Nukusning tunlari kundan-da yorqin
Qoraqalpog‘iston Respublikasining markazi Nukus shahri 1932-yilda tashkil topgan. Shaharning 60 yillik yubileyi munosabati bilan yozuvchi Shao‘dirbay Seytovning “Yerkin Qaraqalpaqstan” gazetasining 1992-yil 28-noyabr sonida “Muhabbatim, yoshligim, Nukus!” nomli essesi chop etilgan edi.
Psixologiyada ham, falsafada ham chin ixlos va ezgu niyat bilan qog‘ozga tushirilgan fikrlar yillar o‘tib moddiy olamda bo‘y ko‘rsatadi, degan qarash bor. Men biror fan olimasi emasman, balki ko‘rgan-bilganlarini, realist kuzatuvchi sifatida his qilganlarini keng jamoatchilikka taqdim etuvchi bir ijodkorman. Yozuvchi o‘sha essesida bo‘lajak Nukusni shunday tasvirlagan edi: “...Ko‘chalaring yashil daraxtlarga, nurli reklamalarga, ko‘p qavatli muhtasham binolarga to‘lsin!”
Oradan 34 yil o‘tdi. Yozuvchining bu qanotli so‘zlari, chin yurakdan bildirgan ezgu tilaklari do‘stlik va hamjihatlik evaziga bugun to‘liq ro‘yobga chiqdi. Shahrimiz yildan-yilga chiroy ochib, yashil makonlar barpo etilmoqda, zamonaviy ko‘p qavatli uylar soni ortmoqda.
Prezidentimizning “Bizning ulug‘ va ezgu maqsadimiz — birgalikdagi fidokorona mehnatimiz bilan Yangi O‘zbekiston tarkibida Yangi Qoraqalpog‘istonni barpo etishdir”, degan da’vati amalda o‘z isbotini topmoqda. Aynan so‘nggi ikki yil ichida Nukusda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar va mahallalar infratuzilmasining yaxshilanishi buning yorqin dalilidir.
Bugun shaharda 537 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘llar va 1 400 ta ko‘cha mavjud. Albatta, bu raqamlar vaqt o‘tishi bilan yanada kengayadi, chunki Nukus yil sayin chegaralarini kengaytirib, atrofdagi tuman mahallalarini (masalan, ilgari Nukus tumaniga qarashli bo‘lgan “Shodlik ovul”, “Navqon bog‘», “Qutli makon”, “Samanbay” kabi mahallalarni) o‘z tarkibiga olmoqda.
Taqqoslash uchun aytganda, 2014-2015-yillarda va undan oldin yiliga uzog‘i bilan 10 kilometr uzunlikdagi asfalt yo‘llar yotqizilgani katta yutuq hisoblanar edi. Ko‘pchiligimiz biladigan haqiqatni yozgim kelyapti. Yaqin yillargacha yomg‘ir yoqqan yoki qor erigan kunlarda ko‘chada yurish haqiqiy mashaqqat edi: oyoq kiyimimiz loy bo‘lmasligi uchun ustidan paket o‘rab olardik, kuz-qish kechalarida etigimizga yopishgan botqoqni eski pichoq bilan tozalab, yuvib, isitish quvuriga quritishga qo‘yardik. Muassasalarga kirishida oyoq kiyim tozalash uchun qo‘yilgan eski supurgi va suv to‘la tunuka idishlar kechagiday yodimizda. Bugun bu kunlarni eslasak, ham kulamiz, ham shukrona aytamiz.
So‘nggi ikki yil ichida “Tashabbusli byudjet” loyihasi asosida Nukusda 110 kilometr ichki yo‘llar asfaltlandi. Sohaga oid farmon va qarorlar ijrosi doirasida yana qo‘shimcha 38 kilometr asfalt yo‘l yotqizildi. Birgina “Go‘ne qal’a” mahallasidan o‘tuvchi Oqmang‘it ko‘chasida eni 22 metr, uzunligi 1 ming 100 metr bo‘lgan zamonaviy yo‘l yangilandi. Bu yo‘lovchilar va haydovchilar uchun chinakam tarixiy voqea bo‘ldi. Yo‘lovchilar aynan shu ko‘cha bo‘yida avtomobillar to‘xtab turganini yaxshi biladi.
Yodingizda bo‘lsa, bir yillari bozorlarda elektr isitish uskunalari savdosi juda "qizigan" edi. Bu xo‘jaliklarda tabiiy gaz bosimining kamligi va pastligini ko‘rsatuvchi jiddiy muammo edi. Xo‘sh, tabiiy gaz masalasiga e’tibor qaratildimi? Bu borada “Navqon bog‘", "Oq yog‘och", "Qo‘sh buloq", "Yo‘lchilar" mahalla fuqarolar yig‘inlarida 1980-1984-yillarda qurilgan tabiiy gaz quvurlari 2025-2026-yillarda yangilanib, 45,6 km dan ortiq yangi quvurlar yotqizildi. Ana shunday xayrli ishlar natijasida mahallalarda gaz bosimi oshib, aholi bugungi kunda tabiiy gazdan muammosiz foydalanmoqda.
Ilgari ob-havo biroz bulutlansa, ayniqsa yomg‘irli kunlari telefonni quvvatlab olishga shoshilardik. Yashiradigan joyi yo‘q, favqulodda holatlar uchun har bir uyning muzlatkichida sham saqlanar edi. Bugun bu voqealar ham deyarli unutildi hisob. Nukusda ikki yil davomida elektr tarmoqlarida keng ko‘lamli ishlar olib borildi. 74 ta yangi transformator qurilib, 183 tasi ta’mirlandi, 248 km uzunlikda SIP-kabellar tortildi. Yangi qurilishlar uchun esa 38 km uzunlikda SIP-kabel va 9 dona yangi transformator o‘rnatildi.
Nukusning qop-qorong‘i tunlari va sovuq ko‘chalarini unutmadingizmi? Faqat boy, o‘ziga to‘q xonadonlarning uyi oldida tungi chiroq yonib turar, ko‘chadagi yoshlar shu yerda suhbatlashib o‘tirishardi... Zimiston tunlarda talay jinoyatlar ham yuz bergan. "Bobo olib ketadi" degan gaplar bejiz aytilmagan bo‘lsa kerak — qop-qorong‘i ko‘chadan boshqa nimani ham kutish mumkin edi?
Xo‘sh, Nukusda tungi yoritishga qay darajada e’tibor qaratildi? Ikki yil davomida qirq bitta mahallaning ichki ko‘chalari to‘liq tungi yoritish tizimi bilan ta’minlandi, qo‘shimcha ravishda 1 ming 617 dona quyosh panelli tungi chiroq o‘rnatildi.
Qo‘shnining uyidan suv tashish muammosi hal bo‘ldimi? Toza ichimlik suvi bilan shahar 99,9 foizga qamrab olindi. Bunda 1980-1996-yillarda barpo etilgan eskirgan ichimlik suvi tarmoqlari ham qamrab olinib, to‘liq yangilandi. Bugun yonginamizda ichimlik suvi oqib turibdi. Chelaklab suv tashish va jamg‘arish kabi muammolar o‘z yechimini topdi. Hozirgi vaqtda xonadonlarda suv to‘la chelaklarni uchratmasangiz kerak.
Sir emas, ilgari biz piyodalar yo‘lagi deganda oddiy avtomobillar o‘tadigan yo‘lni tushunardik. Yillar o‘tib, piyodalar uchun ham maxsus yo‘lak bo‘lishi kerakligini anglab yetdik. Shaharda 41 kilometr uzunlikdagi piyodalar yo‘lagi qurilib, eng chekka hududlardagi yo‘llar atrofi ham obodonlashtirildi. Masalan, "Qum ovul", "Tadbirkorlar hududi", "Qutli makon", "Qutli qonis", "Yo‘lchilar", "Navqon bog‘", "Jayxun", "Telemarkaz" mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarida piyodalar uchun beton yo‘laklar barpo etildi.
So‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda xorijlik hamda mahalliy sayyohlar Nukus shahrining yam-yashil ko‘chalarini maqtab, minnatdorchilik bildirgan videolariga guvoh bo‘lyapmiz. Ikki yil ichida 4 gektar maydonda "Yashil makon" tashkil etilib, 18 ta mahallada dam olish maskanlari barpo etildi. "Yosh avlod" mahallasi to‘liq raqamlashtirish tizimiga biriktirilib, obodonlashtirish ishlari yakunlandi. "Zarbdor" tajribasi asosida "O‘rnak", "Mustaqillik", "Xalqlar do‘stligi", "Chimboy choyxona" mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlari qamrab olinib, amaliy ishlar izchil davom etmoqda.
Achchiq haqiqat shundaki, ilgari muammolari yashirilgan makonlardan biri Nukus dehqon bozori edi. Xalqimizning yog‘ingarchilik kunlarida emin-erkin xarid qilishi uchun hech qanday imkoniyat yo‘q edi. Bugun esa hammasi butunlay boshqacha! Hatto ilgari bunday zamonaviy bozorni tasavvur ham qila olmasdik.
Bugun Nukusning keng va asfaltlangan ko‘chalarida, tunda charog‘on yonib turgan nurli chiroqlarida, yangidan qad rostlagan muhtasham binolarida hamda har bir mahallaga kirib borgan obodonchilik va bunyodkorlik ishlarida shu ezgu niyatlar moddiy shaklga aylanganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Biz obod manzilda — Yangi O‘zbekistonda yashamoqdamiz.
Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga safari chog‘ida Nukusdagi “24/7” ko‘chasiga tashrif buyurgani, u yerda sayr qilib yurgan aholining davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorchilik bildirgani ushbu islohotlarning amaliy natijasidir. Shahrimizdagi 41 kilometrlik ozoda piyodalar yo‘lagida, 1 ming 617 ta quyosh panelli chiroqlar nurida, obod mahallalarda yashayotgan yurtdoshlarimizning yuzidagi mamnunlikni ko‘rib, qanday qilib to‘lqinlanib ijod qilmaslik mumkin?!
Ertangi Nukusning go‘zalligi va mahobati qanday bo‘lishini tasavvur qilish qiyindir. Ammo, yildan-yilga yashnab va chiroy ochib borayotgan jonajon shahrim yorqin kelajak sari dadil odimlayotgani aniq.
Elmira Sagalatdinova,
Nukus shahar hokimligi axborot xizmati rahbari
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA