Nuroniy va faxriylar xalqimiz ardog‘ida
Xotira va qadrlash. Bu tushunchalar zamirida xalqimizga xos ezgu fazilatlar mujassam, inson zoti naqadar aziz, mukarramligi o‘z ifodasini topgan.
Zero, vaqt — g‘animat, umr — o‘tkinchi. Bizdan qoladigan o‘chmas iz esa xayrli amallarimizdir.
Mamlakatimizda 9 may Xotira va Qadrlash kuni sifatida keng nishonlanishining boisi ham shunda. Ushbu sanada o‘tganlar nomi yodga olinib, keksa avlod vakillariga mehr-muruvvat, alohida e’zoz, ehtirom ko‘rsatiladi. Ezgu an’ana Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida tashkil etilgan tadbirda yana bir bor namoyon bo‘ldi.

Milliy madaniy markazlar vakillari, sohada ko‘p yillar ishlagan faxriylar ishtirok etgan tadbir doirasida bugungi dorilamon kunlar uchun jonini fido qilgan yurt farzandlari yod etildi. Ko‘pni ko‘rgan mehnat faxriylariga esdalik sovg‘alari topshirildi. Tarix sahifalariga o‘chmas harflar bilan bitilgan urush va mehnat faxriylarining jasorati, mardligi, matonati, zahmatli mehnati oldida ta’zim qilish, bugungi tinch va osoyishta hayotimizga shukrona keltirish, mustaqillikdek aziz ne’matning qadriga yetish lozimligi ta’kidlandi.
Keksa avlod vakillari yoshlarga o‘z hayot yo‘li, boshlaridan kechirgan og‘ir qiyinchiliklar haqida so‘zlab berdi.

- “Urushda g‘oliblar bo‘lmaydi”, deyishadi, bu so‘zlar bejiz aytilmagan, - deydi Ikkinchi jahon urushi front orti faxriysi Fauzeya Yusupova. – Yoshligim urush yillariga to‘g‘ri kelganligi sababli ko‘p mashaqqat chekdim. Urush yillari front ortida turib, askarlarga yordam qildik. Afsuski, o‘sha janglarda qatnashganlarning aksariyati bugun oramizda yo‘q. Tirik qolganlari ham sanoqli. Urush barchamizga ibrat bo‘lishi kerak, aslida. Dorilomon kunlar, tinch-osuda hayotning qadriga yetish kerak. Qonli maydonlarda jasorat ko‘rsatgan, o‘sha davrning achchiq qismatini boshidan kechirgan insonlar xotirasi doimo yodga olinadi. Biz singari urush va front orti vakillariga har yili moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi. Xalqimizning, davlatimiz rahbarining e’tibori, g‘amxo‘rligini doim his etib yashaymiz.

Anjuman doirasida milliy madaniy markazlar badiiy havaskorlik jamoalari tomonidan ozarbayjon, tatar, koreys, qirg‘iz, qozoq, belarus, boshqird, uyg‘ur, qrim-tatar tillarda qo‘shiqlar yangradi. Konsert dasturi ishtirokchilarga bayramona kayfiyat baxsh etdi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA