“O‘zbekiston havo yo‘llari”: ishonchli parvoz
“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi 28-yanvar kuni o‘zining 23-yilligini nishonlaydi. Prezidentimiz Islom Karimov aynan shu sanada mustaqil davlatimiz hayotida yangi sahifa ochgan farmonni imzolagan edi.
“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi 28-yanvar kuni o‘zining 23-yilligini nishonlaydi. Prezidentimiz Islom Karimov aynan shu sanada mustaqil davlatimiz hayotida yangi sahifa ochgan farmonni imzolagan edi.
Poytaxtimizda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi tashkil etilgan sanaga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda o‘tgan yillarda erishilgan muvaffaqiyatlar va milliy aviakompaniyani rivojlantirish istiqbollari haqida so‘z yuritildi.
“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bosh direktori Valeriy Tyan davlatimiz rahbarining e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi samarasida milliy aviakompaniya yo‘lovchilarga xavfsiz va qulay parvozlarni ta’minlayotganini ta’kidladi. Ushbu mezonlar ayni paytda aviaparkni yangilash, yerdagi infratuzilmalarni modernizatsiya qilish doirasida milliy aviakompaniya faoliyatida muhim sanaladi.
Tadbirda ilg‘or texnika va texnologiyalarsiz bunday yuksak maqsadlarga erishib bo‘lmasligi qayd etildi. Ayni paytda milliy aviakompaniya parkida qator zamonaviy samolyotlar, jumladan, o‘nta A320 va to‘rtta Boeing-767-300ER havo layneri mavjud. Bugungi kunda mamlakatimiz milliy bayrog‘i ranglari bilan bezatilgan laynerlar dunyoning 20 dan ortiq mamlakatiga parvoz qilmoqda. 2016-yilda keltiriladigan ikkita Boeing-787-8 Dreamliner samolyoti mustaqil Vatanimiz fuqaro aviatsiyasi uchun yangi ufqlar ochishi shubhasiz.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, “Navoiy” aeroporti negizidagi xalqaro intermodal logistika markazida yuk tashish hajmini oshirish masalasi “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining diqqat markazida turibdi. Ushbu markaz ochilganidan buyon dunyoning turli mamlakatlariga 200 ming tonnadan ortiq yuk tashildi. Aviakompaniyaning yuk tashish hajmini oshirish va rivojlantirish maqsadida ikkita Boeing rusumli yo‘lovchi samolyoti zamonaviy yuk tashish layneriga aylantirildi. Ushbu samolyotlarning yuk ko‘tarish hajmi 53 tonna bo‘lib, shovqinning to‘rtinchi darajasi bo‘yicha sertifikatlangan. Bu kechki paytda parvozlar uchun cheklovlar mavjud bo‘lgan aeroportlarga qo‘nish va uchishga imkon beradi.
Havo kemalariga xizmat ko‘rsatish va ularning yaroqlilik muddatini ta’minlash aviakompaniya faoliyatida muhim o‘rin tutadi. Bu borada “Uzbekistan Airways Technics” aviakorxonasining xizmati beqiyos. Ushbu aviakorxonaning texnik bazasi va yuqori malakali mutaxassislari tufayli milliy aviatashuvchimiz samolyotlari bilan bir qatorda xorijiy kompaniyalar laynerlariga ham liniyali va tayanch texnik xizmat ko‘rsatilmoqda. “Uzbekistan Airways Technics” negizida Kompozitsion materiallardan tayyorlangan samolyotlar konstruksiyalarining yirik qismlarini ta’mirlash markazini ochish bo‘yicha “Boeing” kompaniyasi bilan hamkorlikda loyiha amalga oshirilmoqda.
“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi mutaxassislarining ta’kidlashicha, kadrlar tayyorlash tizimining muntazam takomillashtirilayotgani kompaniya faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. O‘qitish bilan bir qatorda uchuvchilar, bort kuzatuvchilari, parvozlar xavfsizligini ta’minlash mutaxassislarining malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Aviakompaniyaning O‘quv-mashg‘ulot markazidagi trenajyor majmuasida Boeing-757/767, A320 havo kemalari uchun trenajyorlar va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan Il-114-100 samolyotiga mo‘ljallangan o‘ziga xos “Full-flight” simulyatori o‘rnatilgan. Ular uchuvchilar tarkibini real sharoitlarga yaqinlashtirilgan holda o‘qitish imkonini bermoqda. Ayni paytda A320 havo laynerining “Full-flight” simulyatorini xarid qilish masalasi o‘rganib chiqilmoqda.
Tadbirda ta’kidlanganidek, “Urganch” aeroportida soatiga 300 kishini o‘tkazish quvvatiga ega ikkita yo‘lovchi terminalining ishga tushirilishi aviatashuvlar tizimini yanada rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Shuningdek, “Toshkent”, “Buxoro”, “Navoiy”, “Samarqand” va “Farg‘ona” aeroportlarida ham yangi yo‘lovchi terminallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Soatiga 1,3 mingdan ziyod yo‘lovchini o‘tkazish quvvatiga ega “Toshkent” aeroportida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va qulayliklar yaratish maqsadida uchib ketadigan yo‘lovchilar uchun yangi blok va xalqaro talablarga mos ravishda jihozlangan mahalliy yo‘nalishlar terminali hamda tranzit zali foydalanishga topshirildi. Tez orada “Namangan” aeroportida yangi uchish-qo‘nish polosasi foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. Buning samarasida havo kemalarini cheklovlarsiz qabul qilish imkoniyati yuzaga keladi.
Milliy aviakompaniya o‘z faoliyatini muntazam takomillashtirib borayotgani samarasida yangi marralar zabt etilmoqda. 2014-yil yakunlariga ko‘ra, 23 ming 811 parvoz amalga oshirilib, 2 million 625 mingdan ziyod yo‘lovchi o‘z manziliga yetkazilgan. Ayni paytda yuk tashish, jumladan, pochta va pullik bagaj ko‘rsatkichi 42 ming 812 tonnadan ziyodni tashkil qildi. 2014-yil yakunlariga ko‘ra, “Navoiy” aeroporti negizidagi xalqaro intermodal logistika markazi orqali yuk tashish hajmi 30,9 ming tonnadan oshdi. Bu 2013-yilgi ko‘rsatkichdan 24 foiz ko‘pdir. O‘tgan yili Singapur va Xabarovsk shahriga yangi yo‘nalishlar ochildi, Urumchi shahriga ikkinchi qatnov yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Amritsar va Dehli shaharlariga kundalik qatnovlar ikki barobar ko‘paytirildi. Riga shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va mahalliy Buxoro – Farg‘ona qatnovi amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz turistik salohiyatini rivojlantirish maqsadida joriy yilda yevropalik sayyohlar uchun ma’qul bo‘ladigan Frankfurt shahridan Urganchga yangi qatnovlar amalga oshiriladi. Shuningdek, Toshkent – Minsk yo‘nalishini ochish rejalashtirilmoqda.
“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining katta jamoasi xavfsiz, barqaror va qulay aviatashuvlarni ta’minlash uchun barcha sa’y-harakatlarni ishga soladi.