Notarial idoralardagi muammolar hal etiladimi?
Oʻzbekiston Notarial palatasi tashkil etildi. Uning huquqi va majburiyatlari nimalardan iborat?
Oʻzbekiston Notarial palatasi tashkil etildi. Uning huquqi va majburiyatlari nimalardan iborat? Nega davlat notarial idoralari bosqichma-bosqich nodavlat notarial idoralariga oʻtkazilmoqda? Bugungi kunda nodavlat notarial idoralarining soni qancha? Ularning faoliyati xalqqa manzur boʻlyaptimi? E-notarius.uz axborot portalining aholi uchun qanday afzalliklari bor?
OʻzA muxbiri yuqoridagi savollarga javob olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi raisi Dilshod ASHUROV bilan suhbatlashdi.
– Oʻzbekiston Notarial palatasini tashkil etish Prezidentimizning 2019-yil 9-sentyabr “Oʻzbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida ilgari surilgan edi. Palata Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi “Oʻzbekiston Notarial palatasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tashkil etildi, – deydi D. Ashurov. – Davlatimiz rahbari tomonidan 2020-yil 14-yanvar kuni “Notariat tizimi tubdan isloh qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni imzolandi.
Palataning vazifalari mazkur qonunda aniq belgilangan. Xususan, palata zimmasiga xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyatini muvofiqlashtirib borish, qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish, shuningdek, qonun hujjatlarining bir xil tarzda qoʻllanilishiga doir takliflar ishlab chiqish vazifalari yuklatilgan.
Shuningdek, nizolarning oldini oluvchi institut sifatida notariatning rolini mustahkamlash, notariuslik kasbi nufuzini oshirish, xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarning kasbiy tayyorgarligi va malakasi oshirilishi hamda ularning fuqarolik javobgarligi majburiy sugʻurtalanishini tashkil etadi. Notarial harakatlar boʻyicha tavsiyaviy xususiyatga ega boʻlgan uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqadi. Tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan notarial faoliyat masalalari boʻyicha hamkorlik qiladi.
– Xususiy notariuslar avval ham boʻlgan. Nega ularning faoliyati toʻxtatilgan edi?
– Haqiqatdan ham xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar Oʻzbekiston notarial sohasi uchun yangilik emas. 2010-yilga qadar mamlakatimizda bir qancha xususiy notarial idoralar faoliyat yuritgan. Biroq 2010-yilning 15-mayidan boshlab mamlakatimizda bu kabi markazlar faoliyati butunlay toʻxtatilgan edi. Bunga esa xususiy notarial idoralari tomonidan qonunga zid hujjatlarni tasdiqlash hollari koʻpaygani hamda gʻarazli maqsadni koʻzlab oʻzlarining xizmat vakolatlarini suiisteʼmol qilgani asosiy sabab boʻlgan. Ammo bu bilan sohadagi muammolarga yechim topilmadi. Aksincha, Oʻzbekistonda xususiy notariuslar faoliyati toʻxtatilgach, fuqarolar ushbu xizmatdan foydalanishda qator qiyinchiliklarga duch kela boshladi. Xususan, davlat notarial idoralari yoʻlaklaridagi uzundan uzun navbat va xizmat uchun asoslanmagan narx qoʻyish holatlari aholining haqli noroziligiga sabab boʻldi. Notarial idoralardagi ortiqcha vaqt va mablagʻ yoʻqotishlar, xodimlar sonining kamligi tizimdagi asosiy muammolar edi. Bu kabi holatlarning tez-tez sodir boʻlishi oʻz-oʻzidan sohada yangi islohotlarni amalga oshirish, tizimdagi mavjud muammolarni ijobiy hal etish, bu orqali esa aholiga qulaylik yaratish zaruratini yuzaga keltirdi. Yuqoridagi qayd etilgan farmon ana shunday holatlarni bartaraf etishga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi.
