O‘zbek-turk biznes forumi
Yurtimizda bo‘lib o‘tayotgan “Salomatlik haftaligi” doirasida sog‘liqni saqlash va farmasevtika sohasida birinchi o‘zbek-turk biznes forumi ham tashkil etildi.
Yurtimizda bo‘lib o‘tayotgan “Salomatlik haftaligi” doirasida sog‘liqni saqlash va farmasevtika sohasida birinchi o‘zbek-turk biznes forumi ham tashkil etildi. Unda Turkiya Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Faxruddin Qovja boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda.
Shu yil fevral oyida Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosining yuqori darajadagi vazirlar ishtirokidagi sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda vaziyatlardan odamlarni himoya qilish uchun kuchlarni birlashtirish mavzusiga bag‘ishlangan yig‘ilishda Toshkentda o‘zbek-turk forumini tashkil etishga kelishilib, ikki mamlakat sog‘liqni saqlash vazirlari Alisher Shodmonov va Faxruddin Qovja 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi”ni imzolagan edi.
Ushbu sa’y-harakatlar samarasida tashkil etilgan mazkur biznes-forumning rasmiy ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning oliy darajadagi uchrashuvlari, do‘stona siyosati tufayli qardosh xalqlarimiz o‘rtasida ko‘p asrlik umumiy tarixga, madaniyat va urf-odatlarga ega bo‘lgan do‘stlik rishtalari, shuningdek, hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston – Turkiya munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) alohida o‘rin tutadi. O‘tgan yili mart-iyul oylarida TİKA gumanitar yordam sifatida yurtimizga 50 ta “Toyota” rusumli tez yordam mashinasini yetkazib berish bo‘yicha loyihani amalga oshirdi.
2018 yil aprel oyidan boshlab transplantatsiya sohasida taniqli turkiyalik olim, professor Mahmud Xaberal rahbarligida Anqara shahridagi Boshkent universiteti mutaxassislari ishtirokida O‘zbekiston Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida buyrak transplantatsiyasi operatsiyasi boshlandi. Ayni paytga qadar yurtimizda 300 dan ortiq buyrak transplantatsiyasi bo‘yicha jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.
Turkiya Tibbiyot fanlari universiteti bilan kelishuvga binoan shu yil yozda Buxoro davlat tibbiyot instituti bazasida ushbu universitetning filiali ochilgan bo‘lib, u yerda tibbiyot fakulteti va oliy tibbiyot maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda ushbu maskanda 130 dan ziyod talaba tahsil olmoqda.
“Kanimed saglik gozumlari” kompaniyasi bilan Termiz, Namangan, Andijon va Toshkentda 70 million AQSh dollari miqdoridagi laboratoriya diagnostika markazlarini tashkil etish, shuningdek, xususiy kasalxonalar qurish bo‘yicha 30 million AQSh dollarilik loyihalar amalga oshirilmoqda. Yaqinda Termiz shahrida zamonaviy “Kani-med” laboratoriya markazi ochilganini alohida ta’kidlash kerak. Bu yerda 30 ta yangi ish o‘rni yaratilib, 300 ga yaqin turdan ortiq laboratoriya tahlillari bajarilmoqda. “Alles Tek Group” turk kompaniyasi bilan telemeditsina, gemodializ xizmati va laboratoriya xizmatlarini tashkil etish borasida davlat-xususiy sheriklik asosida faol ishlar olib borilmoqda.
Har ikki mamlakat sog‘liqni saqlash sohasi vakillari tomonidan qator manfaatli kelishuvlarga erishildi. Jumladan, shoshilinch va tez tibbiy xizmat, farmasevtika, tibbiy ta’lim, onkologiya va radiologiya, gematologiya va qon quyish, pediatriya, akusherlik va ginekologiya, xususiy tibbiyot kabi qator muhim yo‘nalishlarda memorandumlar imzolandi.
Forum doirasida har ikki mamlakat sog‘liqni saqlash sohasidagi faoliyat aks etgan ko‘rgazma ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. Shuningdek, o‘zaro hamkorlik bo‘yicha uchrashuvlar, taqdimotlar, davra suhbatlari hamda turk delegatsiyasi vakillarining davlat va xususiy tibbiyot muassasalariga tashriflari tashkil etilmoqda. Ikki mamlakat sog‘liqni saqlash vazirlari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi hamda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, o‘zbek-turk shifokorlari hamkorligida tibbiyotning turli yo‘nalishlarida noyob jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan bemorlar holidan xabar olishdi.
Delegatsiya a’zolarining mamlakatimiz uchun katta madaniy va ma’naviy ahamiyatga ega bo‘lgan qadimiy Samarqand va Buxoro shaharlariga tashrifi ham rejalashtirilgan.