O‘zA tanqididan so‘ng...
Oliy sud “Guliston agro fayz“ fermer xo‘jaligi yerini qaytarib berdi
Oliy sud “Guliston agro fayz“ fermer xo‘jaligi yerini qaytarib berdi
Agentlik saytida joriy yil 19 sentyabr kuni “Sudlar shunday deb tursa, yana qaerga borayin?!” nomli maqola e’lon qilingan edi.

Ushbu maqolada Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanidagi “Guliston agro fayz” fermer xo‘jaligi namunali, ko‘p tarmoqli xo‘jaliklardan biri ekani, xo‘jalik yer maydoni tumanda klaster tashkil etilishi munosabati bilan joriy yil aprel oyida tuman hokimligi tomonidan noqonuniy tarzda olib qo‘yilgani bayon qilingandi.
Shuningdek, mazkur fermer xo‘jaligi rahbari A.Tursunxonovning fermerlik huquqlarini tiklab berishni so‘rab qilgan murojaati Ma’muriy ishlar bo‘yicha Quyi Chirchiq tumani va Toshkent viloyati sudi tomonidan rad etilgani, aslida fermer bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish va shu asosda xo‘jalik yer maydonini hokimlik zaxirasiga olish tartibi buzilgani, bu borada qonunchiligimizda belgilangan talablar bo‘yicha atroflicha fikr yuritilgan edi.

“Guliston agro fayz” fermer xo‘jaligi rahbari A.Tursunxonovning mazkur sud qarorlaridan norozi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudiga nazorat tartibida yozgan shikoyati 8 noyabr kuni Oliy sud Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rib chiqildi.
Ochiq sud majlisida Ma’muriy ishlar bo‘yicha tuman va viloyat sudlari qarorlari, shuningdek, Quyi Chirchiq tumani hokimi qarorining “Guliston agro fayz” fermer xo‘jaligi yer maydonini zaxiraga olishga oid qismi bekor qilinib, fermerning arizasi qanoatlantirildi.
Ha, biroz kechikib bo‘lsa-da, fermerning buzilgan huquqlari tiklandi, adolat qaror topdi. Holatga oid har ikki sud jarayoni – joriy yil 6 avgust kuni o‘tkazilgan Ma’muriy ishlar bo‘yicha viloyat sudi hamda 8 noyabrdagi Oliy sud Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining sud jarayoni ishtirokchisi sifatida meni bir narsa taajjubga soldi. Sudlarda bitta ish – “Guliston agro fayz” fermer xo‘jaligining yer maydoni olib qo‘yilishi bilan bog‘liq holat ko‘rib chiqildi. Ajablanarli tomoni, mazkur sudlar tomonidan qabul qilingan qarorlar bir-biriga zid bo‘ldi.
Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan sudlarning mustaqilligi, ochiqligi va shaffofligini ta’minlash bo‘yicha ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Buning samarasi hayotimizda o‘z aksini topayotgani bois tafsilotlarga ortiqcha to‘xtalib o‘tirishning hojati yo‘q, albatta. Modomiki shunday ekan, huquqi buzilgan fuqaro, tadbirkor yoki fermer qachongacha Oliy sudga chopishi kerak?