Nuroniylar ko‘ngliga yo‘l topib
Mamlakatimizda Yangi yil shukuhi kezib yurgan ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligidagi ijodiy guruh madaniyat va san’at rivojiga hissa qo‘shgan nuroniylar xonadonlarida bo‘lib, ular holidan xabar olmoqda.
Jumladan, vazirlik mutasaddilari professor Aziz To‘rayev xonadonida bo‘lib, ustoz bilan hamsuhbat bo‘ldilar. Muloqot domlaning teran mulohazalari, hayotiy saboqlari, bugungi dorilomon kunlar shukronasi bilan kechdi.

Mehnat faoliyatini Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi o‘rta maktabda o‘qituvchilikdan boshlagan Aziz To‘rayev tuman yoshlar qo‘mitasi kotibi, viloyat "Bilim" jamg‘armasi raisi, O‘zbekiston kinematografiyasi raisi, Toshkent davlat madaniyat instituti rektori kabi turli mas’uliyatli vazifalarda ishlagan. Katta tajriba orttirgan. Ko‘plab shogirdlar tarbiyalagan.
Domlaning ilm yo‘lidagi zahmatli, mashaqqatli va ayni paytda sharafli mehnati munosib e’tirof etilib, "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi" unvoni bilan taqdirlangan.

–Ochig‘i, shunday ulug‘ yoshda ham bildirgan taklif va mulohazalari, g‘ayrat-shijoatlariga havas qildik, – dedi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov. –Xulosamiz shu bo‘ldiki, o‘z kasbini chin dildan sevgan inson qaysi yoshda bo‘lmasin, hatto sochi oqargan pallalarda ham soha ravnaqi haqida qayg‘urishdan to‘xtamas ekan. Shuning o‘zi fidoyilikning haqiqiy namunasidir.
Suhbat asnosida nuroniy ustozga bayram sovg‘alari topshirildi. Yurtimizning ko‘plab yetakchi san’atkorlari, ustoz ijodkorlar xonadonlariga ana shunday bayram oldi tashriflar bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zA