Nukus koʻchalarida harbiy navolar yangramoqda
Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati OʻzAga maʼlum qildi.
“Mega Nukus” koʻngilochar savdo majmuasi oldida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug harbiy xizmatchilari tomonidan “Vatanparvarlik – milliy yuksalish kafolati!” shiori ostida vatanparvarlik festivali oʻtkazildi.
Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati OʻzAga maʼlum qildi.
Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestri hamda tashabbuskor ijodkor harbiylar tomonidan ijro etilgan kuy va qoʻshiqlar yigʻilganlarda vatanparvarlik tuygʻulari yanada joʻsh urishini taʼminladi. Orkestr sadolarining jonli ohangidan tomoshabinlar hayajonga kelib, unutilmas onlarni telefoniga muhrlay boshladi.
– Xoʻjaylidan keldim, – dedi “Xorazm lazgi”sini maroq bilan tinglayotgan Munavvar Eshjonova. – Harbiylar tomonidan oʻtkazilayotgan konsertda ilk marotaba qatnashyapman. Toʻgʻrisini aytsam, hayajondaman. Vatanimizni himoya qilayotgan harbiylar bir qoʻlida qurol, bir qoʻlida soz bilan xalqimizning tinchligini taʼminlab, koʻnglini olishi tahsinga sazovor. Chekka tuman va qishloqlarda ham harbiylar bilan uchrashuvlar koʻproq tashkil etilishini istardim.
Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 5-sentyabrdagi “Xavfsizlik va mudofaa sohasidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunining 3-moddasiga muvofiq, “Harbiy qasamyod” matni “Vatanga qasamyod” matniga oʻzgartirilgan edi. Festival doirasida harbiy xizmatchilar yigʻilganlarga “Vatanga qasamyod” matnini yetkazishdi.
Faxriy qorovul vzvodi va muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan qoʻl jangi elementlaridan iborat koʻrgazmali chiqishlar davraga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.