoatbop paxta yetishtiriladi. Shu bois to‘qimachilik sanoati rivojlangan barcha davlatlar mamlakatingiz bilan faol hamkorlik qilishga intilmoqda. Biz ham doim O‘zbekiston paxta tolasini sotib olamiz. Bu yil ham mamlakatingizdan qariyb 10 ming tonna paxta sotib olishni rejalashtirganmiz.
Mamlakat rahbariyati sa’y-harakatlari bilan O‘zbekiston yuksak iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishib, dunyo hamjamiyatining e’tiborini tortmoqda. O‘zbekistonda faol va muvaffaqiyatli biznes yuritish uchun yaratilgan qulay ishbilarmonlik va sarmoya muhiti boshqa mamlakatlar qatori bangladeshlik tadbirkorlarning ham hamkorlikka qiziqishini kuchaytirmoqda.