Nurotada milliy kashtachilik markazi barpo etilmoqda
Nurota tumanida asrlar davomida shakllangan milliy kashtachilik an’analarini asrab-avaylash, rivojlantirish va keng targ‘ib etish maqsadida “Naqshlar va nurlar” milliy kashtachilik markazi qurilishi boshlandi.
Majmua Xalq bankining 14,4 milliard so‘m mablag‘i hisobidan barpo etiladi. Unda Nurotaning boy kashtachilik an’analarini namoyish etish, mahalliy hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash, milliy hunarmandchilik mahsulotlarini keng targ‘ib qilish va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan.

Bu yerda milliy hunarmandchilik namunalari bilan tanishish, mahalliy ustalar ijodi va an’anaviy kashtachilik jarayonini kuzatish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, yangi maskanda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi daromadlarini oshirish rejalashtirilgan.
Markazda “Ustoz-shogird” an’anasini davom ettirishga keng imkoniyat yaratiladi.

Eng muhimi, “Naqshlar va nurlar” markazi Nurotaning milliy hunarmandchilik merosini asrab-avaylash bilan birga, uni zamonaviy turizm va tadbirkorlik imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirib, hududning iqtisodiy va madaniy hayotida yangi nuqtalardan biriga aylanishi kutilmoqda.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri