Nukusda yosh polvonlar bellashdi
FOTOREPORTAJ
Nukus shahrida 2013–2014-yillarda tug‘ilgan o‘smirlar va qizlar o‘rtasida Kurash mahorat maktabining ochiq birinchiligi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur musobaqa O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi birlashgan qo‘mitasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi kurash federatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Musobaqada Kegeyli, Bo‘zatov, Shumanay, Qonliko‘l, Amudaryo, To‘rtko‘l tumanlari va Nukus shahridan jami 100 nafarga yaqin iqtidorli sportchi ishtirok etib, o‘z vazn toifalarida bellashdilar. Qiziqarli va murosasiz kechgan bahslar yakunida g‘olib hamda sovrindorlar aniqlandi.
[gallery-28493]
Musobaqa natijalariga ko‘ra, o‘smirlar o‘rtasida Qonliko‘l tumanidan Oqilbek Ko‘beysinov (33 kg), Amudaryo tumanidan Farruh Ozodboyev (40 kg) va Umidjon Allambergenov (+65 kg), Nukus shahridan Islom Qidirniyozov (48 kg) hamda Oybek Kenjaboyev (56 kg) o‘z vazn toifalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Qizlar o‘rtasida esa Amudaryo tumanidan Umida Sa’dullayeva (30 kg), To‘rtko‘l tumanidan Nurana Otaboyeva (36 kg), Shumanay tumanidan Ozoda Shariboyeva (52 kg) va Nukus shahridan Aygera Kuraxova (+52 kg) birinchi o‘rinni egalladi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA