O‘zbekiston nomini dunyoga yoymoqda
...Poytaxtimizdagi “Malika” savdo majmuasiga muzlatkich olish uchun bordik. O‘ndan ziyod turdagi zamonaviy mahsulotlarning qay birini tanlashni bilmay turganimizni ko‘rgan sotuvchi bizga “Artel” kompaniyasi mahsulotlarini tavsiya qildi.
...Poytaxtimizdagi “Malika” savdo majmuasiga muzlatkich olish uchun bordik. O‘ndan ziyod turdagi zamonaviy mahsulotlarning qay birini tanlashni bilmay turganimizni ko‘rgan sotuvchi bizga “Artel” kompaniyasi mahsulotlarini tavsiya qildi.– Bu brendning afzalligi shundaki, har bir tumanda korxonaning xizmat ko‘rsatish shoxobchasi bor, – dedi sotuvchi Akram Normatov. – “Artel” muzlatkichlarining motori Braziliyaning Embraco kompaniyasida ishlab chiqarilgan, energiya tejamkor. Bu brendning nafaqat muzlatkichi, balki konditsioner, kir yuvish mashinasi, gaz plitasi, komputer, mobil telefon, elektroto‘lqinli pech va boshqa mahsulotlari ham sifatli va raqobatbardoshdir.
Maishiy texnika vositalari hayotimizni sezilarli darajada yengillashtirish, to‘laqonli dam olishimiz, o‘zimiz, farzandlarimiz va oilamizga ko‘proq e’tibor qaratish uchun vaqtni tejash imkonini beradi. Mamlakatimizda yuqori sifatli maishiy texnika turlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirilgani, ularni xarid qilish uchun bank kreditlari berilayotgani oilalarning turmush darajasini oshirishga ta’sir ko‘rsatmoqda.
– Qishlog‘imizda zamonaviy maishiy texnika vositalari kirib kelmagan ro‘zg‘or deyarli qolmadi, – deydi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida yashovchi mehnat faxriysi Erkin Jo‘rayev. – Katta o‘g‘lim Xurshidbek maktabda o‘qituvchi. Yaqinda iste’mol krediti orqali “Artel” korxonasining changyutgich, muzlatkich, konditsioner, televizorini xarid qildi.
– Zamonaviy maishiy texnika vositalarining ko‘payishi biz ayollarning o‘zimizga va oilamizga ko‘proq vaqt ajratishimiz, "Go‘zallik saloni"ga kirishimiz, fitnes klublarga borib, sog‘lig‘imizni mustahkamlashimizga yordam bermoqda, – deydi pedagog Zamira Azimboyeva. – Ilgari yarim kunim kir yuvish bilan o‘tardi, hozir esa avtomat mashina o‘zi yuvib, o‘zi quritib beradi. Bunday farovon va osuda hayot kechirishimiz uchun sharoit yaratib bergan Yurtboshimizdan behad minnatdormiz.
“Artel” brendi tushirilgan maishiy texnika vositalari iste’molchilar didiga mos tovarlar taklif qilish hamda mahsulot tannarxini arzonlashtirish orqali xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Korxona tashkil etilganda bu yerda telefonlar, gaz plitalari va changyutgichlar ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugun 15 dan ziyod turdagi zamonaviy maishiy texnika vositalari iste’molchiga yetkazib berilmoqda.
“Artel”da ishlab chiqarilayotgan har bir maishiy texnika vositasining o‘ndan ortiq modeli mavjud. Bu mahsulotlar xorijiy davlatlarga ham eksport qilinmoqda. Janubiy Koreyaning Samsung, LG, Yaponiyaning Toshiba, Ulvac, Braziliyaning Embraco va boshqa mashhur firmalar bilan hamkorlik amalga oshirilmoqda. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan keng aloqalar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mahsulotlarning mahalliylashtirish darajasi qariyb ellik foizni tashkil qilmoqda.
“Artel” mobil telefonlari jahon bozoridagi talabni inobatga olib, ko‘plab texnologik yangiliklar va zamonaviy dizayn asosida tayyorlanmoqda. Yuqori sifatli ushbu telefonlar xorijnikidan ancha arzon bo‘lib, mahalliy foydalanuvchilar uchun qator qulayliklarga ega.
– Hozirgi kunda mobil telefonlarning 15 dan ortiq modelini xaridorlarga yetkazib berayapmiz, – deydi “Artel” rusumidagi mobil telefonlar ishlab chiqarish korxonasi boshqaruvchi direktori Alisher Sovurov. – Kelgusida bu ko‘rsatkichni yanada ko‘paytirishni maqsad qilganmiz. Ushbu mahsulotlar sifati, funksiyalar majmui, texnologik tuzilishi va zamonaviy dizayni, arzon narxi bilan import qilinadigan muqobillaridan sira qolishmaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Jizzax viloyatida “Artel” kompaniyasining filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Prezidentimizning 2015-yil 24-noyabrdagi qaroriga asosan Namangan viloyati Mingbuloq tumanida umumiy qiymati 5,5 million dollar bo‘lgan maishiy texnika vositalari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yangi zavod barpo qilish rejalashtirilgan. Ushbu zavodning ishga tushirilishi hududda ikki yuzga yaqin yangi ish o‘rni yaratishga xizmat qiladi.
“Artel” savdo belgisi ostida faoliyat yuritayotgan "Sky Wind Systems" mas’uliyati cheklangan jamiyatidan ma’lum qilishlaricha, muzlatkichlar va televizorlarning yangi turlarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Yil oxiriga qadar kir yuvish mashinalari, changyutgichlarning yangi rusumlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
“Artel” kompaniyasi kasb-hunar kolleji bitiruvchilarining bandligini ta’minlashga ham munosib ulush qo‘shmoqda. Korxona ishchilarining oltmish foizdan ziyodi kollejlar bitiruvchilaridir.
– 2014-yil Yashnobod tumanidagi temir yo‘l kasb-hunar kollejini tamomlab, ushbu zamonaviy korxonaga ishga kirdim, – deydi yosh mutaxassis Ahror Mansurxonov. – Korxonaning konditsionerlar uchun mis quvurlar ishlab chiqarish bo‘limida payvandchi bo‘lib ishlayapman. Shunday nufuzli kompaniyada ishlayotganimdan, oilamga, jamiyatimizga naf keltirayotganimdan xursandman.
– Kun sayin yangi-yangi qulayliklar, imkoniyatlarga ega bo‘lib borayapmiz, – deydi toshkentlik uy bekasi Nazokat Muhiddinova. – Yaqinda “Artel” savdo belgisi ostida ishlab chiqarilayotgan kir yuvish mashinasini artelmarket.uz internet-do‘koni orqali uyda o‘tirib, xarid qildik. Click orqali to‘lovlarni amalga oshirdik. Mahsulot uyimizga bepul keltirib berildi.
Yurtdoshlarimiz turmush darajasi va sifatini yanada oshirish, dunyoqarashini o‘zgartirish, ularga zamonaviy maishiy sharoitlar yaratish, uy-ro‘zg‘ordagi ishlarni yengillashtirish kabi ezgu maqsadlar yo‘lida xizmat qilayotgan “Artel” kabi kompaniyalarimiz “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” degan brend obro‘sini jahonga keng yoymoqda.