Nurobodlik yoshlar Respublika bosqichida
Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi kubogi musobaqalarining futbol bo‘yicha viloyat bosqichi yakunlandi.
“Millionlar o‘yini”ning final uchrashuvida Olot tumanining “Nurobod” va Kogon tumanining “Xo‘ja Yakshaba” mahalla fuqarolar yig‘inlari jamoalari maydonga tushdi. Murosasiz bellashuvda 1:0 hisobida zafar quchgan nurobodliklar bosh sovrin sohibiga aylandi. Natijada DXX kubogining Respublika bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Uchinchi o‘rin uchun kechgan o‘yinda Buxoro tumanining “Qavola Mahmud” mahallasi yoshlaridan penaltilar seriyasida 5:4 hisobida ustun kelgan Peshku tumanining “Qoraqalpoq” MFY jamoasi ham sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Musobaqa yakunida DXX kubogi g‘olib va sovrindorlarini tantanali tarzda taqdirlash marosimi bo‘ldi. Maxsus kuboklar va medallarni Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov va boshqa mutasaddilar o‘z sohiblariga topshirdi.
Tadbir respublikamiz san’at va so‘z ustalarining konsert dasturiga ulandi.

Ma’lumot uchun, DXX kubogi musobaqasining tuman(shahar) bosqichi viloyatda joriy yilning 5 aprel sanasidan 15 aprelga qadar o‘tkazildi. 544 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 18-30 yosh oralig‘idagi yoshlardan iborat 544 ta jamoa 107 ta guruhga bo‘lindi. Musobaqa ishtirokchilari viloyatning 67 ta maydonda tup surdi. Shahar va tumanlarning 4 ta hududlari kesimida har bir mahalla yoshlaridan tashkil topgan jamoalar g‘oliblik uchun bahslashdi. So‘ng hududlararo musobaqa o‘tkazildi.

Musobaqa uyushmagan, kam ta’minlangan, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari va xorijiy mamlakatlarda ishlab kelib, hozirgi kunda ishsiz bo‘lgan yoshlar hamda imkoniyati cheklangan fuqarolar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni, shuningdek, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb qilish, mini-futbol, futbol va shaxmat sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, ular orasidan iqtidorli sportchilarni aniqlashda muhim o‘rin tutadi.
Zarif Komilov,
O‘zA