Farmonda qayd etilganidek, davlat notarial idoralari bosqichma-bosqich xususiy tipdagi notarial tizimga aylantirilishi belgilangan. Shunga muvofiq, joriy yilning birinchi mayidan Andijon, Fargʻona, Namangan, Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari hamda Toshkent shahrida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyati tashkil etildi. Quvonarlisi, ushbu mexanizmning amaliyotga tatbiq etilishi aholining notarial xizmatlarga boʻlgan talabini qondirish, notariat sohasida erkin raqobat muhitining shakllanishi, ortiqcha byurokratiya va korrupsiya holatlariga barham berishga xizmat qiladi. Qolaversa, endilikda notarial idorada ortiqcha navbat kutish holatlariga barham beriladi. Chunki qonunda xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarning eng kam soni belgilab berildi, eng koʻp soni esa aksincha, chegaralanmadi. Bu esa oʻz-oʻzidan aholiga tez, ishonchli va sifatli notarius xizmati koʻrsatishga xizmat qiladi. Shuningdek, bundan buyon fuqarolar haftaning istalgan kunida notarius xizmatidan foydalanishi mumkin boʻladi.
– Xususiy notariuslar faoliyatini tashkil etishning afzalliklari nimada?
– Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyatini tashkil etishning afzalliklari juda koʻp. Jumladan, davlat notarial idoralari faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq davlatning resurslari toʻliq tejaladi. Notariuslarning sodir etgan qilmishlari hamda jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazgan zararlari uchun davlat javobgar boʻlmaydi. Notarial xizmatlarni koʻrsatishda sogʻlom raqobat muhiti yaratiladi. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar sonining cheklanmaganligi evaziga notarial idorada navbatda turish va ortiqcha byurokratiya holatlariga toʻliq barham beriladi. Respublika boʻyicha qoʻshimcha shtat birliklari joriy etish bilan bogʻliq ortiqcha ovoragarchiliklarning oldi olinadi. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslarda ishchilar soni, ish vaqti va dam olish vaqti chegaralanmaganligi hisobiga notarial xizmatlar sifati va tezkorligi oshirilishiga erishiladi. Notariuslarning foyda koʻrishga boʻlgan qiziqishi uchun notarial idoralardagi korrupsiya omillariga barham beriladi.
– Xususiy notariuslar ochilishi noqonuniy harakatlarni koʻpaytirmaydimi?
– Unday emas. Xususiy notariuslar faoliyati Adliya vazirligi tomonidan qatʼiy nazorat qilinadi. Notarial harakat bilan bogʻliq barcha ishlar elektron tizimda bajariladi va ularning tarixi saqlanadi. Jarayonlar onlayn nazorat qilinadi, noqonuniy harakatlar toʻxtatiladi.
Notarial harakatni rasmiylashtirish uchun kerakli maʼlumotlar va shaxsning barmoq izi tizim orqali elektron tekshirilishi sababli ularning soxtalashtirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Toʻlovlar elektron hisoblanadi va toʻlanadi, fuqaro sms xabar orqali toʻlov summasini tasdiqlaydi. Notarius noqonuniy harakati natijasida yetkazilgan zararni toʻliq qoplaydi. Notariusning javobgarligi majburiy sugʻurtalanadi.
Bugungi kunda xususiy notariuslar soni 700 dan ortiq boʻlib ular aholiga sifatli va tezkor xizmat koʻrstamoqda.
– E-notarius.uz axborot portali ishga tushirilgan. Uning qanday afzalliklari bor?
– Mazkur axborot portali respublikamiz aholisi foydalanishi uchun moʻljallangan. Unda notariuslarning joylashgan oʻrni, kontaktlari, ularning ish jadvali toʻgʻrisida maʼlumot olishingiz, shuningdek, notarius bilan uchrashuvga yozilishingiz va notariuslarning roʻyxati bilan tanishishingiz mumkin. Hafta kunlariga qarab viloyat yoki tuman boʻyicha maʼlumotlar joylangan.
Bundan tashqari, notarial harakatlar, notarial harakatni amalga oshirgandan keyin notarius idorasiga taqdim etilishi kerak boʻlgan hujjatlar toʻgʻrisida maʼlumot olish mumkin. Ushbu axborot portali mobil qurilmalar uchun ham optimallashtirilgan.